Sulolaviy boshqaruvdagi amirliklar: BAAda rasman uchinchi prezident davriga o‘tildi

Jahon 15:09 / 19.05.2022 19472
Abu-Dabidagi dafn marosimi / Foto: BAA Prezident ishlari vazirligi / Reuters

Marhum prezident o‘rnini uning ukasi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon egalladi. U 2014 yil yanvarida shayx Xalifa insultni boshidan kechirganidan buyon de-fakto Abi Dabi amiriga aylangan, mamlakat siyosatining deyarli barcha jabhalarini nazorat qilib kelayotgan edi.

Birlashgan Arab Amirliklari ko‘p jihatdan noyob davlat hisoblanadi. Qator shaharlari “sahrodagi mo‘jiza” deya ta’riflanadigan, qisqa vaqtda dunyoning savdo-iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylana olgan BAA davlat boshqaruvining eng qadimiy usulini qo‘llab keladi. Ya’ni mamlakatning amirliklari ham, umumiy boshqaruvi ham monarxiya shaklida.

Kichik davlat ichidagi 7 mitti davlat

BAA amirlari. 2022 yil, may / Foto: BAA Prezident ishlari vazirligi

BAA – har biri alohida monarxiya boshqaruvidagi mitti davlat shaklida yashovchi, ammo umum bir bayroq ostida birlashgan 7 amirlikdan iborat va bu mamlakat yagona prezident boshqaruviga bo‘ysunadi. Birlashgan Arab Amirliklari deganda ko‘pchilik ko‘z o‘ngiga Dubay shahri keladi, bu shaharni mamlakat poytaxti deb o‘ylaydiganlar ham talaygina. Shuningdek, Dubay amiri Muhammad bin Roshid Ol Maktumni BAA oliy rahbari deb biluvchilar ham anchagina.

Lekin Dubay amirliklarning eng yirik shahri bo‘lgani holda, asosiy amirligi emas. Ol Maktum Dubay amiri, mudofaa vaziri, BAA bosh vaziri bo‘lgan va xalifa vafoti chog‘ida ma’lum muddat BAA prezidenti vazifasini bajargan bo‘lsa-da, mamlakat rahbari emas.

Ko‘pchilikda savol tug‘iladi – nega bunday? Gap shundaki, Dubay ertaklar shahri bo‘lgani bilan mamlakatning eng yirik amirligi, shuningdek tabiiy boyliklarga eng boy, neft va gazning 80 foizini qamragan hududi Abu Dabi amirligi hisoblanadi va bu amirlik 250 yildan ortiq vaqtdan buyon Nahayonlar sulolasi tomonidan boshqarilib kelinadi.

Nahayonlar sulolasi

Xalifaning o‘limi munosabati bilan Abu Dabi shahriga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari yangi prezidenti Muhammad ibn Zoid Ol Nahayon, tashqi ishlar vaziri Abdulla ibn Zoid Ol Nahayon hamda bosh vazir o‘rinbosari, prezident ishlari bo‘yicha vazir Mansur ibn Zoid Ol Nahayon bilan uchrashib, ularga ta’ziya bildirdi.

Nahayon familiyasi bot-bot takrorlanishiga hayron bo‘lmang. Bular – bu nomdagi yetakchi amaldorlarning hammasi emas va ularning bari – marhum xalifaning ukalari yo o‘g‘illari.

Bu sulola mamlakat Britaniyadan mustaqillikka erishganidan buyon rasman taxt tepasida va monarxiya shakli hamon samarali bo‘lishi mumkinligini amalda isbotlab kelishmoqda.

1971 yilda 6 amirlik Birlashgan Arab Amirliklari davlatini tuzishadi va 1972 yilda oxirgi yettinchi amirlik – Ras al-Haym qo‘shiladi hamda mamlakat bugungi shaklga keladi. Aynan mana shu yillarda neft narxi keskin ko‘tarilib, baliqchilik, marjon savdosi bilan shug‘ullanib yurgan davlat daromadi birdaniga oshib ketadi.

BAAning birinchi va ikkinchi prezidentlari: Zoid bin Sulton Ol Nahayon va Xalifa bin Zoid Ol Nahayon
Foto: Al-Ittihod

Mamlakatga asos solingan davrdan boshlab “katta og‘a hurmati” tamoyiliga amal qilinadi va eng yirik, eng boy amirlik bo‘lgan Abu Dabi amiri mamlakat prezidenti hamda xalifa maqomini oladi.

Amirlikka asos solinganda Zoid bin Sulton Ol Nahayon mamlakat boshqaruvini qo‘lga oladi va 2004 yilgacha, ya’ni vafotiga qadar prezidentlik qiladi. Marhum Xalifa bin Zoid Ol Nahayon uning o‘g‘li edi va 2004 yildan 2022 yilga qadar taxtda o‘tirdi.

Amirliklar o‘rtasidagi munosabat

Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiradi – amirliklar amalda mustaqil bo‘lsa, umumiy bayroq ostida birlashish va vakolatlar, tabiiy boyliklar taqsimotida ziddiyat kelib chiqmaydimi? Bu davlat yetakchilari har qanday kelishmovchiliklar faqat zarar keltirib chiqarishini, do‘stona munosabatlar, teng huquqlilik taraqqiyotga xizmat qilishini allaqachon anglab yetishgan.

Yana ko‘pchilik neftdan yog‘ilgan pullargina bu mamlakat taraqqiyoti va farovonligiga asos bo‘lgan, bu daromaddan ayrilish parchalanishga olib keladi, deb fikr bildirgan. Ammo ustomon amirlar tabiiy boyliklar sirtomog‘idan chiqib ketishni uddalay olishdi. 1980 yilda neftdan tushadigan daromad yalpi ichki mahsulotning deyarli 60 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 1995 yilga kelib bu ko‘rsatkich 40 foizga tushadi.

BAA asoschisi Shayx Zoid Abu-Dabida o‘zining nomi bilan ataluvchi yirik masjid loyihasini o‘g‘illari Shayx Xalifa va Shayx Sulton bilan muhokama qilmoqda.
Foto: Al-Ittihod

Keyingi o‘n yilliklarda neft narxi keskin oshishi hisobiga bu raqamlar yana ko‘tarilgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotni jadal diversifikatsiya qilish ortidan BAAda, xususan Dubay amirligida turizm va qurilish hajmi keskin oshadi.

Mamlakatga aql bovar qilmas mablag‘ oqib kelayotganini quyidagi raqamlarda ham sezsa bo‘ladi – 2018 yildayoq BAAda amalga oshirilayotgan qurilish loyihalarining qiymati 350 mlrd dollarga yetgan.

Iqtisodiy o‘sish BAA demografiyasiga ham ta’sir qilmay qolmagan. Amirliklarga sayohatga borganlar ba’zan mahalliy arablarni bir necha kunlab uchratmasliklari ham mumkin. Gap shundaki, bu davlatda turli maqomda yashovchi umumiy 10,2 mln aholining o‘rtacha 85 foizi (ba’zan bu raqam 88 foizdan ham ortadi) muhojirlardir. Mahalliy ba’daviylar va mamlakat fuqarolari taxminan 15 foizdan iborat. Bundan tashqari, har yili mamlakatga 16-17 mln atrofida sayyoh tashrif buyuradi.

Nahayon va Maktum

BAA vitse-prezidenti, Dubay amiri Muhammad bin Roshid Ol Maktum va BAAning ikkinchi prezidenti Xalifa bin Zoid Ol Nahayon
Foto: Emirates News Agency

Yana ko‘pchilikni ikki qudratli inson – Dubay amiri Muhammad bin Roshid Ol Maktum va marhum Xalifa bin Zoid Ol Nahayon munosabatlari qiziqtiradi. Ol Maktumning marhum xalifaga hurmati ko‘p jihatlarda namoyon bo‘lgan. Ularning eng yorqini nafaqat Dubayning, balki butun BAAning tashrif qog‘oziga aylangan “Xalifa Burji”ning ochilishida kuzatilgan.

Loyiha davrida ham, qurilish jarayonida ham dunyoning eng baland minorasi “Dubay Burji” nomida edi. Ammo 2010 yilning 4 yanvaridagi ochilish marosimida Ol Maktum minorani “Xalifa Burji” deb nomlagan hamda o‘z nutqida: “Bu minora bundan buyon va hamisha “Xalifa” nomi bilan ataladi”degandi. Bu Xalifaning 62 yoshiga o‘ziga xos sovg‘a sifatida taqdim etilgan.

Shuningdek, Dubay amirini mamlakatdagi eng badavlat odam deb o‘ylash ham to‘g‘ri emas. Forbes 2011 yilda uning boyligini 4 mlrd dollarga, BAA xalifasining boyligini esa 15 mlrd dollarga baholagan. Forbes, shuningdek, 2009 yilda Xalifa Nahayon oilasining umumiy boyligi 150 mlrd dollar atrofida ekanini xabar qilgan. 2021 yildagi xalqaro jurnalistik surishtiruvlar esa Ol Maktumning boyligi 14 mlrd dollar atrofida degan xulosaga kelgan.

BAAning uchinchi prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon
Foto: Andy Rain / Bloomberg

Xalifaning vafoti amalda ko‘p narsani o‘zgartirmaydi. Chunki, yuqorida aytilganidek, uning o‘rnini kim egallashi avvaldan ma’lum bo‘lgan va uning ukasi Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shundoq ham ko‘p yillardan buyon bemor akasi bergan vakolatlarga ko‘ra davlatni boshqarib kelayotgan edi.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: