Madaniy meros obektlarida 120 dan ortiq reklama bannerlari o‘rnatilgani aniqlandi

O‘zbekiston 07:47 / 27.05.2022 2931

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, unda qonunchilik talablariga zid ravishda 72 ta obektlarga 121 ta reklama o‘rnatilgani aniqlangan.

Buxoroda 27 ta madaniy meros obektida 50 ta, Samarqandda 25 ta obektda 45 ta, Toshkent shahrida 18 ta obektda 24 ta, Xivada 2 ta obektda 2 ta reklama banneri o‘rnatilgan. 

Xususan, Buxoro shahrida joylashgan noyob arxitektura yodgorligi toifasiga kiruvchi XIX asrga oid “Ibrohim Oxund” madrasasida 6x3 o‘lchamdagi “Go‘zallik saloni” reklama banneri o‘rnatilib, obektning tarixiy ko‘rinishi to‘liq yopib qo‘yilgan.

Poytaxtdagi XX asrga oid “Bahor” restorani binosida 7x9 o‘lchamdagi “Bilyard va restoran” reklama banneri o‘rnatilib, bino tarixiy ko‘rinishi ko‘rimsiz holatga keltirilgan.

O‘rganishlar davomida 53 ta obektda noqonuniy o‘rnatilgan 99 ta reklama bannerlari olib tashlanishi ta’minlanib, madaniy meros obektlari ko‘rinishi asl holatiga qaytarilgan. 

19 ta obektda noqonuniy o‘rnatilgan 22 ta reklama bannerini olib tashlash yuzasidan mutasaddi shaxslarga yozma ko‘rsatmalar berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: