«Mahallabay ishlash» tizimi asosida migrant va uning oilasiga qator xizmatlar ko‘rsatiladi

O‘zbekiston 08:22 / 20.05.2022 3439

Prezidentning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib O‘zbekistonga qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

“Mahallabay ishlash” tizimi asosida xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:

a) mahallalardagi hokim yordamchilari:

xonadonbay so‘rovnoma asosida xorijda bo‘lib turgan va xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari hamda ularning oila a’zolarining ehtiyojlarini aniqlaydi;

o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida ishsiz va yordamga muhtoj mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari to‘g‘risida ma’lumotlarni “onlayn mahalla” platformasiga kiritadi;

xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining aniqlangan muammolarini hal qilish bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar bilan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

b) yoshlar yetakchisi:

xorijdan qaytib kelgan yosh mehnat migrantlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida “Yoshlar balansi”ni shakllantiradi, ular to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib boradi;

xorijdan qaytib kelgan yosh mehnat migrantlarining ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashadi.

v) xotin-qizlar faoli:

xorijdan vaqtinchalik mehnat faoliyatidan qaytib kelgan, shuningdek mehnat migrantlari oilalaridagi yordamga muhtoj xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Ayollar daftari”ga kiritishni va ular bilan manzilli ishlashni tashkil etadi;

xorijdan qaytib kelgan va mehnat migrantlari oilalaridagi xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish ishlarini amalga oshiradi;

xotin-qizlarni ishga joylashtirish, tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish faoliyatiga jalb etish, kasb-hunarga o‘qitish, ularga subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilishga ko‘maklashadi;

g) mahalladagi mehnat inspektori yordamchisi:

xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini aniqlaydi va ularga manzilli yordamlar ko‘rsatish ishlarini amalga oshiradi;

mehnat migrantlari va ularning mehnatga layoqatli oila a’zolariga Yagona milliy mehnat tizimi orqali doimiy ish o‘rinlariga joylashishga ko‘maklashadi, ularni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni moliyaviy rag‘batlantirish choralarini ko‘radi;

mehnat migrantlariga zarur bo‘lgan holatlarda kasb-hunar, tadbirkorlik va xorijiy tillarga o‘qishga ko‘maklashadi;

mehnat migrantlarini tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish faoliyatiga jalb etish choralarini ko‘radi, jumladan ishlab chiqarish kooperativlariga a’zo bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga, shaxsiy tomorqani rivojlantirishga subsidiya ajratilishida ko‘maklashadi;

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga doimiy ishga joylashtirilgunga qadar ishsizlik nafaqasi hamda kasb-hunarga o‘qishi davrida stipendiya tayinlanishiga ko‘maklashadi;

d) mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

yordamga muhtoj mehnat migrantlari oilalariga ijtimoiy ko‘mak berish, ularga nafaqa va moddiy yordam tayinlashga, yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha homiylar mablag‘larini jalb qilishga amaliy yordam ko‘rsatadi;

mehnat migrantlari oilalari orasidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa fuqarolarga patronaj yordami hamda shu maqsadda ajratilgan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ko‘rsatilishini tashkil etadi.

Reintegratsiya markazi yuqoridagi kichik bandlarda ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtiradi.

Ko‘proq yangiliklar: