Tog‘li Badaxshon mojarosi: qurbonlar haqida xabarlar ko‘paydi, xorijdagi tojiklar izoh talab qilmoqda

Jahon 21:15 / 20.05.2022 48111

14 may kuni Xorug‘ shahrida yuzlab odamlar yig‘ilib, Tog‘li Badaxshon avtonomiyasi rahbari Alisher Mirzonabot hamda shahar meri Rizo Nazarzodaning iste’fosini talab qilishdi. To‘planganlar, shuningdek, viloyat markazidagi barcha blokpostlarni olib tashlash, badaxshonliklarni ta’qib qilishni to‘xtatish, o‘tgan yil noyabr oyida bo‘lgan voqealarni haqqoniy tergov qilish, qo‘lga olingan va qamoqqa tashlangan faollarni qo‘yib yuborishni talab etishdi. Oldinroq MMA jangchisi Chorshanbi Chorshanbiyevni qo‘lga olishgani norozilikning yana bir sabablaridan edi.

Namoyishchilar mahalliy hukumatga o‘zlari so‘rayotgan talablar bajarilishi uchun 16 may kuni soat 16:00 gacha muhlat berishdi. Tog‘li Badaxshon avtonomiyasi rahbariyati hudud rahbarlari iste’fosi to‘g‘risidagi talablarni noqonuniy deb atab, uni bajarishdan bosh tortdi.

Bu javobdan keyin 16 may kuni yanada ko‘proq yosh yigitlardan iborat guruh Tog‘li Badaxshon avtonomiyasi administratsiyasi binosi tomon borishdi. Ularning yo‘lini to‘sgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz va rezina o‘qlar ishlatgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha harbiy jarohat olgan, bir xorug‘lik halok bo‘lgan.

18 may kuni Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Tog‘li Badaxshonda «aksilterror amaliyoti» boshlanganini xabar qildi. Vazirlik axborotida namoyishchilar «jinoiy guruh» deb aytiladi. Rasmiy xabarda jinoiy guruh deb atalayotgan odamlar xorijiy terroristik guruhlar moliyaviy ko‘magi bilan mamlakatdagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga uringani ta’kidlanadi. «Ular «Molotov kokteyllari» va quroldan foydalangan, Tojikiston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi maxsus aksilterror bo‘linmasi avtomobiliga hujum qilgan, oqibatda bir nafar ofitser halok bo‘lgan, 13 nafar harbiy yaralangan», deyiladi rasmiy xabarda.

Namoyishchilar Dushanbe-Xorug‘ yo‘lini to‘sib qo‘yishgan. Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «aksilterror amaliyot» davomida 8 kishi o‘ldirilgan, 11 kishi yaralangan, 70 dan ortiq odam qo‘lga olingan. «Jinoiy guruhning qolgan a’zolaridan qurollarini topshirish va taslim bo‘lish so‘raladi. Aks holda ertaga kech bo‘ladi», deyiladi Tojikiston IIV rasmiy bayonotida.

Tog‘li badaxshonliklar 14 may kuni norozilik namoyishiga chiqib talab qilgan narsalardan biri o‘tgan yil noyabrda bo‘lgan voqealarning haqqoniy tergov qilinishi edi. Gap «OMON»chilar tomonidan o‘ldirilgan Gulbiddin Ziyobekov haqida ketmoqda. 1992 yilda tug‘ilgan Ziyobekov 2021 yil 25 noyabr kuni «OMON»chilar uyidan olib ketayotganda qarshilik ko‘rsatgan vaqtda otib qo‘yiladi va halok bo‘ladi.

O‘shanda ham namoyishlar keskin tus olgan, odamlar viloyat markaziga yig‘ilib mahalliy hukumatga o‘z talablarini bildirishgandi. O‘shanda ham talablardan biri viloyat markazidagi blokpostlarni olib tashlash va internetni uzib qo‘ymaslik bo‘lgan. 14 mayda boshlangan voqealardan keyin ham Tog‘li Badaxshonda internet goh o‘chirilib, goh yomon ishlay boshlagan.

OAVga bosim

14 mayda boshlangan voqealar fonida Tog‘li Badaxshonda yana internet o‘chirib qo‘yilgani xabar qilindi. Badaxshonlik faol Ulfatxonim Mamadshoyeva bilan intervyu uyushtirgach, tojikistonlik jurnalistlar Anushervon Orifov, Nasim Isomov, Mullorajab Yusufi hamda Barot Yusufiga hujum qilingan. Jurnalistlar ularni mashinadan tortib chiqarib, kaltaklashganini aytishgan. Ulfatxonim Mamadshoyeva Mamadbokir Mamadbokirov hamda muxolifatchi Alim Sherzamonov bilan birga namoyishlarning taxminiy tashkilotchisi ekani aytildi.

Jurnalistlarga bosim o‘tkazilgani haqida xabar bergan «Aziya-Plyus» nashri ko‘p o‘tmay o‘ziga ham bosim bo‘lganini xabar qildi. Tahririyat bayonotida aytilishicha, saytni yopib yuborish bilan tahdid qilishgach, Tog‘li Badaxshondagi voqealarni yoritish to‘xtatilgan. Tojikistondagi kam sonli mustaqil nashrlardan bo‘lgan «Aziya-Plyus» noyabr oyida sodir bo‘lgan Badaxshondagi voqealarni faol yoritgandi.

BMT munosabat bildirdi, xorijdagi tojiklar izoh talab qilmoqda

Kelib chiqishiga ko‘ra Tog‘li Badaxshondan bo‘lgan tojikistonliklar Berlinda bundestag binosi oldida

Tog‘li Badaxshondagi voqealarga BMT ham munosabat bildirdi: «Bosh kotib Tog‘li Badaxshonda sodir bo‘layotgan voqealar va zo‘ravonlikdan xavotirda. Bosh kotib holatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiradi», dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik.

AQSh Davlat departamenti ham voqealarga munosabatida Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarini bosiqlikka chaqirib, inson huquqlari va matbuot erkinligini ta’minlashga chorlagan. Shuningdek, Shveytsariyaning Tojikistondagi elchixonasi Tog‘li Badaxshondagi voqealardan xavotirda ekanini bildirdi.

Tog‘li Badaxshonda bo‘layotgan voqelar fonida xorijdagi tojikistonliklar o‘z sahifalarida norozilik bildirishmoqda. Tojikistonning Avstriyadagi elchixonasiga borgani va elchixona xodimlari bilan suhbatlashganini videoga olgan Tojikiston fuqarolaridan biri uni ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan. Yigit tojik va rus tillarida elchixonaga Tojikistonda nima bo‘layotganini bilish uchun borganini aytgan: «Men ham Tojikiston fuqarosiman, yurtimda odamlar o‘layotganini bilib yuragim og‘riyapti, iltimos, nimalar bo‘layotganini menga aytinglar. Sizda ozgina imon bo‘lsa, o‘zingizni tojik deb bilsangiz, chiqib men bilan gaplashing», degan yigit videoda.

Yana bir tojikistonlik o‘z videosida ayni damda Angliyada ekanini aytgan va u yerdagi tojiklarni birgalikda «Rahmonning qizi oldiga» borishga chaqirgan. Ma’lumot uchun, Tojikistonning Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi elchisi Imomali Rahmonning qizi Ruxshona Imomali hisoblanadi.

Tog‘li Badaxshon Tojikistonning avtonom hududi bo‘lib, u yerda ko‘plab shia mazhabidagi ismoiliylar yashaydi. Ularning aksari esa Shveytsariyada yashovchi Karim Og‘a-Xon IVni ismoiliylar yetakchisi deb bilishadi. Milliarder Tog‘li Badaxshonda bo‘layotgan voqealar haqida munosabat bildirar ekan, barcha tojik jamiyatini tinchlik saqlash, mamlakat qonunlariga rioya qilishga chaqirdi.

Petitsiya va qurbonlar haqida ma’lumotlar

Rasmiy ma’lumotlarga qaraladigan bo‘lsa, Tog‘li Badaxshondagi voqealarda 9 kishi halok bo‘lgan. Ammo internetda qurbonlar soni ko‘proq bo‘lgani haqida postlar joylanmoqda. Ularda qurbonlar soni 17 nafar, ba’zilarida esa 20 nafardan ortiq ekani aytiladi. Instagramdagi badaxshonlik ekanini aytgan bir akkaunt muallifi vafot etgan o‘nlab yosh yigitlarning suratlarini e’lon qildi. Yana ba’zi postlarda mahalliy prokurorlardan biri odamlarga tahdid qilgani aytiladi.

Change.org saytida pomirliklarning hududda tinchlik bo‘lishi so‘ralgan petitsiyasi paydo bo‘ldi.

Telegram-kanallarda pomirlik ekanini aytgan harbiyning sms-xabari ham tarqaldi. Unda yigit o‘z bo‘linmasidagi pomirliklardan qurollar olib qo‘yilgani, ularga alohida nazorat o‘rnatilgani, Badaxshon tomonga ko‘plab harbiylar yuborilayotganini yozgan. Ijtimoiy tarmoqda shu kunlarda Moskvadan Tojikistonga uchib kelayotgan barcha badaxshonliklar Dushanbe aeroportida qo‘lga olingani haqida xabarlar ham paydo bo‘ldi. Ammo rasmiy manbalarda bu xabarlarning hech biri tasdiqlanmagan.

KXShT haqida gap ochildi

Tog‘li Badaxshonda bir necha kundan buyon vaziyat keskinligicha qolayotgan bir vaqtda kutilmaganda Tojikistonga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kuchlari kirishi mumkinligi haqida gaplar paydo bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston Davlat xavfsizligi qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari, xavfsizlik bo‘yicha ekspert Artur Madetbekov gapirdi. Uning fikricha, Tojikiston Tog‘li Badaxshondagi voqealar tashqaridan turib tashkillashtirilganini isbotlay olsa, KXShT kuchlari mamlakatga kirishi mumkin.

«Tojikistondan oxirgi kunlarda ommaviy namoyishlar haqida xabarlar tarqalmoqda. Shu sabab KXShT kuchlari Imomali Rahmon tuzumini saqlab qolish uchun kiritilish ehtimoli yo‘q emas. Gap shundaki, bu chindan terrorchilarmidi yoki ular o‘z hukumatini saqlab qolish uchun o‘z xalqini shunday atamoqdami? Fuqarolar orasida Afg‘onistondagi terrorchilar bilan munosabatda bo‘lgan narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlar bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Hozir hammasi Tojikiston hukumati qanchalik to‘g‘ri harakat qilishiga bog‘liq. Shu sabab KXShT kuchlari Tojikiston hududiga kirishini istisno qilib bo‘lmaydi», deydi Medetbekov.

Ekspert Qozog‘iston qishda shunga o‘xshash holatga misol bo‘lganini eslagan. Yanvar oyida Qozog‘istonda norozilik namoyishlari qamrovi kengayib ketgach, mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Rossiya boshchilik KXShT kuchlari Qozog‘istonga kirishini so‘ragan, tashkilot bu so‘rovdan keyin Qozog‘istonga o‘z kuchlarini yuborgandi.

Ko‘proq yangiliklar: