«Katta yettilik» Rossiyadan neft narxini nazorat qilish uchun kartel tashkil qilmoqchi 

Jahon 08:16 / 21.05.2022 14886

«Katta yettilik» (G7) mamlakatlari Rossiya neftining jahon bozorlarida potensial narx chegarasini aniqlash uchun Rossiya nefti xaridorlari kartelini yaratish zarur deb hisoblamoqda. Bu haqda 19 may, payshanba kuni AQSh moliya vaziri Janet Yyellenga tayanib, The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

AQSh Moliya vazirligi rahbarining fikricha, Rossiya neftiga potensial narx chegarasi xaridorlar karteli tomonidan belgilanishi mumkin. «Bu muhim kartelni talab qiladi, ehtimol, faqatgina Yevropa ittifoqi bunda yetarli bo‘lmaydi», dedi u. 

Xitoy yoki Hindiston kabi davlatlar Rossiya neftini qanday sotib olishini aniqlash mexanizmini yaratish AQSh va uning ittifoqchilarining Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga javoban Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarida yangi qadam bo‘ladi. 

Yyellenning so‘zlariga ko‘ra, g‘arb davlatlari jahon iqtisodiyotiga ortiqcha og‘irlik solmasdan, Rossiyaning energiya tashuvchilardan daromadlarini kamaytirish yo‘lini izlamoqda. «Maqsad - haddan tashqari salbiy ta’sirning oldini olish uchun jahon narxlarini ushlab turishda bozorga Rossiya neftining oz hajmdagi oqimini kiritish», dedi AQSh moliya vaziri. 

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihalarni muhokama qilish hali juda erta bosqichda turibdi. «Menimcha, ko‘pchilik, jumladan, o‘zim ham buni umumiy iqtisodiy nuqtai nazardan jozibador deb hisoblayman. Aslida bunday mexanizmni ishga tushirish juda qiyin va bu masalalarning barchasi hali ishlab chiqilmagan», - dedi Yyellen. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri Rossiyaning neft daromadlari 50 foizga oshgan. 

The Wall Street Journal ta’kidlashicha, Germaniyada bo‘lib o‘tgan G7 moliya vazirlari uchrashuvida Rossiya nefti narxiga ehtimoliy cheklovni qo‘llash usuli sifatida ikkilamchi sanksiyalarni kiritish imkoniyati ham muhokama qilingan. 

«Sanksiyalar, ikkilamchi sanksiyalardan foydalanish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Narxlarni cheklash o‘rniga tariflar g‘oyasi muqobil yondashuv bo‘lishi mumkin», dedi AQSh moliya vaziri. 

Ko‘proq yangiliklar: