“Jazolayverish bilan natija bo‘lmaydi” - ekspert cheklar mojarosi haqida

O‘zbekiston 12:55 / 18.05.2022 17979

1 yanvardan boshlab xarid chekini “Soliq” mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolarga xarid summasining 1 foizi qaytarila boshlandi. Chek bermaganlik holatlari yuzasidan soliq idoralariga xabar bergan fuqarolarga esa mukofot puli berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Aynan chek bermaslik holatlari yuzasidan xabardor qilish tizimi tadbirkorlar va fuqarolar o‘rtasida rezonanslarni keltirib chiqarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda samosud, xaridor va sotuvchi janjallari aks etgan videolar kunda-kunora tarqalmoqda.

Jamiyatda bu o‘zaro kelishmovchiliklar ildizi qayerda, nega tadbirkor chek bermaydi, muammoga yechim bormi – ushbu savollar yuzasidan tadbirkorlar bilan muntazam ishlaydigan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga o‘z fikrlarini bildirdi.

“Kasalning sababi bilan emas, asorati bilan kurashyapmiz”

— Jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishmoqchi, lekin bu jarayonda jamiyatning aksariyat qismi tadbirkorlarga teng imkoniyat yaratilmaganini bilgan holda “ustupka”ga boryapti.

Bitta shaxs tomonidan bir kunda o‘nlab do‘kondan 1-2 ming so‘mlik xaridlar amalga oshirilgan holatlar bor, maqsad – tadbirkor chek bermasligi va uning ustidan shikoyat yozib pul ishlash. Siz har kuni 30ta do‘konga kirib, 1-2 ming so‘mlik narsa sotib olmaysiz. Ehtiyojingiz bo‘lsagina sotib olasiz.

Bu – salbiy tomoni. Ijobiy tomoni esa ko‘pchilik jarimadan qo‘rqib chek uryapti. Biroq aholi va tadbirkor o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda, bu hatto samosud holatlariga ham sabab bo‘lmoqda. Tadbirkorlik o‘zi oson ish emas va uni doimiy jarimaga tushirayotgan odamni topsa, ertaga uni kechirmaydi. Avvalo, tadbirkor chek urmasligining sababi nima degan masalaga to‘xtalishimiz kerak.

Soliq yuki…

— Bizda holat shundayki, tagiga olov yoqilgan joydan yugurmasdan o‘tish talab qilinyapti. Chek uradigan bo‘lsa, qaysidir miqdorda soliq yuki oshib ketib qoladi. 1 mlrd so‘mgacha aylanmadan soliq to‘layotgan tadbirkor, aylanmasi 1 mlrddan oshgandan keyin QQS to‘lovchisiga o‘tib ketadi. Bu u uchun soliq yuki 4-5 barobarga oshib ketdi degani. Bu narsadan qochish uchun tadbirkor chek urmaslikka majbur bo‘ladi.

Ayb balki odamlarda emas, mexanizm to‘g‘ri yaratilmaganidadir? Hozir kasalning asorati bilan kurashyapmiz, lekin u qayerdan kelib chiqayotgani bilan qiziqmayapmiz.

Biz bilan gaplashgan tadbirkorlar aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshib ketsa, QQSga o‘tib ketamiz-ku, shu chegarani 10 mlrd so‘m qilib qo‘yinglar, hamma to‘laydi deyishadi. Hozirgi kunda tadbirkorlikda raqobat yuqori bo‘lgani uchun tadbirkor 4-5 foizga ishlayapti. 4 foiz emas, 2-3 foiz qilib qo‘yinglar, hammasini to‘laymiz deydigan tadbirkorlar ham bor. Mutaxassis sifatida aytaman: 2 foiz emas, 1 foiz qilib qo‘ygan taqdirda ham chek urishga to‘liq erishilmaydi. Odamlar 4 foiz soliq to‘lashdan qochmayapti, ular mexanizm noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan deb hisoblab QQS to‘lovchisiga aylanishdan qochyapti.

Shundan qochyaptimi, demak tadbirkorga sog‘lom muhitni yaratib berishimiz kerak. Jazolash mexanizmi bilan yaxshilikka erishib bo‘lmaydi.

“Nazorat va tekshiruvlar haddan ziyod ko‘p”

— Biz soliq maslahati tashkilotimiz va bizga faqat iqtisodiy jihatdan jabr chekkanlar, ya’ni “moliyaviy kasallar” keladi: yo soliqdan, yo boshqa iqtisodiy muammolardan shikoyat qilib kelishadi. Noqonuniy ishlab turgandim, qonuniyga o‘tsam falon-falon hisoboti bor ekan, “qizil”ga (soliq to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchi) tushsa, unday bo‘larkan, bunday bo‘larkan – shu paytgacha noqonuniy ishlab turgandim, hech kim indamayotgandi, xotirjam ishlayotgandim, qonuniyga o‘tgach “qizil”ga tushib qoldim, tekshirish keldi, deydi.

Nazorat turining ko‘payishi – soliq yukining oshib ketishi omillaridan biri. Soliq yuki deganda soliq stavkalari tushuniladi. Biroq aslida nazorat turi ko‘pligi ham soliq yukini oshiradi.

Hozirgi kunda nazoratlar shundayki, soliq idorasi tadbirkorni xohlagan paytida tekshiradi. Shunday holatlar bor, bir davrda bitta korxonaga 3 marta kameral tekshiruv chiqqan. Oxiri korxona prokuraturaga yozdi.

Hammamizda odat bo‘lib qoldiki, besh yil oldingidan hozir yaxshi deymiz. Lekin tekshiruvlar masalasiga kelsak, besh yil oldin kim qachon tekshirilishini bilardi. Tekshirilishiga yaqin hujjatlarini to‘g‘rilab qo‘yardi. Tadbirkor oldindan tekshirilishini bilsa, o‘zini tayyorlaydi, hujjatlarini to‘g‘rilaydi. Qonuniy to‘g‘rilay oladigan joyini to‘g‘rilaydi, to‘g‘rilay olmagan joylarining hisobotini topshiradi. Buning nimasi yomon?

Biz bilan ishlaydigan tadbirkorlarga yaqinda o‘zidan o‘zi soliq auditi e’lon qilindi. Asos: “qizil”ga tushibsan, “qizil” yo‘lakka tushganlarni ham tahlil qiladigan bo‘lsak, formula bo‘yicha “qizil”ga tushishdan maqsad soliq to‘lamaydigan nohalol tadbirkorni aniqlash edi. Hozir siz tovar sotib olasiz, bir oydan keyin siz u tovarni sotmagan bo‘lsangiz, “qizil”ga tushasiz. Import qildingiz, hech kimga hisob-faktura bermadingiz, invoys orqali tovarni olgansiz, uni sotadigan bo‘lsangiz, dastur bu tovarni hisob-faktura bilan olmagan deb “qizil”ga tushirib qo‘yyapti. Gap “qizil”ga tushganida-yu, uning xatoligida emas, gap “qizil”ga tushgan tadbirkorni soliq organi xohlagan paytda tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lib qolyapti.

Tekshirishlar ko‘payib ketgani sari soliq yuki oshadi, sog‘lom muhit buzilishi natijasida bu ham chek bermaslikka yetib boradi.

“Chek bermaslikning yana bir sababi – noteng raqobat”

— Ayrim korxonalarga alohida imtiyozlar bor, vaholanki, Soliq kodeksida alohida imtiyozlar berish mumkin emas deb yozib qo‘yilgan. Kimdir tovar olib kirganda barcha soliqlarni to‘laydi, ayrim korxonalar imtiyozlardan foydalanib tovarlarni bir necha barobar arzonroq olib kiradi. Bu yerda raqobat muhiti buziladi va kuchlar teng emasligi natijasida imtiyozsiz tovar olib kirgan korxona yo chek urmaydi soliq to‘lamaslik uchun, yoki kontrabanda qilib bekitib olib kirishga harakat qiladi.

“Xaridorga chek bermasa ham, kassaga ursa bo‘ldi, jarima to‘lamaydi”. Aslida ham shundaymi?

— Soliq qo‘mitasi tadbirkor xaridorga chek bermasa ham (ya’ni xaridor chekni olmay chiqib ketsa) jarimaga tortilmaydi, kassaga ursa bo‘ldi degan pozitsiyada turmoqda. Ammo soliq organi “ha, noqonuniy qilyapmiz” demaydi-ku, ular qonuniy pozitsiyasini gapiryapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqaldi: sotuvchi chek berdim-ku, yana nima kerak deyapti. Do‘konda janjal kelib chiqqan.

O‘zimda ham misol bor. “Chek bermagan, ammo kassaga urganlarga hech narsa demaymiz” deydiganlarga video syomkasigacha bor. Sotuvchi xaridorga chek berdi, ikkinchi marta keldi, yana chek berdi, yana aylanib keldi, yana chek berdi, “ming so‘m qaytimiga maska berib yuboring” dedi, sotuvchi shunga ham chek berdi, lekin olmay chiqib ketdi. Soliq organi ketidan kirib kelyapti, “chek bermading” deb. Sotuvchi kassa apparatdan ko‘rsatyapti: mana, kassaga urdim deb. “Yo‘q, sen qo‘liga chek bermading” deb, iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha (unga ham alohida jarima ko‘zda tutilgan-da) jarima qilib ketishdi.

Soliq organi qonun bo‘yicha qanaqa bayonot berishi kerak bo‘lsa, shunaqa bayonot beradi, o‘zini oqlaydi. Chek chiqarsa jarima qilmaymiz degan odamlarning balki o‘zi shunaqa qilmayotgandir, lekin amalda chek chiqarganga ham “baribir jarimani to‘laysan, ustingdan shikoyat tushgan” deb kelishyapti. Bizda nechta-nechta misollar bor. Maxfiylik nuqtayi nazaridan tadbirkor “ha, aytaver” demaguncha, bu holatlar manbalarini oshkor qilolmaymiz. Lekin aniq faktlar bor.

“Hujjatlashtirish juda ham ko‘paytirib yuborilgan”

— Oddiy misol, aylanmadan soliq to‘lovchi. Hozir MXIK (mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi) chiqqan, har bir tovaringning kodi bo‘lsin deydi. Lekin aytaylik, yakka tartibdagi tadbirkor, uyidagi choynagini olib chiqib sotishga ham haqqi bor. Tadbirkor sotgan narsasining solig‘ini to‘lasin, bo‘ldi. Soliq organiga har bir sotgan narsasining hujjati kerakmi yoki tadbirkor to‘lagan soliq kerakmi? Naqdga olib kelib sotayotgan narsasini qanday qilib rasmiylashtirishni o‘rgataylik, bo‘ldi.

“O‘rikzor”dan shokolad olib kelib sotyapti, soliq organi “noqonuniy tovar sotyapsan, kirim qilmagan tovaringdan 20 foiz jarima qilaman”, deydi va hokazo. Ertaga chek urmasligi ham shundan kelib chiqyapti: buni naqdga sotib olganman-ku, uning hujjatini ko‘rsatib berolmayman, deydi tadbirkor. Undan ko‘ra, tushuntirib qo‘yaylik: bozordan olib kelyapsanmi akt tuzib qo‘y, sotaver. Hisobingga pul tushdimi, naqd kerak bo‘lsa, ol-da, qayerdan tovar olsang ham kirim qilib qo‘y-da, sotaver.

Buni o‘rgatib qo‘ysak ham, ayrim inspektorlar kelib baribir shtraf qilaman deyapti. Tadbirkor jarimadan, soliq organi xodimlari bilan konfliktga borishdan qochadi va bu oxiri korrupsiyaga yoki chek urmaslikka olib keladi.

Bir statistika bor: Toshkent shahrida 2691 nafar shaxs tomonidan QR-kod orqali chek bermadi degan shikoyat qoldirilgan. Shuncha odamdan 14 115ta shikoyat qoldirilgan, bu bitta odam o‘rtacha 5ta shikoyat qoldirganini anglatadi. Shundan 68745tasi takroriy, bitta do‘konga qayta-qayta berilgan shikoyatlar. Bitta korxonaga 3 oy ichida 32 marta shikoyat tushgan, 80 million so‘m jarima to‘lagan. Demak, bitta do‘konga 10 marta tekshiruv kelgan. Soliq organidagi xodimlar bilan bo‘ladigan har qanday (qonuniy yoki noqonuniy) kontakt – tadbirkor uchun noxush holat hisoblanadi.

“Tadbirkor arzimas summadagi xaridga chek bermaslikdan manfaatdor emas”

— “Xalq soliqlarni qancha to‘lay olishini emas, doimiy qancha to‘lay olishini o‘rganishimiz kerak” degan gap bor. Biz xalq doimiy qancha soliq to‘lay olishini o‘rganmayapmiz. Chek urmaslikka sabab – doimiy soliq to‘lay olmaslikmi, demak, muhitni to‘g‘rilab berishimiz kerak.

Chek bermasang, jarima qilamiz deyilyapti, lekin tadbirkor doimiy jarima to‘lab ishlolmaydi. Oyog‘ining tagi qizib turibdi, lekin yugurib o‘tma deyilyapti, vaholanki u yerdan yugurmasdan o‘tish ilojsiz. Yurib o‘tsang jarima qilaman desa, tadbirkor bu qonuniy yo‘ldan yurmay qo‘ya qoladi.

Doimiy jazolash bilan maqsadga erisholmaymiz. Muhitni yaxshilab berishimiz kerak. 1 so‘mlik xarid bo‘lsa, 1 so‘mga, 500 so‘m bo‘lsa, 500 so‘mga chek urib ber deb talab qilinyapti. To‘g‘ri, urib berishi kerak, lekin savdo zo‘r bo‘lib turgan, hamma ishdan qaytayotgan tig‘iz paytda, to‘xtamasdan savdo bo‘ladi: kimdir bitta non olib, kassaga navbatda turib o‘tirmay “aka, bitta non oldim” deb pulini tashlab keta qoladi, sotuvchi unga chek urishga ulgurmaydi.

Tadbirkor biladi, 50 ming yo 100 ming so‘mlik chekni urmasa, 2,5 mln so‘m jarima to‘laydi – demak, u 50-100 ming so‘mlik chekni urmaslikdan manfaatdor emas. Tadbirkor arzimas summadagi xaridlarda soliqdan qochib, foyda ololmaydi. Bu borada, e’tiborga olmaslik foizini belgilash kerakdir balki. Masalan, kassadagi farq 50 ming so‘mgacha bo‘lsa, “ulgurmadim” desa bo‘ladi, undan ortiq holatlarda “sen soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayapsan” desak, sal mantiqqa to‘g‘ri keladi.

Menimcha, soliq organi savdo hajmiga nisbatan 5 foizgacha miqdorda chek bermaslik holatlariga qasddan qonunbuzish deb qaramasligi maqsadga muvofiq. Chunki ming so‘m, 5 ming so‘mdan kelib chiqadigan aylanmadan soliq 40 so‘m yo 200 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin, bunaqa 40-200 so‘m soliqdan qochib, hech kim 2,5 mln so‘mlik jarima riskiga bormaydi.

“Tadbirkorga nima qulayroqligini o‘zidan so‘raylik”

— Yana bir taklifim – yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mga yetganda QQS to‘lashga o‘tishni ixtiyoriy qilib belgilash. Chakana savdo do‘konlariga soliq rejimini tanlash ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Hozir majburiy, shu sabab hamma qochishning harakatini qiladi. Ixtiyoriy qilinsa, tadbirkor o‘zi tanlaydi: QQS to‘lash foydaliroq bo‘lsa, QQSga o‘tadi, aylanmadan soliq foydaliroq bo‘lsa, shunda qoladi. Hozir rasmiy aylanmam oshib ketsa, boshqa soliq rejimiga o‘tib ketaman deb, shundan qochyapti tadbirkorlar. Yoki majburiy bo‘lsa ham, chegarani 10 mlrd so‘m qilib qo‘yish kerak.

Sotsiologik o‘rganishlar qilganimizda, tadbirkorlardan so‘raganmiz: Nima qilsa, soliq to‘laysan? Ko‘plab tadbirkorlar: “Menga tegmasin, men solig‘ini to‘layman” degan. Birinchi narsa shu: “Menga tegmasin, faloncha soliq to‘lagin desin bo‘ldi, men to‘layman”.

Bizda unaqa emas, “faloncha soliq to‘lagin”dan tashqari hujjating qani, kiriming qani, schet-fakturang qani, oxirgi paytlarda hatto buxgalteriyaga tegishli bo‘lmagan hujjat – “nakladnoy”ing qani deb so‘rashyapti. Yuk xati aslida buxgalteriyaning hujjati emas, u yo‘lga beriladigan xat. Bizda yuk xating yo‘q bo‘lsa, demak “obnal” qilgansan deb, bitta verguli tushib qolgan bo‘lsa, “obnalchi”ga chiqarib qo‘yishyapti.

Faqat jazolayverishdan qochishimiz kerak. Imkoniyat beraylik, odamlar nimani xohlayapti. Davlat soliq qo‘mitasi faoliyat turlari bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazsin. Chakana savdo bilan shug‘ullanayotganlardan, masalan, qaysi soliq turi senga foydali deb so‘rashsin. Tadbirkorlar nima xohlayotganini bilib, o‘sha xohlayotgan narsasini qonuniy qilib beraylik. Agar shunda ham qonunni buzsa, unda: “Sen ataylab soliq to‘lashdan qocharkansan-da” deb jazolasak bo‘ladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: