Qurigan Orol tubidagi kelajak: Ustyurtda gaz qanday qazib olinadi?

O‘zbekiston 11:00 / 19.05.2022 12703

Ustyurt O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududini qamrab olgan. Mintaqa Ustyurt platosi va Orol dengizi qurigan tubligini o‘z ichiga oladi. Bu hududda asosan gazkondensat sanoat-mahsuldorlik qatlamlari yura davri cho‘kmalari, ayrim hollarda paleozoy davri cho‘kmalariga to‘g‘ri keladi.

Foto: Kun.uz

Press-turning boshlanishida yangi quduq ochilishiga guvoh bo‘ldik. Yer qa’ridan chiqayotgan tabiiy boylik qanday qazib olinishini, jarayonlar qanday olib borilishini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

Quduqlarda burg‘ilash ishlarini olib borayotgan xodimlardan biri Sherali Avezov kasb mashaqqati va mehnat samarasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, noqulay ob-havo sharoitidagi og‘ir mehnat quduqlar ishga tushgandan keyin unutiladi. Sherali Avezov burg‘ilash ishlarini avtomatik ravishda kuzatib boradi. Eng kichik detal ham uning nazaridan chetda qolmaydi.

Foto: Kun.uz

O‘tgan davr ichida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari olib borilgan. Natijada 18 ta yangi maydonlar burg‘ilash ishlariga kiritilgan, 183 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlari bajarilgan va 50 ga yaqin yangi quduqlarda qurilish bilan yakuniga yetkazilgan.

Umumiy qilingan ishlar yakuniga ko‘ra, 5 ta yangi - Besqala, Quyi Surgil, Oraliq, Kushqair, G‘arbiy Quyi Surgil va Quyi Sharqiy Berdaq gazkondensat konlari ochildi. 44 mlrd kub metrdan ortiq tabiiy gaz hamda 2,6 mln tonnadan ziyod suyuq uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirishga erishilgan.

Foto: Kun.uz

Ushbu orqali regionda jami ochilgan konlarning soni 25 taga yetkazildi. Ularning umumiy zaxiralari 395,6 mlrd kub metr tabiiy gaz, 96 mln tonna neft va 14,6 mln tonna gaz kondensatini tashkil qiladi.

Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Olim O‘rinboyev regionda amalga oshirilayotgan ishlar, geologiya qidiruv ishlarining borishi va kelajakdagi istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berdi. Olim O‘rinboyevning ta’kidlashicha, Ustyurt regioni kam tadqiq qilingan, ammo zaxiralarga juda boy hudud hisoblanadi.

Foto: Kun.uz

So‘nggi ikki yilda 73 ta quduq burg‘ilandi, 123 ta quduq mukammal ta’mirlandi, 10 ta texnologik obektlar qurib ishga tushirildi. Natijada esa, qo‘shimcha tarzda 2 319,9 mln kub metr tabiiy gaz va 54,5 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan geologik-texnik chora-tadbirlarning amalga oshirilishi va mavjud quduqlarni samarali ishlatish natijasida o‘tgan 2021 yilda boshqarmaning tabiiy gaz va gaz kondensatini qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘ldi:

Tabiiy gaz – 3 873,9 mln kub metr (o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 124,3 foiz);

Gaz kondensati – 53,0 ming tonna (o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 100,2 foiz).

Foto: Kun.uz

Boshqarma 2022 yilda ham o‘z oldiga yuksak marralarni qo‘ygan. Joriy yilda 4 696,9 mln kub metr tabiiy gaz va 65,0 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda boshqarmaga qarashli 8 ta konlarda bir kunda – 13,1 mln kub metr tabiiy gaz (2019 yilga nisbatan 7,9 mln kub metrga ko‘p) va 115 tonna gaz kondensati qazib chiqarilmoqda.

2022 yilning yanvar-aprel oylarida boshqarma tomonidan 1 510 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, o‘sish sur’ati 2021 yilning mos davriga nisbatan 130,6 foizni tashkil etgan.

Uglevodorodlarni qazib chiqarishni ko‘paytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi hisobiga 8 ta quduq burg‘ilandi, 14 ta quduq mukammal ta’mirlandi, 2 ta texnologik obektlar qurib ishga tushirildi. Natijada esa, qo‘shimcha tarzda 126,2 mln kub metr tabiiy gaz va 2,8 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarildi.

Foto: Kun.uz

Press-tur davomida Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasining bosh muhandisi Zafar Rajabov “Arslon gazni kompleks tayyorlash qurilmasi” haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning aytishicha, 2019 yilda faoliyatini boshlagan ushbu qurilma yildan yilga ishlab chiqarish sur’atini oshirib bormoqda.

Boshqarma tomonidan 2022 yilda jami 74 ta geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda 25 ta yangi gaz quduqlarini burg‘ilashdan ishga tushirish, 44 ta mavjud gaz quduqlarida mukammal ta’mirlash va intensifikatsiya ishlarini olib borish hamda 5 ta texnologik obektlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yuqoridagilarni amalga oshirish natijasida qo‘shimcha 1,14 mlrd kub metr tabiiy gaz hamda 19,5 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish rejalashtirilmoqda.

Foto: Kun.uz

Press-tur yakunida Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi boshlig‘i Olim O‘rinboyev geologiya qidiruv jarayoni va burg‘ilash ishlarida samaradorlikni oshirishning yangi usuli haqida ma’lumot berdi. Uning aytishicha, yangi qo‘llanilayotgan usul yordamida sarf-xarajat ham, mehnat ham tejaladi. Ammo natija avvalgilariga qaraganda yuqoriroq bo‘ladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Ustyurt regioni hududida neft va gaz sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish davom etmoqda.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: