Toshkentning ikki mahallasidagi art rezidensiyalar fransiyalik arxitektorlar tomonidan rekonstruksiya qilinadi

O‘zbekiston 15:54 / 18.05.2022 4911

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Fransiyaning “Studio KO” arxitektura byurosi tomonidan tashkillangan tadbirda fransiyalik arxitektorlar – Olive Marti, Maksimilen Grunig va Jan-Batist Kariz o‘z loyihalarini jamoatchilik faollari va jurnalistlarga taqdim etdi.

Loyiha mualliflarining aytishicha, rekonstruksiya ishlari davomida mahallalardagi obektlarning asl ko‘rinishi saqlab qolinadi.

Birinchi art rezidensiya Namuna mahallasidagi “Matkarimboy” madrasasida joylashtiriladi va uning an’anaviy me’moriy qiyofasini saqlab qolgan holda restavratsiya qilish rejalashtirilgan. Ikkinchi loyiha – Xasti Imom mahallasidagi sobiq bog‘cha binosi hisoblanadi. Ushbu obektlarda zamonaviylik qo‘shish hamda aholiga qulayliklar yaratish uchun o‘yingoh va dam olish joylari ham qurilishi aytildi.

Shuningdek, tadbirda arxitektor Vilgelm Gelsenman tomonidan 1912 yilda Toshkentdagi ilk tramvay tarmog‘ining dizel elektrostansiyasi sifatida barpo etilgan Zamonaviy san’at markazi binosining rekonstruksiya loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi.

Obekt ikkita binodan iborat bo‘ladi. Ma’muriy binoda kutubxona, jamoatchilik uchun mo‘ljallangan joylar, xodimlar uchun ofis joylashadi. Birinchi bino esa ko‘rgazmalar zallaridan iborat bo‘ladi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i Saidaziz Eshonxo‘jayev binoning qurilishga sarflanishi rejalashtirilgan mablag‘lar miqdorining hali ma’lum emasligini aytdi:

 “Obektni qurish qanchaga tushishini ayta olmayman, chunki loyihalashtirish hali yakuniy bosqichda. Shu bois qurilish qanchaga tushishi kelgusida ma’lum bo‘ladi.

Qurilish muddati haqida ham hozirdan gapirish qiyin, chunki obekt Madaniy meros agentligi himoyasiga olingan. Shuning uchun qurilish ishlari nafaqat qayta qurish, balki restavratsiya ishlarini ham o‘z ichiga oladi. Bu esa ma’lum vaqtni talab qiladi. Taxminimcha, bunga 2 yilcha vaqt kerak. Ammo aniqki, qurilish ishlari shu yildayoq boshlanadi”, – dedi Saidaziz Eshonxo‘jayev

Rejaga ko‘ra, 2021 yilda boshlangan ishlarni to‘liq yakunlash 2023 yilga mo‘ljallangan.

Ko‘proq yangiliklar: