Oyliklar, gaz-svet, konstitutsiya va ro‘shnolik va’dasi - hafta dayjesti

O‘zbekiston 11:23 / 22.05.2022 33117

Oyliklar oshdi. Shifokorlarning oyligi ko‘proq oshdi, o‘qituvchilar-chi?

1 maydan e’tiboran pensiya va nafaqalar 12 foizga oshirilgan edi. 1 iyundan boshlab budjet tashkilotlaridagi oyliklar ham xuddi shunchaga oshadigan bo‘ldi.

1 iyundan, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori 270 ming so‘mdan 300 ming so‘mga, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 822 ming so‘mdan 920 mingga ko‘tariladi.

Budjet tashkilotlarida oyliklar o‘tgan yili ikki marta 10 foizdan oshirilgan, har ikki safar stipendiyalar miqdori ham ko‘tarilgan edi. Bu galgi farmonda stipendiyalar oshishi ko‘zda tutilmagan. Shu bilan birga, oliygohlarda to‘lov-kontrakt miqdorlari oshishi mumkin.

Maoshlar ko‘tarilishi budjet tashkilotlarida ishlovchi qariyb 2 million xodimga taalluqli bo‘ladi. Ular orasidan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining oyliklari boshqalarnikidan ko‘proq oshirilyapti. Gap shundaki, maoshlar 12 foizga oshirilishi bo‘yicha farmon 20 may kuni imzolangan bo‘lsa, undan uch kun avval shifokorlar oyligi bo‘yicha alohida farmon chiqqandi. Unga ko‘ra, 1 iyundan boshlab tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining maoshi malaka toifasiga qarab 10-15 foizga oshyapti.

Bu ikkita farmonni qo‘shib hisoblaganda, oliy va birinchi toifali tibbiyot xodimlarining maoshi kamida 27 foizga, ikkinchi toifa va toifasi yo‘q tibbiyot xodimlarining maoshi esa kamida 22 foizga oshdi. Bundan tashqari, tibbiyotchilar uchun olti xil turdagi ustamalar joriy etildi.

Buning muhimligi shundaki, tibbiyot va ta’limdagi oyliklar uzoq yillardan beri O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha oyliklardan past bo‘lib kelyapti. Sohalar bo‘yicha maoshlar statistikasida o‘qituvchi va shifokorlar doim eng oxirgi o‘rinlarda qolib ketyapti. 2022 yilning birinchi choragidagi raqamlarga qarasak ham, o‘qituvchi va shifokorlarning o‘rtacha oyliklari bilan respublikadagi o‘rtacha oyliklar o‘rtasidagi salbiy farq yanada kattalashgan.

1 iyundan shifokorlar oyligining boshqalarga nisbatan ko‘proqqa oshirilishi ularning nisbiy kambag‘allashishini to‘xtatishi mumkin. Xuddi shunday holat o‘qituvchilar bilan ham kuzatilishi kerak. 2022 yilgi davlat dasturiga binoan, maktab o‘qituvchilarining ish haqlari malaka toifasiga qarab, tabaqalashtirilgan holda oshirilishi lozim. Tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish uchun 1 iyulgacha muhlat belgilangan.

Qolaversa, shu yil sentabr oyigacha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi, unda o‘qituvchilarning maoshini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan aniq qadamlar belgilanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgacha malakali o‘qituvchilar va shifokorlarning oyliklari ming dollarga yetkazilishi va’da qilingan. Aniqlik kiritib o‘tish lozim, bu yerda o‘qituvchi va shifokorlarning hammasi haqida gap ketmayapti, aynan malakali mutaxassislar nazarda tutilyapti. Ya’ni ming dollarlik maosh faqat oliy toifali, shu bilan birga, ma’lum yutuqlarga egaligi uchun turli ustamalar ham oluvchilarga nasib etishi mumkin.

***

Energetika islohotiga tayyorgarlik

Foto: Kun.uz

Chorshanba kuni Iqtisodiyot, Moliya va Energetika vazirliklari qo‘shma bayonot bilan chiqdi: energetika bozori bosqichma-bosqich isloh qilinadi. O‘tish davrida ehtiyojmand aholi qatlamining ijtimoiy himoyasi kafolatlangan holda, energoresurslarga ijtimoiy norma kiritiladi. Normadan ortiq ishlatilgan energiya bozor narxida sotiladi.

Norma miqdori hozircha aniq emas. Bayonotdan kelib chiqib taxmin qilish mumkinki, bu elektr uchun oyiga 200 kVt soat, gaz uchun 500 kub metr bo‘lishi mumkin. Moliya vazirligi matbuot xizmatining bizga ma’lum qilishicha, aholining 80-85 foizgacha qismi aynan shu me’yorlardan oshmagan miqdorda energiya sarflayapti. Undan ko‘p ishlatayotganlar esa – asosan o‘ziga to‘q oilalardir.

Tegishli qaror loyihasi yaqin orada muhokamaga chiqarilishi kutilyapti. Unda, energiya ko‘proq sarflanadigan qishki mavsum uchun alohida me’yorlar belgilanishi mumkin.

Bu nega kerak, degan savolga vazirliklar bayonotida batafsil javob berilgan. Qisqa qilib aytganda esa, busiz energetika tizimidagi muammolarni hal qilib bo‘lmaydi. Bu qanaqa muammolar ekani hammaga ma’lum: “svet” o‘chishi va kuchlanishning pastligi, gaz yetishmovchiligi, “gaz-zapravka”lardagi navbatlar va hokazo. Rasmiylarning aytishicha, bular asosan infratuzilmaning eskirgani bilan bog‘liq: IESlardagi energobloklarning ko‘pi o‘nlab yillardan beri yangilanmagan, transformatorlar charchagan, magistral gaz quvurlari ta’mirtalab ahvolda.

Bundan tashqari, budjetdan milliardlab dollar subsidiya hammaga birdek tarqatilishi – adolatsizlik. Ya’ni hozir boy ham, kambag‘al ham 1 kVt soat elektr uchun 295 so‘m to‘layapti. Amalda esa, rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, 1 kVt soatning tannarxi 800 so‘m. O‘rtadagi 505 so‘mlik farq soliq to‘lovchilar hisobidan, subsidiya shaklida qoplanyapti. Vaholanki, o‘ziga to‘q oilalar boshqalarga nisbatan ancha ko‘proq energiya sarflaydi: 2-3ta konditsioner, bir nechta xolodilnik va hokazo. Kimningdir uyida faqat bitta gaz-plita bor, kimningdir uyida esa – issiq basseyn va sauna. Arzonlashtirilgan narx esa hamma uchun bir xil: bu degani kim ko‘proq svet va gaz ishlatsa, budjetdan shuncha ko‘proq subsidiya oladi.

Masalan, 1 kVt uchun subsidiyani 500 so‘m deb olsak, 2 xonali kvartirada yashab, oyiga 200 kVt elektr ishlatadigan oila oyiga 100 ming so‘m shartli subsidiya oladi; 2 qavatli hovlida yashab, oyiga 400 kVt ishlatadigan oilaga esa budjetdan shartli 200 ming so‘m to‘lanadi. Shu tariqa, sezilarli ko‘p energiya ishlatadigan yuqori daromadli qatlamning xarajatlari hammaning yelkasiga sochib yuboriladi. Shuning hisobiga bu qatlamda tejab ishlatishga rag‘bat ham yo‘q.

Bu ham yetmagandek, hammadan kam energiya ishlatib, budjetdan eng kam subsidiya oladigan odamlar energiyadan eng ko‘p uziladi: sovuq tushishi bilan chekka hududlarda “svet” o‘chishlari ko‘payadi, gaz bosimi esa pasayadi. Raqamlarni umumlashtirib aytsak, aholining 80 foizi yetkazib berilayotgan gaz va svetning bor-yo‘g‘i 35 foizini iste’mol qilyapti.

Yana bir statistikaga e’tibor bering: O‘zbekiston gaz va svetga shu qadar ko‘p subsidiya ajratadiki, bu bo‘yicha jahonda uchinchi o‘rinda turadi. Lekin buning samarasi maqtagulik emas: bir yoqda butun mamlakat yalpi ichki mahsulotining 6-7 foiziga teng mablag‘ energetik subsidiyalarga ajratilayotgan bir paytda, minglab odamlar isinish uchun tappi yoqishga majbur.

Xullas, ijtimoiy norma kiritilsa, oyiga taxminan 200 kVt elektr va 500 kub gaz uchun subsidiyali arzon narxlar saqlanib qoladi, undan ko‘proq ishlatganlar normadan ortiq elektr va gazni qimmatroqqa, ya’ni erkin bozor narxida sotib oladi. Yuqorida aytganimizdek, norma qancha bo‘lishi hali aniq emas.

Albatta, o‘ziga to‘q qatlamga subsidiya to‘lashni kamaytirish bilan sohadagi muammolar hal bo‘lib qolmaydi. Bu – kompleks muammoning osongina hal etish mumkin bo‘lgan bir qismi xolos.

***

Dollar kursi tushyapti, lekin...

Iqtisodiy yangiliklarni davom ettiramiz. Dollar kursi pasayishda davom etyapti. Rasmiy kurs ikki oy ichida ilk marta 11 100 so‘mdan pastga tushdi. Oxirgi ikki oyda so‘m qadri 3,6 foizga mustahkamlandi. 3 oy oldin esa, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan 24 fevralda dollarning so‘mga nisbatan kursi 10 840 so‘m edi.

Ayni paytda, mamlakatimiz oltin-valuta zaxiralari tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. 1 aprel holatiga O‘zbekistonning “xavfsizlik yostiqchasi” 35 mlrd dollardan oshgan. Bunda, jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik fonida oltin narxining oshishi asosiy rol o‘ynagan.

Shu bilan birga, iqtisodiyotga oid yoqimsiz yangiliklar ham yetarli. Atigi bir yillik tanaffusdan keyin, yana avvalgi yillar uchun odatiy tusdagi giperinflatsiyaga kirib boryapmiz, farqi – bu gal narxlar faqat bizda emas, jahon miqyosida oshyapti. The Economist jurnali yangi soni muqovasi shu global muammoga bag‘ishlandi.

Nashrning yozishicha, pandemiya, iqlim o‘zgarishi va energetik shoklardan zaiflashib qolgan dunyo oziq-ovqat tizimiga endi urush katta zarba bo‘lyapti. Ukrainadan don va moyli urug‘lar eksportining katta qismi to‘xtab qolgan, Rossiyaning eksporti xavf ostida. Buning muhimligi shundaki, jahon oziq-ovqat savdosidagi umumiy kaloriyaning 12 foizi shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda ham oziq-ovqatlar, xususan un narxi sezilarli oshdi. Bug‘doy uni oxirgi uch oyda 15-23 foizga qimmatlashdi. Keyingi oy g‘alla o‘rimi boshlanib, yangi hosil bozorga kirgach, narxlar barqarorlashadi degan umid bor. Shuningdek, 15 iyunga borib Qozog‘istonda bug‘doy va un eksportiga qo‘yilgan cheklov bekor bo‘lishi ham O‘zbekistonda oliy navli qozoq unining narxi oshishini to‘xtatishi mumkin.

Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, aholi vakillari aprel oyida un va nondan tashqari yog‘, shakar va qandolat mahsulotlari eng ko‘p qimmatlaganini aytgan. Toshkent shahrida ikkilamchi bozordagi uylar narxi mart-aprel oylarida 7,5 foizga ko‘tarilgan.

***

O‘zbekistonliklar 8 yilda 2 barobarga boyishi va’da qilindi

Jamshid Qo‘chqorov / Foto: Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

2021 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan chaqaloqlar soni birinchi marta 900 mingdan oshdi. Statistika qo‘mitasi shu hafta bergan ma’lumotga ko‘ra, 2014 yilda yillik tug‘ilish ko‘rsatkichi 700 mingdan, 2019 yilda 800 mingdan oshgan. O‘tgan yili esa 905 211 nafar chaqaloq dunyoga kelgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 20 aprel kungi forumda O‘zbekiston aholisi 2030 yilga borib 40 millionga yetishi kutilayotganini aytdi.

Bu raqamlar hozirgi ishsizlik darajasi va boshqa muammolar fonida ko‘pchilikda noqulay savollar uyg‘otishi mumkin. Biroq hukumat kelajakka anchagina optimistik qarayapti. Qo‘chqorov avvalroq davlat rahbari aytgan maqsadli ko‘rsatkichlarni xalqaro ekspertlar qarshisida ham dadil takrorladi: 2030 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 160 mlrd dollarga, jon boshiga esa 4 ming dollarga yetadi.

Ma’lumot o‘rnida, yalpi ichki mahsulotni iqtisodiyotning o‘lchov birligi deyish mumkin. Biror davlat aholisining qanchalik boy va farovon yashayotganini jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga qarab o‘lchasa bo‘ladi. Farovonlik darajasini aniqlash va taqqoslash uchun bundan yaxshiroq ilmiy metod hali o‘ylab topilmagan.

Ana shu metod asosida taqqoslaganda, o‘zbekistonliklarning daromadlari Norvegiya aholisining daromadlaridan 45 baravar, qatarliklar va singapurliklardan 30 baravarga kam. Iqtisodiyotimiz global iqtisodiyotning atigi 0,08 foizini tashkil etadi.

2021 yilda yalpi ichki mahsulotimiz 69 mlrd dollarga yetdi, bu jon boshiga salkam 2 ming dollardan to‘g‘ri keladi degani. Bu yana shuni anglatadiki, biz – kambag‘al davlatmiz. Jon boshiga YaIM ko‘rsatkichi 4 ming dollardan 12 ming dollargacha oraliqdagi jamiyatlar o‘rtacha daromadli deb hisoblanadi. Ularning qatoriga kirishimiz uchun hozirgidan roppa-rosa ikki barobar boyroq bo‘lishimiz kerak.

Hukumat bu vazifani 8 yil ichida uddalashiga ishonyapti. Xalqaro hamkorlar esa bu haddan tashqari yuqori marra ekanini aytyapti. “Ha, biz buni tushunamiz, lekin o‘ylaymizki, prezident boshchiligida bu maqsadga erisha olamiz”, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Jahon banki shu hafta e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, 2030 yilgacha o‘rtacha daromadli davlatlar qatoriga kirish uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 10 foizdan o‘sishi kerak. Agar bu amalga oshsa, insoniyat tarixida kuzatilgan eng shiddatli iqtisodiy mo‘jizalardan biriga aylanadi.

***

Akmal Saidov Konstitutsiya qayta yozilishiga bosh bo‘ldi

O‘zbekistonda Konstitutsiya islohoti boshlanmoqda. Yakunlanayotgan haftada deputatlar bu masalada uch kun yig‘ilish o‘tkazib, bu borada byurokratik jarayonlarni boshlab yubordi. Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha tuzilgan komissiyaga Akmal Saidov rais bo‘ldi.

Akmal Saidov va boshqa deputatlar O‘zbekiston Konstitutsiyasi zamon talablariga javob bermay qolgan deb hisoblayapti. Zamon talablariga javob beradigan Konstitutsiyani yaratishda esa, ularning ishontirishicha, istagan fuqaro qatnashishi mumkin. Buning uchun tuzilgan komissiya barcha takliflarni ko‘rib chiqishi va’da qilindi.

Rasmiylarning o‘zlaridan hozircha aniq takliflar yangragani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda hokimlar saylovi, ochiqlik va hisobdorlik, davlat tilining obro‘si, import bojlarini qonun bilan belgilash, korrupsiyaga qarshi normalar kiritish, O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmasligi pozitsiyasini Konstitutsiya miqyosida belgilab qo‘yish kabi takliflar tilga olinyapti.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili prezident Shavkat Mirziyoyev 7 dekabrdagi tabrigida, asosiy qonunga o‘zgarishlar kiritishni 2022 yil dekabrda, Konstitutsiya qabul qilinganining 30 yillik bayrami kunlarida amalga oshirishni taklif etgan edi.

***

Maktab o‘quvchilariga – bir xil forma

Foto: Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi

Shu yil 1 sentabrdan o‘quvchilar uchun yagona maktab formasi to‘liq joriy etiladigan bo‘ldi. 2024 yildan deb belgilangan muddat hukumat qarori bilan oldinroqqa surildi. Ehtiyojmand oilalarning farzandlariga forma mahalliy budjet hisobidan olib beriladi.

2017 yilda Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni ilgari surib, Turkiya va Angliya maktablarida barcha o‘quvchilar bir xil formada bo‘lishini misol qilib keltirgan, bundan maqsad – boylar va kambag‘allar o‘rtasida tengsizlik bolalarning o‘zaro munosabatlariga ta’sir qilishining oldini olish ekanini aytgandi. Bundan tashqari, prezident ota-onalar baribir maktab uchun forma olayotgani, imkoniyati cheklangan oilalar sifatsiz kiyim olishga majbur bo‘layotganini ta’kidlagandi. Yangi tartib orqali davlat maktab formasining sifatini nazorat qila oladi.

Maktablarda yagona forma 2019 yildan boshlab majburiy qilingan, lekin e’tirozlardan keyin bu muddat kechiktirilgan edi.

***

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Deniyel Rozenblyum / Foto: Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

Toshkent, Samarqand va Buxoroda diniy bag‘rikenglik mavzusidagi “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda so‘zga chiqqan AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekistonda soqolli erkaklar IIBga olib borilib, soqoli olib tashlanayotganidan xavotir bildirdi. “2016 yildan beri ko‘p islohotlar qilindi. Lekin ba’zi narsalar orqaga ketayotgandek tuyulmoqda. Biz yanada inklyuziv jamiyat sari intilishimiz kerak”, dedi Rozenblyum. Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev esa diniy e’tiqod radikal oqimlarga qo‘shilishning asosiy omili emasligi, bu tadqiqotlarda isbotlanganini aytdi.

Abituriyentlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta ta’lim shakliga hujjat topshirish imkoni berilishi mumkin. Bu kuni kecha muhokamaga chiqarilgan prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan. Agar loyiha tasdiqlansa, abituriyentlar beshtagacha yo‘nalishga, bir paytning o‘zida ham kunduzgi, ham sirtqi, ham kechki ta’lim shakllariga ariza berishi mumkin. Bunda test topshiriladigan fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lishi kerak.

“Toshkent siti”da qurilayotgan osmono‘par Nest One binosida qurilishida ishlayotgan ishchilar maosh kechikkani sabab norozilik uyushtirdi. Kompaniyaning izohlashicha, bu oy maosh texnik sabablarga ko‘ra biroz kechikkan, ishchilar esa va’da qilingan oxirgi kun – 17 may ertalab bank ochilishini kutmasdan norozilik boshlashgan, ko‘p o‘tmay soat 9lar atrofida oyliklar ishchilarning plastik kartalariga tushgan.

Namangan shahrida YPX xodimi “shantaj” qilishga urindi. Rasmiy izohga ko‘ra, inspektor haydovchini hujjat tekshirish uchun to‘xtatgan va hujjatlarda kamchilik aniqlanmagan. Viloyat IIB ochiq ko‘rinib turgan “shantaj”ni qoralagani yo‘q, surishtiruv ketayotganini aytish bilan cheklandi. Xuddi shu shaharda avvalroq YPX xodimi haydovchini elektroshoker bilan qiynagan, IIB o‘shanda ham tekshiruv tayinlaganini bildirgandi – oradan bir oy o‘tdi, natija haligacha noma’lum.

UzAuto Motors yil boshidan beri 108 300 dan ortiq avtomobilni o‘z egalariga topshirgani, shu tariqa “prezident topshirig‘i bajarilgani”ni e’lon qildi. Ayni paytda Damas, Cobalt va Gentra uchun o‘n minglab odamlar navbat kutishyapti. Fikrimizcha, ortiqcha izohga o‘rin bo‘lmasa kerak.

Ko‘proq yangiliklar: