Tbilisida jurnalistlar muxolifat telekanali bosh direktorining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi 

Jahon 08:48 / 19.05.2022 6237

18 may, chorshanba kuni kechqurun Gruziya OAV jurnalistlari «Mtavari arxi» taniqli muxolifat telekanali bosh direktori, uch yarim yilga ozodlikdan mahrum etilgan Nikoloz (Niko) Gvaramiya bilan birdamlik ramzi sifatida Tbilisi markazidagi Respublika maydonida Rustaveli prospekti bo‘ylab parlament binosi tomon yurish uchun yig‘ildi.

Jurnalistlar hukmni siyosiy sabablarga ko‘ra chiqarilgan deb hisoblab, buni ommaviy axborot vositalari erkinligiga hujum sifatida baholadi va Gvaramiyaning o‘zini siyosiy qasos qurboni deb atadi, sababi u hukmron «Gruziya orzusi» partiyasi va uning asoschisi, oligarx Bidzina Ivanishvilini qattiq tanqid qilgan.

Yurish siyosiy partiyalar ramzlari va bayroqlarsiz o‘tdi, jurnalistlar qo‘llarida faqat matbuot erkinligini talab qiluvchi qo‘lbola plakatlarini ko‘tarib oldi. Parlament binosi yaqinida miting o‘tkazishning iloji bo‘lmagan, chunki u yerda bir vaqtning o‘zida ikkita piket kuzatilgan - Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlash va kovidga emlashga qarshi. Politsiya aksiyalarni zich kordonlar orqali ajratib qo‘ydi.

Jurnalistlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lda ekspromt munozara maydonchalarini o‘rnatdi, nodavlat tashkilot faollaridan biri esa fayyerlar yoqdi, ayrim odamlar «Mtavari Arxi» ofisiga yurishlarini davom ettirdi. Gruziya rasmiylarining xatti-harakati mamlakatning Yevropadagi kelajagini shubha ostiga qo‘yishi borasida xavotirlar yangradi, sababi iyun oyi oxirida Tbilisi Yevrokomissiyadan Gruziyaning Yevropa ittifoqiga tezlashtirilgan a’zolik bo‘yicha arizasiga javob kutmoqda. 

Nikoloz Gvaramiyani hamkasblari hokimiyatdagi partiyaga qarshilik ko‘rsatish ramzi deb atab, unga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha ayblovlar uning «Rustavi-2» telekanali bosh direktori lavozimida ishlagan 2014 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrga tegishli ekanini eslatgan. Bu ish deyarli uch yil davom etdi va Gvaramiya har doim bosim ostida bo‘lgan, Gruziya ombudsman ofisi esa boshidanoq jinoiy jarayonda tijorat da’volarini ko‘rib chiqish shubhali ekanligini ta’kidlab kelgan.

O‘tgan dushanba, 16 may kuni media-menejyer birinchi instansiya sudining hukmi asosida qamoqqa olindi. U Rustavidagi sobiq amaldorlar uchun 12-sonli jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirildi, chunki avval bosh prokuror o‘rinbosari va adliya vaziri lavozimlarida ishlagan. Bu Mixail Saakashvili klinikaga ko‘chirilgunga qadar saqlangan qamoqxona hisoblanadi. Nikoloz Gvaramiyaning yuristi Mixail Saakashvilining ham advokati sanaladi.

Ayblov tomoni u o‘z do‘stlarining reklama firmasiga ko‘p millionli foyda keltirishi uchun sharoit yaratib, «Rustavi 2» telekompaniyasiga zarar yetkazgan deb hisoblamoqda. Biroq u faqat bitta holat uchun qamoq jazosini oldi – 2019 yilning fevral oyidan buyon u xususiy korxona balansida bo‘lgan 76,7 ming yevrolik Porsche avtomobilidan shaxsiy maqsadlarida foydalangan. Mashinaning puli telekanalga reklama joylashtirish orqali to‘langan. 

Jurnalistlar ta’qiblar sababini boshqa narsada ko‘rmoqda. «Rustavi-2» telekanali 2003 yil noyabrida ro‘y bergan «Atirgullar inqilobi» davrida hal qiluvchi rol o‘ynagan va uzoq vaqtdan beri yangi Gruziya ommaviy axborot vositalarining ramzi bo‘lib kelgan. Keyin tahririyat Mixail Saakashvilini va u asos solgan «Birlashgan milliy harakat» partiyasini qo‘llab-quvvatladi. 2013 yildan beri, «Gruziya orzusi» hokimiyatga kelganidan so‘ng, kanal muxolifatga aylandi. 

Hokimiyatdagi yangi partiya telekompaniya o‘ziga yaqin biznesmen qo‘liga o‘tishiga sud orqali harakat qildi. Natijada, Nikoloz Gvaramiya 2019 yil iyul oyida kanaldan ishdan bo‘shatildi, biroq bir oy o‘tib u «Mtavari arxi» nomli yangi telekompaniyani tashkil qildi va rasmiylarni tanqid qilishda davom etdi. Keyin, 2019 yil noyabr oyida Gruziya Bosh prokuraturasi unga qarshi «Rustavi-2»dan pul o‘marganlik bo‘yicha ayblov qo‘ydi. 

Ko‘proq yangiliklar: