Yevropa ittifoqida mudofaa fondi tashkil qilinadi 

Jahon 08:56 / 19.05.2022 3847

Yevropa komissiyasi Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari munosabati bilan birgalikda qurol ishlab chiqish va sotib olish uchun 500 million yevro miqdorida mudofaa fondini yaratishni taklif qildi, deb xabar berdi Reuters va Dpa agentligi 18 may, chorshanba kuni. «Urushning Yevropaga qaytishi kuchli Yevropa mudofaasini qurishga e’tibor qaratish talab qiladi», dedi Yevropa ittifoqining raqobat bo‘yicha komissari Margrete Vestager.

Fondni to‘ldirish uchun YeIning uzoq muddatli budjeti mablag‘laridan foydalanish taklif qilinmoqda, uni xususiy sektor ham oshirishi mumkin, deb yozadi Reuters. Jamg‘arma mablag‘lari birinchi navbatda havo, quruqlik va dengiz mudofaa tizimlarini modernizatsiya qilish uchun sarflanadi hamda 2023-2024 yillar uchun hisoblab chiqiladi. Uning tashkil etilishi Yevropa ittifoqining barcha 27 hukumati tomonidan kelishib olinishi kerak. 

Fond mablag‘larining sarflanishini muvofiqlashtirish bilan maxsus tuzilgan guruh shug‘ullanadi. U Ukrainaga yuborilgan qurol-yarog‘ zaxiralarini almashtiradi, bunda sovet texnikasidan voz kechiladi, havo va raketalarga qarshi mudofaa tizimi takomillashtiriladi. 

Yevropa komissiyasi kelajakda ushbu ishchi guruhni qo‘shma harbiy xaridlarning kengroq dasturiga aylantirishni rejalashtirmoqda. Uning maqsadi sotib olingan harbiy texnikani Yevropa ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida taqsimlash va xomashyo, tadqiqot va ishlanmalardan umumiy foydalanishni ta’minlashdir, deb yozadi Dpa. 

Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari ortidan mudofaaga investitsiyalarni ko‘paytirishga va’da berdi, bu esa budjetni ko‘p yillik qisqartirishdan keyin Yevropa mudofaa siyosatida katta o‘zgarish bo‘ldi, deb yozadi Dpa. Urush boshlangandan beri Yevropa ittifoqi davlatlari 200 milliard yevrolik yangi harbiy sarmoyalarni e’lon qildi. Germaniya bu mablag‘ning yarmini ajratishga va’da berdi. 

Ko‘proq yangiliklar: