Har bir hududda xorijdan qaytgan migrantlarning reintegratsiyasi markazlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 07:59 / 20.05.2022 3061

Prezidentning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib O‘zbekistonga qaytib kelgan fuqarolarni ish bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har bir tuman va shaharda xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarining reintegratsiyasi markazlarini tashkil etadi.

Reintegratsiya markazi faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish va rahbarlik qilish tuman va shahar hokimlarining iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.

Reintegratsiya markazi tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida tashkil etiladi.

Reintegratsiya markazida ishlarni tashkil etish vazifalari aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining migratsiya masalalari bo‘yicha inspektorlari zimmasiga yuklatiladi.

Har bir reintegratsiya markaziga 2022 yil yakuniga qadar qaytib kelgan mehnat migrantlari safidan vaqtinchalik asosda bir nafardan yordamchi biriktiriladi, ularning ish haqlari Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Xalq banki reintegratsiya markaziga bir nafardan mas’ul vakillar biriktiradi.

Reintegratsiya markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar hisoblanadi:

  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga “Yagona darcha” tamoyili asosida manzilli xizmat ko‘rsatish;
  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining ehtiyojlari va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida “labor migration” dasturiy majmuasida ma’lumotlar bazasini yuritish;
  • ma’lumotlar bazasidagi ma’lumotlarni tahlil qilish hamda aniqlangan talab, muammo va ehtiyojlardan kelib chiqib ularni tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarga yuborish va bajarilishini nazorat qilish;
  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga ularning ma’lumoti, mutaxassisligi, xorijiy davlatlarda orttirgan ish tajribalaridan kelib chiqib bandligini ta’minlashga ko‘maklashish;
  • xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ularga o‘z biznesini tashkil etishda subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashish;
  • mehnat migrantlari oila a’zolariga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va boshqa tashkilotlar tuman (shahar) bo‘linmalari bilan birgalikda moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil qiladi.
Ko‘proq yangiliklar: