Prezident administratsiyasi va hukumatga ochiqlikka oid farmon talablarini bajarmayotgan hokimliklar haqida ma’lumot kiritildi

O‘zbekiston 18:07 / 18.05.2022 9204

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ochiqlikka doir prezident farmoni talablari ijrosi, xususan, 2022 yil 1-choragi yakunlariga ko‘ra, mahalliy budjet daromadlar rejasining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqlanishi holati o‘rganildi.

Agentlik matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, o‘rganish natijalariga ko‘ra Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida yuqorida qayd etilgan ushbu ma’lumotlar o‘z vaqtida e’lon qilib borilayotgani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Namangan, Xorazm viloyati hokimliklari tomonidan esa qisman ochiqlangani aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyat hokimligi rasmiy veb-saytida bunday ma’lumotlar so‘nggi bor 2021 yilning 1-choragi holatiga ko‘ra joylashtirilgan. Toshkent shahar hokimligi tomonidan esa farmonda ko‘rsatilgan ushbu ma’lumotlar umuman ochiqlanmagan.

«Agentlik tomonidan monitoring natijasida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga qat’iy rioya etilishini nazoratga olish bo‘yicha 8 ta mahalliy hokimlikka ogohlantirish yuborildi.

Bundan tashqari, prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli ma’lumot kiritildi», – deyiladi ma’lumotda.

Ko‘proq yangiliklar: