Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishi bo‘yicha muzokaralarni bloklab qo‘ydi

Jahon 21:31 / 18.05.2022 15605

Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lish uchun bergan arizalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha muzokaralarni bloklab qo‘ydi, deb xabar berdi Financial Times o‘z manbalariga tayanib.

NATO mamlakatlari muhokamani Finlandiya va Shvetsiya ariza bergan 18 may kuniyoq boshlashni rejalashtirgandi. Bu esa avvalroq NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg taxmin qilganidek bu mamlakatlar arizalari bir-ikki hafta ichida ma’qullanishi ehtimolini yo‘qqa chiqaradi, deb yozadi FT. 

Nashrning qayd etishicha, endi AQSh, Turkiya, Finlandiya va Shvetsiya diplomatlarini bir necha kunlik keskin munozaralar kutmoqda.

Turkiya rasmiy vakili Anqara jarayonni to‘xtatgani, ammo Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirish imkoniyatini istisno qilmasligini aytdi.

«Biz ular NATOga a’zo bo‘la olmaydi demayapmiz. Faqat biz to‘qnash kelayotgan tahdidga nisbatan bir to‘lqinda bo‘lishimiz lozim», — dedi u.

Avvalroq Turkiya hukumati Shvetsiya va Finlandiya NATOga a’zo bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatmaslik uchun o‘z talablari aks etgan ro‘yxatni tuzgani haqida xabar qilingandi

Bloomberg agentligi yuqori doiralardagi uch manbasiga tayanib xabar berishicha, Turkiyaning talablari qatorida Shvetsiya va Finlandiya Kurdiston ishchilar partiyasi va u bilan aloqador tuzilmalarni terrorchilik tashkilotlari sifatida tan olishi kerakligi ko‘rsatilgan. 

Shuningdek, agentlik suhbatdoshlari ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya F-16 qiruvchi samolyotlarining yangi partiyasini olishni hamda o‘z armiyasi ixtiyoridagi shu kabi samolyotlar modernizatsiya qilib berilishini istamoqda. 

Bundan tashqari, Turkiya hukumati mamlakat yana F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish dasturiga qaytarilishini kutmoqda, mamlakat 2019 yilda Rossiyadan S-400 zenit-raketa tizimlarini olganidan keyin bu dasturdan chiqarilgandi. Anqaradagilar bu kelishuv tufayli qo‘llangan boshqa cheklov choralari ham bekor qilinishiga erishmoqchi.

Ko‘proq yangiliklar: