Tog‘li Badaxshon: Tojikistonning og‘riqli nuqtasiga aylangan o‘lka

Jahon 09:45 / 22.05.2022 39365

Muxtoriyat tarixi

O‘tgan asrda Tog‘li Badaxshon bir necha marta maqomini o‘zgartirgan. Bundan deyarli 100 yil avval, 1923 yilning 15 avgustida Pomirda sovet ittifoqi hokimiyati rasman e’lon qilinganidan keyin uning aholi yashaydigan barcha hududi Buxoro sovet sotsialistik respublikasi tarkibiga kiritiladi. 1925 yilning 2 yanvardagi farmon bilan Tog‘li Badaxshon avtonom oblast shaklida Tojikiston tarkibiga o‘tkaziladi

Pomirliklar

Bu alohida va o‘ziga xos mavzu. Tog‘li Badaxshon hududi 64 100 km kvadrat bo‘lsa-da, asosiy maydonini baland tog‘lar egallagani uchun aholisi kam – 230 ming atrofida odam yashaydi. Lekin Tojikiston aholisining 2-2,5 foizini tashkil qiluvchi hudud aholisi mutlaq o‘ziga xos insonlar. Ularning aksariyati o‘zlarini tojik deb hisoblashmaydi. «Biz dunyo tomi hisoblangan Pomirda yashaymiz va pomirliklarmiz» deya faxrlanishadi. E’tiqodlari ham mamlakatning asosiy aholisinikidan farqlanadi va ko‘proq shia mazhabining ismoiliylar oqimini mahkam ushlashadi. Aholi orasida ismoiliy yetakchilari bo‘lgan Og‘a-xonlar ta’siri katta va ularning jamg‘armalari yordamiga ko‘p suyaniladi.

Tillarida ham keskin tafovut bor va shu kichik aholi ichida ham bir-birini tushunmaydigan darajada farqli gaplashadiganlar talaygina. Hudud ahli mehmondo‘st, hanuz murakkab sharoitlarda yashasa-da shaharda muqim qolishni qabul qila olmaydi va boshqalarga aralashib ketishni istashmaydi.

Eng muhimi – azaldan tog‘ farzandi bo‘lib kelgan pomirliklar kimgadir bo‘ysunishni istashmaydi, juda g‘ururli va jangari, shuningdek – o‘z urf-odatlarini qattiq saqlaydigan hamda boshqalarning turmush tarzi kirib kelishini tasavvur qilmaydigan xalqdir. Shu bilan birga pomirliklar sobiq ittifoqda aholi soniga oliy ma’lumotlilar ko‘rsatkichi bo‘yicha ham yetakchi o‘rinlarda turishgan.

Qizil rangda Tog‘li Badaxshon hududi

Tojikistondagi o‘rni va ziddiyat sabablari

Tog‘li Badaxshon aholisi juda oz bo‘lgani holda mamlakat hududining deyarli yarmini egallagan. Hatto bosh shahri Horug‘da ham ko‘pi bilan 30 ming kishi yashaydi. Ammo aynan mana shu hudud chegaralari, tabiiy boyliklari, strategik ahamiyati Tojikistonning doimiy diqqat markazida va mamlakat rahbariyatini Tog‘li Badaxshon muammosi o‘ylantirib keladi.

Har qanday ziddiyatlar bostirilib, tahlil qilinganida bir necha taxminlar ilgari suriladi va hududga qo‘shni davlatlar faktori ham o‘rganiladi. Ammo yaqin o‘n yildagi bir necha mojaro shuni ko‘rsatadiki, asosiy masala deyarli o‘zgarmagan – hudud aholisi muxtoriyat kengaytirilishi, markazdan ko‘proq e’tibor va iqtisodiy yengilliklar, o‘z yetakchilarining ta’qib qilinmasligi va aholisiga erkinliklar berilishini talab qilishadi. O‘z navbatida, markaz har qanday qon to‘kilishini qoralaydi, tartibsizliklarga murosasizligini ko‘rsatadi va namoyishchilarni hatto jangarilarga tenglashtirib, ayovsiz javobga tayyorligini bildiradi.

Tojikiston yaqin tarixda fuqarolik urushini boshdan kechirgani, uning asoratlari hanuz og‘riqli eslanishi, oqibatlari esa mamlakat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘lganini hisobga olgan holda har qanday namoyishlarni xavfsizlikka bevosita tahdid deb qabul qiladi. Bunga yetarli asoslar bor – hududda Tojikiston muxolifatining sobiq dala qo‘mondonlari hanuz yashab kelishadi va ularni yetakchi deb biluvchilar, ularga ergashuvchilar talaygina.

Iqtisodiy omillar

Ziddiyatlar sababini faqat g‘oyaviy deb bo‘lmaydi. Tog‘li Badaxshon aholisi orasida ishsizlik ko‘rsatkichlari juda yuqori. Logistika muammolari tufayli narxlar baland, daromadlar past. Unumdor yerlar kam, aholi ehtiyoji uchun yetmaydi. Bu omillar ommaviy migratsiyaga sabab bo‘lgan. Hududning mehnatga layoqatli erkaklarining asosiy qismi Rossiyada tirikchilik qiladi. Kambag‘allik Tojikiston miqyosida qaralganda ham baland – 40 foiz atrofida, boshqa hududlarda 20-25 foiz. Mamlakat hududining yarmini egallagan muxtoriyatda rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra sanoat korxonalarining 2,1 foizi joylashgan va 0,7 foiz mahsulot ishlab chiqariladi, xolos.

Davlat bu muammolar yechimida qator choralarni ko‘rsa-da, yagona talabni ham unutmaydi – tinchlik. Ammo muxtor hudud aholisida baribir norozilik saqlanib qolaveradi.

Yaqin o‘n yillikdagi yirik to‘qnashuvlar

2012 yil. Horug‘da Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi generali Abdullo Nazarov o‘ldirildi. Generalning o‘limida aniq bir shaxs ayblanmagan bo‘lsa-da, gumon darhol norasmiy liderlarga tushdi. Hukumat kuchlari mahalliy aholidan yetakchilarni topshirishni talab qilishadi, rad javobi berilgach, o‘t ochiladi. Natijada, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 23 nafar harbiy, 21 nafar fuqaro halok bo‘ladi.

2014 yil. Horug‘ markazida militsionerlar ishtirokida otishma sodir bo‘ladi va natijada ikki kishi jon beradi. Holat tergov qilinishga ulgurmay shaharda tartibsizliklar boshlanib ketadi. Namoyishchilar ichki ishlar bo‘limi, prokuratura va sud binolariga o‘t qo‘yishadi.

2018 yilda hududga Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tashrif buyuradi va muxtoriyat rahbarlarini keskin tanqid qiladi. U muammolar yechimida qat’iy bo‘lishni, jinoyatchilar bilan kurashda murosasizlikni va vaziyat izdan chiqquday bo‘lsa, o‘z javobgarligi ostida qurolli kuchlar ham jalb qilinishi mumkinligini bildiradi.

Shundan so‘ng yechim tariqasida qonun va tartibni saqlash bo‘yicha idoralararo shtab tuziladi. Norasmiy yetakchilar yozma ravishda qonunni buzmaslik, hududiy rahbarlar faoliyatiga aralashmaslik majburiyatini oladilar. Muxtoriyat rahbari sifatida Og‘a-xon jamg‘armasining sobiq rahbari, hududda nufuzi baland bo‘lgan Yodgor Fayzov tayinlanadi.

Horug‘da nisbiy tinchlikka erishilgan bo‘lsa-da, 2020 yilga kelib Ro‘shan aholi punktida navbatdagi tartibsizliklar boshlanib ketadi va ularga ichki ishlar xodimlari va mahalliy fuqaro ziddiyati sabab bo‘ladi. O‘zining ayovsiz kaltaklanganini bildirgan fuqaro ko‘pchilikning qo‘zg‘alishiga sabab bo‘ladi va bu notinchlik ham bir necha kun davom etadi.

2021 yilda esa navbatdagi qon to‘kilishi kuzatildi. Mahalliy yoshlarning norasmiy yetakchisi bo‘lgan 29 yoshli Gulbiddin Ziyobekov hukumat kuchlari tomonidan o‘ldirildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra hudud prokurorini garovga olgani uchun ta’qib qilingan Ziyobekov qo‘lga olish chog‘ida qurol bilan qarshilik ko‘rsatgani tufayli otib tashlangan. Ammo uning qarindoshlari Gulbiddinning qarshilik ko‘rsatmagani, tanasidan, xususan boshi va yurak sohasidan 7 ta o‘q topilganini bildirdilar. Ular Ziyobekov jasadini shahar markaziga ko‘tarib borib, navbatdagi namoyishlarni boshlab yuborishdi.

Bu davr yana Yodgor Fayzovning ishdan ketgani va muxtoriyatga Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alisher Mirzonabot tayinlangani bilan yodda qolgandi. 2021 yil 5 noyabrdagi bu tayinlovning ilk daqiqalaridan boshlab pomirliklar «Ist’yefo» deya qichqira boshlaganlar va bu talab 2022 yilga kelib, haqiqiy namoyishlar hamda navbatdagi qon to‘kilishiga aylanib ketdi.

Joriy yil 14 mayda boshlangan va ayni damgacha davom etayotgan noroziliklar davomida 8 kishi o‘ldirilgani, 11 kishi yaralangani va 70 nafardan ortiq odam qo‘lga olingani xabar qilinmoqda. Ammo norasmiy manbalarda o‘lim topganlar soni ancha ko‘p va 20 nafardan ortiq kishining nomi keltirilgan. Hukumat namoyishlarni bostirishni «Aksilterror harakat» deb atagan va uning ishtirokchilaridan taslim bo‘lishni talab qilgan.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: