Qashqadaryoda sel aholi xonadonlarini bosdi

O‘zbekiston 11:08 / 20.05.2022 10692

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida odamlarning uyini sel bosgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 19 may kuni soat taxminan 14:30-15:00 larda Dehqonobod tumani markazidan 45-50 kilometr uzoqlikdagi tog‘li hududlarda qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan.

Oqibatda yomg‘ir suvlaridan hosil bo‘lgan sel “Oqrabod” MFY  Naymansoy qishlog‘i adirliklari yonbag‘rida joylashgan ayrim xonadonlar tomorqalari va hovlilaridan oqib o‘tib “Katta pay” o‘rmon xo‘jaligi dalalariga borib quyilgan.

«Ushbu holat bo‘yicha tuman FVB va mahalla faollari birgalikda aholi yashash xonadonlariga borishib, yomg‘ir suvlari uylarning xonalariga toshishi (kirishi) holatlari kuzatilmagani hamda hech kimga ziyon yetmagani aniqlandi», deyiladi ma’lumotda.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi qishloqlardan birida 40 dan ortiq xonadonni suv bosgan va 230 nafardan ortiq fuqaro xavfsiz joyga ko‘chirilgandi.

Shuningdek, 2022 yil 3 may kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar Surxondaryo viloyatining bir qator hududlarida kuchli sellarni keltirib chiqardi. Sel yengil mashina va chorva mollarini oqizgan. Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli elektr liniyasi temir ustunini yiqitgandi.

Bundan tashqari, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida yengil mashinalarni sel oqizib ketgandi.

“O‘zgidromet” 9-13 may kunlari yog‘ingarchilik oqibatida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Avvalroq, 2022 yil 20 aprel kuni yog‘gan yomg‘irlar Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sh.Rashidov tumanlarida kuchli sellar kelishiga sabab bo‘lgan. Oqibatda, ayrim aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obektlari, ekin maydonlari sel oqimlaridan zararlangandi.

Forish tumanida 4 nafar fuqaro (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqizib ketishi natijasida halok bo‘lgan. Ushbu tumanda bir nechta qishloqni sel bosgan, xonadonlar suv ostida qolgan, mashinalarni suv oqizgandi.

2022 yil 10 may kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Nexia avtomashinasida bo‘lgan Uzun tumani Istiqlol mahallasida yashovchi ikki nafar fuqaroni sel oqimlari oqizib ketgan. Keyinchalik ularning jasadi topilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: