“3-4 yilda oladigan qarorlaringiz 50-60 yillik umringizni belgilab beradi” – jamoat faollarining bitiruvchilarga tilaklari

Jamiyat 21:31 / 25.05.2022 6732

“Barcha orzu-niyatlaringiz amalga oshsin”

Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Senati raisi

t-OLIgP5Z3ZiogcK7oW8gstRjBXmTs9F.jpg (1280×853)
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

– Sizlarni beg‘ubor o‘quvchilik davringizni ortda qoldirib, shu yillar davomida qadrdon bo‘lib qolgan maktabingiz, ota-onadek g‘amxo‘r ustozu murabbiylaringiz bilan xayrlashib, ezgu orzu-niyatlar ila hayotingizdagi yana bir mas’uliyatli bosqichga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy tabriklaymiz.

Ishonamanki, sizlar o‘qib-o‘rganishda davom etib, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan fidoyi va vatanparvar insonlar bo‘lib yetishasizlar.

Barcha orzu-niyatlaringiz amalga oshsin, mustaqil hayot sari qo‘ygan qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!

“Aminmanki, oldingizga to‘g‘ri va aniq maqsadlarni qo‘yib olgansiz”

Baxtiyor Saidov, Xalq ta’limi vaziri

Foto: Facebook / Baxtiyor Saidov

–Sizlarni o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir karra qutlab, barchangizga Vatanimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shuvchi barkamol avlod bo‘lib yetishishingizni tilab qolaman!

Aziz bitiruvchilar! Sizlar maktabdan ketib, katta hayotga qadam qo‘yyapsiz, aminmanki, oldingizga to‘g‘ri va aniq maqsadlarni qo‘yib olgansiz va mustaqil hayotda maktabda olgan bilimlaringiz bilan, albatta, ustozlaringiz yuzini yorug‘ qilib, muvaffaqiyatlarga erishasiz. Sizlarga katta hayot yo‘lida barcha ustozlaringiz va o‘zim nomimdan omad va zafarlar tilab qolaman! Har biringizga Vatanimiz ravnaqini yuksaklarga ko‘taradigan farzand bo‘lishingizni tilayman!

“Dunyo faqat bilimlilarga bo‘y beradi”

Hilola Umarova, Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori:

– Bugun siz tahsil olayotgan, ikkinchi uyingizga aylanib ulgurgan maktabingizda siz uchun so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglamoqda.

Shuni unutmangki, maqsad sari intilishdagi eng muhim narsa bu chekinmaslik va to‘xtab qolmaslikdir. Har doim bilim olishda, o‘z ustingizda ishlashda davom eting - sizning harakatlaringiz va mehnatingiz bir kuni albatta, o‘z samarasini beradi.

 O‘z dunyoqarashingizni kengaytirish, yangi marralarni zabt etish uchun albatta til o‘rganing, ko‘proq kitob o‘qing va yangiliklarni kuzatib boring. Ishonchingiz komil bo‘lsin, dunyo faqat bilimlilarga bo‘y beradi.

Shu o‘rinda bitiruvchi qizlarimizga alohida tilaklarim bor: o‘z orzu va maqsadlaringiz sari dadil boring. Yangi sohalardan qo‘rqmang; bugungi bozorning eng talabgir sohalaridan biri bo‘lgan IT sohasini o‘rganing. Bu sohada muvaffaqiyatga erishishingizga aslo shubha qilmang. 

Men faoliyatim davomida axborot texnologiyalari sohasida yutuqlarga erishgan, bu boradagi stereotiplarni sindirgan ko‘plab qizlarni ko‘rganman. Shunday ekan, doim olg‘a boring, qiyinchiliklardan qo‘rqmang. Men sizlarga ishonaman.

“Neki ish boshlasangiz, ortingizda oilangiz, Vataningiz bor”

Abduqodir Toshqulov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

– Aziz yoshlar, bugun siz kichik vujudingiz bilan katta hayotga qadam qo‘ymoqdasiz. Hech qachon yodingizdan chiqarmang – Sizda shunday ulkan bir vazifa borki, siz buyuklar avlodisiz, allomalar vorislarisiz. O‘zbekiston kelajagi uchun tashlayotgan pok qadamlaringiz hali ulkan islohotlar uchun odim bo‘lgusi.

Bilasizmi, bugun maktab uzra jaranglagan qo‘ng‘iroq sadolari kabi Sizning ovozingiz, so‘zingiz ham butun jahonda baland yangrashiga, bilimingiz va salohiyatingiz dunyo bo‘ylab parvoz qilishiga ishonaman.

Shu xalq, shu millatning qorako‘zlari, aziz bitiruvchilar! Bilingki, Yangi O‘zbekistonning, matonatli elimizning va ota-onangizning bor orzu-umidlari Sizdan. Shu bois, eng avvalo ota-onangiz va ustozlaringiz pand nasihatlariga amal qiling. Yaxshi kasbni tanlang, mamlakatimizdagi 160 dan ziyod oliy o‘quv yurtining eng ilg‘orlarida o‘qish nasib etsin va sohangizda eng birinchisi bo‘ling. Tilagim – yangi maqsadlar sari bosayotgan dadil qadamlaringiz Sizni Vatan roziligi va “hazrati inson” bo‘lishga yetaklasin!

Bitiruvchi yigit-qizlarim, siz har biringiz g‘ururimiz, sha’nimizsiz! Mehr bilan asrab-qo‘riqlagan gulimizsiz.

Unutmangki, bugungi hayot shirin ne’matlar va achchiq xatarlarga to‘la. Shunday toblaningki, qarshingizda yashirinib turgan vaqt o‘g‘rilari – axborot huruji, dangasalik, loqaydlik, beqarorlik, vaqtichog‘lik, tushkunlik kabi tuzoqlar yo‘lingizni aslo to‘sa olmasin. Agar bir onga o‘zligingiz, yaratilmoq maqsadingiz, ajdodlaringiz, nasabingiz kim ekanligini unutsangiz, atrofda izg‘ib yurgan hurujlar Sizni o‘z domiga tortib ketadi. Shu bois, neki ish boshlasangiz, ortingizda oilangiz, Vataningiz, Siz uchun har qanday sharoit yaratib berishga tayyor Prezident va kelajak taqdiri qarab turganini qalban his eting! Zero, zahmatkash xalqimiz qurayotgan Renessans poydevori Siz bo‘lasiz.

“Ilm yoki hunar har qanday maqsadga tezroq yetishga, orzularga osonroq erishishga yordam beradi”

Komil Allamjonov, Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi

Foto: Telegram / Komil Allamjonov

– Hurmatli bitiruvchilar! Siz bugun katta va uzun yo‘lning boshida turibsiz. Bu yo‘lda barchangizga omad yor bo‘lishini tilayman.

Agar hayotda o‘z o‘rningizni topmoqchi bo‘lsangiz, ilm va hunar oling. Boy-badavlat yashamoqchi bo‘lsangiz ham ilm va hunar oling. Baxtli yashamoqchi bo‘lsangiz ham albatta ilm oling. Oilangiz, farzandlaringiz sog‘lom bo‘lishini xohlasangiz, albatta, bilimli bo‘lishga intiling.

Albatta, yaxshi o‘qimasdan hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lganlar ham topiladi. Lekin bunday sanoqli holatlar juda mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishga, alaloqibat baribir bilim o‘rganishga majbur qiladi. Lekin ilm yoki hunar har qanday maqsadga tezroq yetishga, orzularga osonroq erishishga yordam beradi.

“Ilm olishga imkoniyat yo‘q, maktabda yomon o‘qitishdi, ta’lim yaxshi emas”, degan gaplarning hammasi g‘irt bahona. Bu sizni yupatadi, faqat orqaga qaytaradi, bu sizning oldingizdagi to‘siq. Agar siz shu to‘siqni yengib o‘ta olsangiz, hech narsani o‘ylamay ilm olsangiz, hunarli bo‘lsangiz, shunda yutasiz.

Yana bir bor aytaman, yaxshi yashamoqchimisiz? Orzularingizga yetmoqchimisiz? Unday bo‘lsa, ilm yoki hunar oling. Eng zo‘ri bo‘ling. Shunda siz hammaga kerak bo‘lasiz.

Alloh hammangizning omadingizni bersin!

“3-4 yilda oladigan qarorlaringiz 50-60 yillik umringizni belgilab beradi”

Behzod Mamadiyev, Amerika ovozi jurnalisti

Foto: Behzod Mamadiyev

– Maktabni bitirib, mustaqil hayot ostonasini hatlab o‘tayotgan yoshlarni bu muhim yutuq bilan tabriklayman.

Hayotingizda hammasi endi boshlanyapti. Eng katta yutuqlaringiz ham, eng katta xatolaringiz ham endi yuz beradi.

Hammasi o‘z qo‘lingizda. Oq-qorani taniydigan, nima siz uchun uzoq muddatda foydali, nima zararli ekanining farqiga boradigan yoshdasiz endi.

Kelasi 3-4 yilda oladigan qarorlaringiz qolgan 50-60 yillik umringizni belgilab beradi. Hayotingizni shunga moslab rejalang.

Ko‘proq yangiliklar: