Parkent tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yangi uylar topshirildi

O‘zbekiston 17:00 / 22.05.2022 9537
Foto: Kun.uz

21 may kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanida uy-joyga muhtoj oilalar uchun qurilayotgan 7ta xonadon o‘z egalariga topshirildi. Mazkur loyiha “Himmat” xayriya fondi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Parkent tuman hokimligi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 7 nafar oilaga barcha jihozlar bilan ta’minlangan yangi uylarning kalitlari topshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish yo‘lga qo‘yilgan. Bugun Parkent tumanidagi 7ta hovlini homiylar yordamida qurib topshirdik. Ularga 2,5 sotixdan iborat 4 xonali uylar berildi.

Foto: Kun.uz

Biz bu oilalarni nafaqat uy bilan, balki ish bilan ta’minlashda ham o‘z hamkorligimizni davom ettiramiz. Ularning salohiyatiga qarab ish o‘rinlari bilan band qilishni ham o‘ylaganmiz. Masalan, bizning “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi “UNG Petro” korxonamizda respublika bo‘ylab 70dan ortiq AYoQShlarimiz mavjud. Shunday shoxobchalarda ishlash istagini bildirganlarni ishga taklif qilamiz”, – deydi “UNG Petro” korxonasi bosh direktori Mirzohid Musayev.

Mirzohid Musayev / Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Mazkur uylar qurilishi tumandagi Boyqozon mahallasida 2021 yilning 22 dekabrida boshlangan edi. “Himmat” xayriya fondi yetakchisi Jamol Alimov 5 oy ichida qilingan ishlar hamda loyihaning davomi haqida ma’lumot berdi: “O‘tgan yilning 22 dekabrida shu yerda 7ta xonadonga tosh qo‘ygan edik. Mana bugun ularni o‘z egalariga topshiryapmiz. Bu ishni amalga oshirishda xalqimizdan bizga katta yordam keldi. Loyihaning keyingi bosqichida biz boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarining ilm olishlari uchun sharoit yaratmoqchimiz. Ularning o‘quv kurslarida tahsil olishlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlariga shartnoma pullari uchun mablag‘ ajratishni rejalashtirganmiz”.

Jamol Alimov / Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Parkent tumani prokurori Sharifjon Akbarov xayriya ishlarida tashabbus ko‘rsatgan “O‘zbekneftgaz” AJ va boshqa homiylarga minnatdorchilik bildirdi: “Uy-joy qurilishida tashabbus ko‘rsatgan mahalliy aholiga, jamoat fondiga va “O‘zbekneftgaz” AJga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. O‘zbek xalqining birorta farzandi boshpanasiz qolmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlardan foydalangan holda yordam beramiz”.

Foto: Kun.uz

Parkentlik Dilnoza Nurmetovaning turmush o‘rtog‘i bundan 6 yil avval vafot etgan. 4 farzand bilan qolgan oila uy-joy yo‘qligi sababli bog‘ ichida joylashgan va yashash uchun yetarli sharoit bo‘lmagan imoratda yashashga majbur bo‘lishgan. Oila a’zolari loyiha doirasida taqdim etilgan yangi uyga ko‘chib kirishdi.

Foto: Kun.uz

“Xursandchiligimizning cheki yo‘q. Qishlog‘imizdagi atrofi o‘ralmagan, bog‘ ichida joylashgan kichik imoratda yashardik. Kichkina bo‘lsayam o‘z uyimiz bo‘lishini orzu qilardim. Yangi uyimiz kutganimizdan ham a’lo ekan”, – deya ta’kidlaydi u.

 

Jurnalist Gulmira Toshniyozova
Operator va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov 

Ko‘proq yangiliklar: