«Menga otishni buyurishdi». Rossiyalik harbiy sudda qurolsiz ukrainalikni o‘ldirganini tan oldi

Jahon 19:21 / 18.05.2022 36564

Rossiyalik harbiy xizmatchi Vadim Shishimarin sud jarayonida qurolsiz tinch aholi vakilini o‘ldirganiga iqror bo‘ldi. Bu haqda BBC muxbiri Kiyevdagi sud zalidan xabar bergan.

Prokuratura versiyasiga ko‘ra, 28 fevral kuni Sumi oblastidagi Kamishi qishlog‘i yaqinida tarkibida 21 yoshli serjant Shishimarin ham bo‘lgan kolonna Ukraina armiyasi tomonidan o‘qqa tutilgan. U va yana to‘rt nafar rossiyalik harbiy chekinayotib begona avtomobilni o‘g‘irlashgan va chegara tomon harakatlana boshlashgan.

4 may kuni Ukraina xavfsizlik xizmati Shishimarinning so‘zlari yozilgan videoni e’lon qildi.

Lebedinskiy ko‘chasidagi 52-uy oldida ular mahalliy aholi vakili - Aleksandr Fedorovich Shelipovni uchratishgan, u bu vaqtda telefonda gaplashayotgan bo‘lgan. Rossiyalik harbiy Pufakov (u keyinroq halok bo‘lgan) Shishimaringa bu odam ukrain harbiylariga ular haqida ma’lumot yetkazmasligi uchun  uni o‘ldirishni buyurgan. Shishimarin avtomatdan o‘t ochgan. Bu Ukraina tomoni taqdim etgan voqealar rivoji versiyasi.

Rossiya mudofaa vazirligi Shishimarin bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumot bermagan. Kreml bu borada yetarli axborotga ega emasligini bildirgan.

«Menga otishga buyruq berildi va men unga qarata o‘t ochdim, u yiqildi. Biz yo‘limizda davom etdik», deya ko‘rsatma beradi Shishimarin Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan yozib olingan videoda.

Keyinroq Shishimarin va uch nafar harbiy asirga tushgan.

Sudyaning aniqlashtiruvchi savoliga javoban, Shishimarin qotillik sodir etganini tan olgan.

Shishimaringa «Urush qonunlari va odatlarini buzish» moddasi bo‘yicha ayb qo‘yilgan. U 10-15 yilga ozodlikdan mahrum etilishi yoki umrbod qamalishi mumkin.

Bu Ukraina hududida sodir etilgan jinoyat uchun rossiyalik harbiyning sud qilinishi bilan bog‘liq birinchi holatdir.

Shishimarinning advokati Viktor Ovsyannikov ayblovni boshqa yumshoqroq moddaga almashtirishga harakat qilmoqda, ammo bu aynan qanday moddaligiga aniqlik kiritilmagan.

Advokat BBC korrespondentiga oqlov hukmiga erishishni rejalashtirayotganini aytgan. «Prokurorga kuzir bermaslik uchun himoya liniyasini ochiqlamayman. Pozitsiyani debatda bildiraman», degan u.

Seshanba kungi sud majlisi qisqa bo‘lgan - sud jurnalistlar bilan to‘lib-toshgani bois majlisni davom ettirish 19 mayga qoldirilgan. Sud jarayoni butunlay ochiq, sud majlisi videotranslatsiyasini YouTube orqali kuzatish mumkin.

Sudda vafot etgan shaxsning bevasi, Shishimarinning o‘zi va ayblovchi tomonning ikki guvohiga so‘z berish, shuningdek ashyoviy dalillar - avtomatlar va mobil telefonlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Sudda yangragan ma’lumotlarga ko‘ra, Shishimarin 21 yoshda, u Irkutsk oblastining Ust-Ilimsk shahridan, Moskva oblastidagi 4-Kantemir tank diviziyasida bo‘lim komandiri bo‘lib xizmat qilgan.

18 may kuni Kreml rasmiysi Dmitriy Peskovdan Ukrainada sud qilinayotgan ilk rossiyalik harbiy bo‘yicha so‘rashdi. «Hali [batafsil] ma’lumot yo‘q, afsuski, u yerda [Kiyevda] diplomatik vakolatxonamiz yo‘qligi tufayli yordam ko‘rsatish imkoniyati cheklangan», degan u jurnalistlarga Rossiyaning Shishimaringa yordam ko‘rsatishi imkoniyati borasidagi savolga javoban.

Ko‘proq yangiliklar: