Huquq faoli qamoqxonada Otabek Sattoriy va Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev bilan uchrashganini ma’lum qildi

O‘zbekiston 18:24 / 19.05.2022 34352
Otabek Sattoriy va Bekzod Nurmatov / Foto: “Ezgulik” jamiyati

Bekzod Nurmatovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili qoshidagi Milliy preventiv mexanizmlar bo‘yicha ishchi guruhi Navoiy viloyatida jazoni ijro etish muassasalaridagi sharoitlar bilan tanishgan.

Ishchi guruh tarkibida Ombudsman vakillari, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati hamda “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi vakillari bo‘lgan.

“Navoiy shahridagi 4-sonli umumiy tartibli koloniya 1800 nafar mahkum uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda bloger Otabek Sattoriy jazo muddatini o‘tamoqda. U qurilish mollariga naqsh bosuvchi sexda operator bo‘lib ishlayotgan ekan. U biz bilan uchrashuvda o‘zining nohaq qamalgani, sudlarning adolatsizligini aytib o‘tdi, oilada yolg‘iz boquvchi ekanini, ozodlikka chiqish uchun kurashayotgani va faqat prezident Mirziyoyevga ishonishini ta’kidladi.

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan koloniyada bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev bilan uchrashdik. Fozilxo‘ja biz bilan suhbatda qamoqxona sharoitidan shikoyati yo‘qligi, plastik sexida usta bo‘lib ishlayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, sud hukmidan norozi ekanini bildirdi. “Qamalmasligim kerak edi”, deb aytdi u bizga”, deydi Bekzod Nurmatov.

Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev / Foto: “Ezgulik” jamiyati

Zarafshondagi koloniyada jazo o‘tayotgan 684 nafar mahkumdan 27 nafari, Qiziltepadagi koloniyada saqlanayotgan 1123 nafar mahbusdan 62 nafari diniy-ekstremistik ayblovlar bilan qamalgan. Qiziltepadagi qamoqxonada, shuningdek, Ahmadboy nomi bilan tanilgan moliyaviy piramida asoschisi, 2020 yilda 9 yilga hukm qilingan Ahmadjon Tursunboyev ham jazo muddatini o‘tayapti. 

“Ezgulik” jamiyati raisi o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Navoiy shahridagi 12-sonli qattiq tartibli koloniyada saqlanayotgan bloger Akmal Sharopov oilasi bilan uzoq muddatli uchrashuvda ekani sababli u bilan uchrashishning imkoni bo‘lmagan.

Bekzod Nurmatovning so‘zlariga ko‘ra, mahkumlardan qiynoq va noinsoniy muomala bo‘yicha shikoyatlar bo‘lmagan.

  • Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 2021 yil 10 may kuni tuhmat va tovlamachilikda ayblanib, 6 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingandi. Keyinchalik viloyat sudi va Oliy sud apellyatsiyani ko‘rib chiqib, jazo muddatini o‘zgarishsiz qoldirdi.
  • Toshkentda yashagan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev esa jamoat tartibini buzganlikda ayblanib 15 sutka ma’muriy qamoqqa olingan, shundan keyin IIBB uning Facebook'dagi profilida “diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi” materiallar joylangan deb topgandi. Shunga asosan Orifxo‘jayev 2022 yil yanvarida 7 yil-u 6 oyga qamaldi.
Ko‘proq yangiliklar: