Xitoylik amaldorlarga xorijda aktivlarga ega bo‘lish taqiqlandi 

Jahon 22:45 / 19.05.2022 9291

Xitoy kommunistik partiyasi xorijda o‘zi yoki qarindoshlari aktivlarga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaydi, deb xabar berdi The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, partiya xorijda ko‘chmas mulk yoki xorijiy kompaniyalarda ulushlarga ega bo‘lishni taqiqlovchi ichki buyruqni qabul qilgan. Bundan tashqari, mansabdorlar, ularning turmush o‘rtoqlari va farzandlariga xorij banklarida zarur sabablarsiz (masalan, ishlash yoki o‘qish) hisobraqam ochish mumkin emas.

WSJ manbalarining qayd etishicha, ayrim yuqori lavozimli amaldorlarning oila a’zolari hujjat talablariga muvofiq bo‘lish uchun xorij kompaniyalaridagi aksiyalarini sotib yuborgan.

Hujjat G‘arb xitoylik amaldorlar va ularning qarindoshlariga sanksiyalar kiritgan taqdirda paydo bo‘ladigan xatarni kamaytirish maqsadida Si Tszinpin tomonidan qabul qilingan, deb yozadi.

«Rahbar kadrlar, ayniqsa, yuqori lavozimdagilar oilaviy intizom va axloq qoidalariga e’tibor qaratishlari lozim. Ular o‘rnak ko‘rsatishi, mas’uliyatli bo‘lishi va ishini halol bajarishi kerak», — degandi Si Tszinpin shu yilning yanvarida.

Aprel oyida AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman Tayvanga bostirib kirilgan taqdirda keskin sanksiyalar kiritilishini aytib, Xitoy «Rossiya-Ukraina inqirozidan to‘g‘ri saboq» chiqarishiga umid bildirgandi. Bunga javoban Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Le Yuychen «Xitoy sanksiyalar tahdididan qo‘rqmasligini» aytgandi. 

May oyi boshlarida Xitoy hukumati davlat organlari va korporatsiyalaridan ikki yil ichida import kompyuterlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga almashtirishni talab qilgandi

Ko‘proq yangiliklar: