O‘zbekistonda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan migrantlar uchun «50x50» dasturi joriy etiladi

O‘zbekiston 08:27 / 20.05.2022 5526

Prezidentning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib O‘zbekistonga qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022 yil 1 iyuldan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida orttirgan mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan mehnat migrantlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun “50x50” tamoyili asosida dastur joriy etiladi. Bunda:

  • loyiha umumiy qiymatining 50 foizi miqdorida, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratiladi;
  • ajratiladigan subsidiyalar har bir ishga qabul qilingan fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmasligi kerak;
  • subsidiya ajratishda Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos hisoblanadi.

Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoki qaytib kelgan mehnat migrantlar uchun “O‘z kelajagimga o‘zim investor” loyihasi joriy etiladi. Bunda:

  • dastur doirasida TIF “Milliy bank”, AT “Xalq bank” va AT “Sanoatqurilishbank” tomonidan kamida 1 ming nafar mehnat migrantiga ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha kredit ajratiladi;
  • kredit olmoqchi bo‘lgan fuqaroning mehnat migratsiyasidan qaytganligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “labor-migration” dasturiy majmuasida qayd etilgan ma’lumotlar asosida taqdim etiladigan tasdiqnoma bilan tasdiqlanadi;
  • dasturni amalga oshirish uchun Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘laridan mazkur kichik bandda ko‘rsatilgan banklarga 30 milliard so‘m miqdorida resurs ajratiladi;
  • kredit resurslari Reintegratsiya markazi rahbari va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallari tomonidan taqdim etiladigan manzilli ro‘yxat asosida moliyalashtiriladi;
  • dastur doirasida 33 million so‘mgacha ajratilayotgan kredit mablag‘lari mahallalardagi hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan garov ta’minotisiz ajratiladi.
Ko‘proq yangiliklar: