Moskva sudi Navalniyning eng yaqin tarafdorlarini sirtdan hibsga oldi 

Jahon 09:28 / 20.05.2022 8625

Moskvaning Basmanniy sudi Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi sobiq advokatlari Lyubov Sobol va Vyacheslav Gimadini ekstremistik hamjamiyat yaratishda ayblab, sirtdan hibsga oldi

Sud matbuot kotibining 19 may, payshanba kuni «Interfaks» axborot agentligiga ma’lum qilishicha, ikkala ayblanuvchi ham «Rossiya hududida qo‘lga olingan yoki Rossiya hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab» ikki oy muddatga hibsga olinishi kerak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq «Navalniy shtablarining» sobiq rahbari Leonid Volkov va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi sobiq direktori Ivan Jdanov ham sirtdan hibsga olingan. 

Ivan Jdanovga ekstremistik hamjamiyatni yaratish va unga rahbarlik qilish, faoliyati fuqarolarni fuqarolik burchlarini bajarishdan bosh tortish yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga undash bilan bog‘liq bo‘lgan notijorat tashkilot (jumladan, chet el agenti funksiyalarini bajaradigan notijorat tashkilot) tuzish ayblovi qo‘yilgan.
Shuningdek, u to‘rtta holatda o‘ta yirik firibgarlik sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Ayblanuvchilarning barchasi Rossiyani ancha oldin tark etgan va xalqaro qidiruvga berilgan. Taqdim etilgan moddalarga ko‘ra, ularni 12 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda. 

2021 yil iyun oyida Moskva shahar sudi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning fondlari va uning hududlardagi tarafdorlari shtablari tarmog‘ini ekstremistik tashkilotlar deb tan oldi. 

Navalniyning o‘zi Vladimir oblastidagi koloniyada firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha jazo muddatini o‘tamoqda. U boshqa ish bo‘yicha ham qamoq jazosiga hukm qilingan. Agar qaror bekor qilinmasa, siyosatchi qattiq rejimdagi koloniyaga o‘tkaziladi. 

Ko‘proq yangiliklar: