O‘yin tugadi. Fermerlarga bosim o‘tkazgan “vakil” uzr so‘radi

O‘zbekiston 09:29 / 21.05.2022 27182

Kun.uz’da Surxondaryoning Denov tumanida SIU rahbari fermerlarga bosim o‘tkazgani, IIB va prokuraturaga olib borib “gaplashib olish” bilan tahdid qilganiga oid surishtiruv e’lon qilingandi.

Holat bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati o‘rganish olib borganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Ayubxon Alimovga suv iste’molchilari uyushmasi (SIU) rahbari vakolati hech bir yuridik asosda yuklatilmaganligi aniqlangan. Ko‘ngilli tarzda bu vazifani zimmasiga olgan Alimovga uyushma tarkibidagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mas’ullariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosim o‘tkazish amaldagi qonunchilik talablariga zidligi to‘g‘risida tushuntirilgan.

O‘z navbatida mazkur uyushma tarkibidagi fermer xo‘jaliklari mutasaddilariga ham A.Alimovning ko‘ngilli tarzda olgan vakolatlari doirasida ish yuritishi, agar uning yondashuvi qonunchilik talablaridan chetga chiqsa, tegishli tartibda huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishlari lozimligi aytilgan.

Holat bo‘yicha yakuniy xulosaga kelish maqsadida Denov tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. Yakuniy natijalar haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyiladi munosabatda.

Ayubxon Alimov o‘zi bilan bog‘liq holat e’lon qilingach, sayt va jurnalist sha’niga noo‘rin so‘zlar ishlatib, ijtimoiy tarmoqlarda post e’lon qildi. Alimov ushbu harakatlari uchun Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali bog‘lanib, afsusda ekanini bildirdi va postlarini o‘chirdi. Shuningdek, o‘zining Facebook sahifasida murojaat qilib, fermerlarga bosim o‘tkazgani uchun uzr so‘radi.

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati rahbarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha Ayubxon Alimovning xatti-harakatlari o‘rganilmoqda va natijalari tez orada ma’lum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Ayubxon Alimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zini bu vazifaga viloyat hokimi To‘ra Bobolov biriktirganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: