Rossiyada chegara hududida yana qurbon bor: Kursk oblastiga zarba oqibatida bir kishi halok bo‘ldi

Jahon 16:21 / 19.05.2022 11705

Region rahbari ma’lumotiga ko‘ra, hudud erta tongda o‘qqa tutilgan, mahalliy spirt zavodiga bir necha zarba kelib tushgan. Natijada korxonaga xomashyo keltirgan yuk mashinasi haydovchisi halok bo‘lgan.

«Raqib bu obektga bir necha bor zarba berdi. Yaralanganlar ham bor. Ularga birinchi yordam ko‘rsatildi. Hozir posyolkada yong‘inni o‘chirish ishlari olib borilmoqda. Bir necha uy shikastlangan. Portlamay qolgan snaryadlar ham borligi haqida xabar qilishmoqda», - deya yozgan Starovoyt o‘z telegram-kanalida.

Ukraina tomoni Tetkino o‘qqa tutilgani bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermagan.

Kursk oblasti gubernatori Roman Starovoyt voqea joyidan suratlarni e’lon qilgan. Foto: T.ME/GUBERNATOR_46

Bu Starovoyt Tetkino va chegaradagi boshqa aholi punktlari Ukraina tomonidan o‘qqa tutilishi haqida ilk bor xabar berishi emas.

Qolaversa, bu Rossiya tinch aholisi orasidagi navbatdagi qurbondir - o‘tgan haftada Belorod oblastining Soloxi qishlog‘ida zarbalar oqibatida ikki kishi qurbon bo‘lgandi. Ukrainada urush boshlanganidan buyon chegara hududlari rahbarlari ko‘p marta turli qishloqlar o‘qqa tutilgani haqida xabarlar berishgan.

Tetkino Ukrainaning Sumi oblasti bilan chegara yaqinida joylashgan.

Bu region ma’muriyati rahbari Dmitriy Jivitskiy chorshanba kuni kechqurun Rossiya hududidan turib Ukrainaning Tetkinoga yaqin joylashgan Belopole shahri hududiga o‘ziyurar artilleriya qurilmalari va o‘qotar qurollardan zarbalar berilganini aytgandi. Jivitskiyning so‘zlariga ko‘ra, otishma «qariyb yarim soat vaqt davom etgan».

Jivitskiyning tasdiqlashicha, shu kuni kechqurun Rossiya tomonidan Sumi oblasti bilan chegaraning butun hududi bo‘ylab o‘q yog‘dirilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshidan buyon tinch aholi vakillari bo‘lgan 3,5 mingdan oshiq kishi halok bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: