Viloyat hokimlariga sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi

O‘zbekiston 16:51 / 26.05.2022 6811

Prezident raisligida sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

Joriy yilning o‘zida 2 mingta loyihani amalga oshirish, 110 mingta yangi ish o‘rni yaratish va 1 milliard dollar qo‘shimcha eksportni ta’minlash uchun imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

O‘tgan besh yilda 19 ta erkin iqtisodiy zona (ungacha atigi 3 ta bor edi) va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularda 10 trillion so‘mlik 1 mingdan ortiq loyiha ishga tushirildi.

Natijada 100 mingta ish o‘rni yaratilib, yiliga qo‘shimcha 45 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarila boshlandi.

Shuningdek, sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion so‘mdan ziyod soliq tushumlarini ta’minlamoqda.

«Asosiysi, har bir tumanga sanoat kirib bordi, olis va chekka hududlarda yangi ishlab chiqarishlar paydo bo‘lmoqda», dedi prezident.

Xususan, besh yil avval sanoat umuman bo‘lmagan 11 ta tumanda 205 ta yangi korxona ish boshlab, bugungi kunda ularda sanoat hajmi 2 barobar oshdi.

Yig‘ilishda sanoat zonalarini rivojlantirish borasida hududlarda qilinadigan ishlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, 96 ta kichik sanoat zonasining bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani bois ularda 3,5 trillion so‘mlik 648 ta tayyor loyihalar boshlanmasdan turgani ta’kidlandi. 

Xuddi shunday, sanoat zonalari maydonlarining 37 foizi elektr, suv, gaz, yo‘l va kanalizatsiya bilan ta’minlanmagani tanqid qilindi.

Shuningdek, sanoat zonalarida loyihalarni boshlash uchun tadbirkorlar 5 ta bosqichli jarayondan o‘tib, 10 turdan ortiq hujjatlarni taqdim etishi lozim (bunga 3 oygacha vaqt sarflanmoqda).

Oqibatda hozirda Buxoroda 10 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Samarqand va Farg‘onada 1 tadan loyiha boshlanmay turibdi.

«Biz Taraqqiyot dasturimizda kelgusi besh yilda sanoatni 1,4 baravarga oshirishni maqsad qilganmiz. Bu – juda katta marra.

Shuning uchun, har bir viloyat, tuman va shahar hokimi yangi tashabbuslar ko‘rsatishi, tadbirkorlarni topib, loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha o‘zlarining aniq rejalariga ega bo‘lishlari zarur», dedi davlat rahbari.

Bugungi yig‘ilishda qabul qilinadigan qarorlar bilan kerakli shart-sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi.

Eng avvalo, sanoat zonalarida bo‘sh turgan 6,6 ming gektar maydonning elektr, suv, yo‘l va boshqa infratuzilma masalalari hal qilib beriladi.

Prezident topshirig‘iga asosan maxsus ishchi guruh sanoat zonalarining infratuzilmasini xatlovdan o‘tkazdi va tumanma-tuman loyihalar ro‘yxatini shakllantirdi.

Shu munosabat bilan mutasaddilar, viloyat hokimlariga:

  • bir oy muddatda 40 ta sanoat zonasidagi 120 kilometr yo‘l bo‘yicha pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini boshlash;
  • 1 oktyabrga qadar 246 ta sanoat zonasini elektr tarmog‘i, transformator va podstansiyalar bilan ta’minlash;
  • joriy yilda 200 ta sanoat zonasida 555 kilometr suv tarmog‘i va 110 ta suv inshootini qurib yakunlash topshirildi.

Umuman, sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda 1,5 trillion so‘m yoki 2021 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Yig‘ilishda hokimlarning ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalari qoniqarsiz ekani qayd etilib, bir hafta muddatda ushbu rejalarni ajratilayotgan mablag‘larga mos ravishda qayta ko‘rib chiqishga topshiriq berildi.

Umuman, viloyat hokimlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yil yakuniga qadar sanoat zonalarida 2 mingta yangi loyihani ishga tushirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat hokimlari oldiga bu loyihalar hisobiga qo‘shimcha 110 mingta ish o‘rni yaratish, 17,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, kamida 1 milliard dollarlik eksport qilish uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, infratuzilmasi hal etilgan sanoat zonalarida 1 mingdan ziyod yangi loyihaga yetadigan yer maydonlari mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ikki oy muddatda 174 ta maxsus zonada kamida 250 ta yer maydonini auksionga chiqarib, loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi.

Ko‘proq yangiliklar: