Bu kvartiraning ijara to‘lovi oyiga 30 mln so‘mdan ko‘p - “Inshoot” loyihasining ilk soni

Jamiyat 20:38 / 26.05.2022 23160

Birinchi videomizda – Toshkent markazida joylashgan, 130 kvadrat metr maydonga ega, xaridi, ta’miri va jihozlashi jami 300 ming dollarga aylangan HiTech-kvartira bilan tanishtiramiz.

Ko‘plab o‘zbek xonadonlarida o‘rnatilgan darvozalar, hovlidagi ustunlar, shiftdagi dekoratsiyalar, devordagi gulqog‘ozlar, poldagi gilamlar, xonalardagi mebellar, dasturxondagi idishlar va hokazolarni birlashtirib turuvchi bir element bor: yaqqol ko‘zga tashlanib turuvchi yaltiroq bezaklar, hashamdor va gulli naqshlar.

Oxirgi yillarda qurilish va ta’mirlash sohasida bu jimjimadorlikning butkul teskarisi – haytek va minimalizm urfga kirmoqda.

Intererning bu yangi yo‘nalishi har qanaqa yaltir-yulturdan xoli ekani, asosan yevropacha monoton ranglar qo‘llanishi, sokinlik va mukammallikni o‘zida aks ettirishi, xonadon maydonidan maksimal unumli foydalanishi, eng muhimi – qimmat va sifatli chet el qurilish materiallari va jihozlari ishlatilishi bilan ajralib turadi.

Haytek uslubida uy qurish yo ta’mirlash odatdagidan uzoqroq vaqt davom etadi. Turgan gapki, bu yo‘nalishda dizayn xizmatlari ham arzon turmaydi. Xo‘sh, shahar markazida joylashgan 100 kv.m.dan oshiq xonadonning haytek uslubidagi pardoziga o‘rtacha qancha mablag‘ sarf qilinadi?

“Inshoot”loyihasining ilk soni shu savolga javob berishni maqsad qildi. Biz Toshkent shahrining Yunusobod tumani Markaz-4 dahasida joylashgan “Do‘stlar” turar joy majmuasida bo‘ldik.

“Do‘stlar” TJ majmuasi “Murad Buildings” kompaniyasi tomonidan 2018 yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, o‘ziga xos arxitekturaga ega. Majmuaning ichki va tashqi intereri haytek yo‘nalishida. Asosiy bino 8 qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatda 2 tadan xonadon joylashgan.

Biz suratga olgan xonadon – 7-qavatda. Xonadonni sotib olish, loyihalash va ta’mirlashga jami 300 000 dollar sarflangan. Umumiy maydoni – 130 kv.m.

Xonadon oshxona va dam olish xonasi umumiylashtirilgan – studiya, 2 ta yotoqxona va 2 ta yuvinish xonalariga bo‘lingan. Dizayn loyihasi puxta tuzilib, zamonaviy usulda pardozlangan.

Studiya oshxona va dam olish burchagiga bo‘lingan, xonada umumiy 4 ta panorama oynalar va ichki hovliga qaragan balkon bor. Oshxona va dam olish hududini ajratish maqsadida, studiyaning shift qismi ikkiga ajratilgan. Xonani yoritishda ham dekorativ chiroqlar, ham effektiv yoritish moslamalari did bilan joylashtirilgan.

Oshxona maydonida barcha kerakli buyumlar puxta joylashtirilib, ovqatlanish uchun joy ajratilgan. Ish stoli kvarsdan, ovqatlanish stoli esa shponlangan MDFdan ishlangan. Sovitkich, isitish qozoni, boyler va kollektorlar urfga aylanayotgan usulda mebel ichiga “yashirilgan”. Idishlar va turli oshxona anjomlarini sig‘dirish uchun shkaflar va tortmalar talaygina.

Yumshoq hudud, ya’ni dam olish maydonida transformatsiya qilinuvchi yorqin rangdagi divan, televizor va konditsioner – bir-biriga uyg‘un ko‘rinishni hosil qilgan. Televizor joylangan devor qisman keramogranit bilan qoplangan. Xonada, shuningdek, oynali javon ham bor.

Yotoqxonaning loyihasi qiblaga e’tibor qaratgan holda rejalashtirilgan. Xonada yotoq, torsher, ayollari pardozjoyi, garderob-zona va master yuvinish xonasi joylashgan. Xonada vertikal radiator, bejirim pol-tortma, televizor va konditsioner ham joy olgan. Garderob zonaning ochiq holdaligi esa – yangilik.

Ikkinchi yotoqxona ham neytral ranglarda pardozlangan bo‘lib, 2 ta yotoq, ish burchagi va kiyinish xonasidan iborat.

Pardozlash davomida ko‘p qurilish materiallari xorijdan olib keltirilgan. Shu sababli ta’mirlash va jihozlash xarajatlari kvadratiga 700 dollardan, umumiy 90 ming dollarga borgan. Uyning tan narxi bilan qo‘shganda 300 ming dollarga aylangan. Hozirda xonadonning ijara narxi oyiga $2000-3000ni tashkil qiladi.

Ko‘rsatuv davomida qurilishga oid shu va boshqa qiziqarli ma’lumotlarni bilib olishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: