APLdagi rekord transferlar. Kimlar ishonchni oqladi va kimlarga hali vaqt berish lozim?

Sport 16:44 / 18.05.2022 30269

APLda esa 23 marta bir futbolchi uchun Erlingga qaraganda ko‘proq pul sarflashgan. Bu transferlar ichida o‘zini to‘liq oqlab, jamoaga turli sovrinlar olib kelgani ham, butunlay aks holatlar ham yetarlicha. Quyida aynan shu rakurs bilan Angliyaning qimmatbaho transferlarini tasniflab ko‘ramiz. Tabiiyki, tasniflashda, bunday katta pul sarflangan futbolchi jamoada eng yetakchi futbolchilardan biri bo‘lish kerak, degan o‘lchovni asos qilib olamiz.

TO‘LIQ OQLAGANLAR

Foto: REUTERS/Pablo Morano
  • Virjiyl Van Deyk (Sauthempton – Liverpul: 84,6 million yevro)
  • Kevin De Bryuyne (Volfsburg - Manchester Siti: 76 million yevro)
  • Ruben Diash (Benfika – Manchester Siti: 68 million yevro)
  • Joau Konselu (Yuventus – Manchester Siti: 65 million yevro)
  • Bruno Fernandesh (Sporting – Manchester Yunayted: 63 million yevro)
  • Alisson Beker (Roma – Liverpul: 62.5 million yevro)

Tabiiyki, niderlandiyalik markaziy himoyachini Angliyada so‘nggi besh yildagi eng foydali transfer deb ham aytish mumkin. Virjiyl nafaqat «Liverpul»dagi muammoli pozitsiyani yopdi, balki tizimning muhim bo‘lagiga aylandiki, aynan uning ustunliklari evaziga Yurgen Klopp qanot himoyachilaridan yanada hujumkorlikni talab qila oladi. Hozircha bir marta chempionlik hamda so‘nggi besh yilda uchinchi bor YeChL finaliga chiqishda ushbu himoya qo‘rg‘onining hissasi katta.

Virjiyldan olti oy o‘tib transfer qilingan Alisson Beker haqida ham yuqoridagi fikrlarni takrorlash mumkin. Uning seyvlaridan tashqari, ancha oldinga chiqib harakatlanadigan o‘yin uslubi jamoada hujumkor o‘ynash va pressing qilish imkoniyatini yanada oshiradi. Alisson kerakli paytda so‘nggi himoyachidek harakat qila olish qobiliyati juda ko‘p vaziyatlarda raqibning qarshi hujumlariga barham bergan. O‘tgan yilgi omadsiz mavsumdan YeChL yo‘llanmasini yulib olishda esa, Alissonning «Vest Bromvich» darvozasiga urgan goli muhim rol o‘ynaganini ham yoddan chiqarmaslik kerak.

Muvaffaqiyatli transferlar safida albatta Kevin De Bryuyneni alohida e’tirof etish darkor. Pep Gvardiola Manchesterga kelganida, ko‘proq vertikal hujumlarda va krosslarda benazir bo‘lgan belgiyalik yarimhimoyachi biroz soyada qolishi taxmin qilingandi. Ammo De Bryuyne Pep jamoasining ham muhim murvatiga aylana oldi. Agar Messi va Ronaldu bo‘lmaganida, qaysidir yili aynan Kevinni ham «Oltin to‘p» sovrini bilan ko‘rishimiz aniq edi.

«Manchester Siti» himoyasini alohida darajaga ko‘targan Ruben Diash hamda aynan Gvardiola qo‘l ostida Yevropada hech kimga o‘xshamaydigan uslubga asos solgan Joau Konselu (transferning bir qismi Daniloni berish bilan to‘langan) va albatta, muammoli jamoaga kelib ham, top-futbolchilar qatorida golli statistikani namoyish etib kelayotgan Bruno Fernandesh haqida bemalol o‘z pulini oqladi, deb baho berishimiz mumkin.

ChIDASA BO‘LADI:

  • Romelu Lukaku (Everton – Manchester Yunayted: 84 million yevro)
  • Riyoz Mahrez (Lester – Manchester Siti: 68 million yevro)
  • Emerik Laport (Atletik – Manchester Siti: 65 million yevro)
  • Per Emerik Obameyang (Borussiya D – Arsenal: 64 million yevro)
  • Rahim Sterling (Liverpul – Manchester Siti: 63 million yevro)
  • Rodri (Atletiko – Manchester Siti: 62.7 million yevro)

Odatda Pep Gvardiola savdoni bozordan emas, supermarketdan qiladi. Ya’ni salohiyati shubhali bo‘lgan futbolchilar bilan ko‘p o‘ralashib yurishni istamaydi, ma’lum darajadan yuqori bo‘lgan ijrochilarni yaxshigina narxga sotib oladi. Bir paytlar Pol Pogba rekord narxga «Yunayted»ga o‘tib, futbol jamoatchiligi bu narx haqida tanqidiy fikrlar bildira boshlaganda, Joze Mourino shunday degandi:

- Pogba yoki Neymar kabi futbolchilar dunyoda bitta yoki ikkita bo‘ladi, ya’ni ularga har qancha narx belgilasangiz ham, transfer bozoriga katta ta’sir o‘tkazmaydi. Yaxshisi, «Manchester Siti»ga qarang, oddiy qanot himoyachilariga 50 milliondan ko‘p pul sarflanishi chindan ham bozorni ko‘tarib yubormoqda.

Ha, Grilishgacha «Manchester Siti» transfer rekordiga yaqinlashmagan bo‘lsa-da, bugungi ro‘yxatda aynan «shaharliklar» amalga oshirgan xaridlar ko‘p uchraydi. Tabiiyki, Gvardiola o‘z tizimi uchun mos futbolchini olib kelishga urinishi tufayli, odatda, bunday transferlar u qadar muvaffaqiyatsiz chiqmaydi. «Chidasa bo‘ladi» bo‘limi ham shuning uchun «Manchester Siti» vakillaridan tashkil topgan. Yuqorida nomlar sarflangan pulni qaysidir ma’noda oqlashgan, jamoaning asosiy tarkib futbolchilari sanalishadi, ammo shu bilan birga, De Bryuyne yoki Diash bilan ham solishtirib ham bo‘lmaydi. Bu futbolchilarsiz ham «Manchester Siti» bugungi darajasidan pasayib ketmagan bo‘lardi, taxminimizcha.

AP Photo/Kirsty Wigglesworth

Bu ro‘yxatda Per Emerik Obameyang ham joy olgan. Uning o‘z vaqtida «Arsenal»ni o‘z ortidan ergashtirgani, aynan uning gollari jamoaga bir necha sovrinlarni olib kelgani ham bor gap. Shunchaki, so‘nggi mavsumdagi ziddiyatlar tufayli uni top-transferlar qatoriga qo‘sha olmadik. Romelu Lukaku esa, aslida, Mourino istagan natijani olib kelmagan, Sulsher davrida umuman zaxira o‘yinchisiga aylanib qolgan bo‘lsa-da, birgina sabab tufayli ishonchni oqlamaganlar safida emas – «Manchester Yunayted» Lukakuni «Inter»ga yaxshi narxga sotgan va transferning qariyb 80 foizini qoplagan.

HALI VAQT BOR

Foto: REUTERS/Carl Recine
  • Jyek Grilish (Aston Villa – Manchester Siti: 117.5 million yevro)
  • Jyeydon Sancho (Borussiya D – Manchester Yunayted: 85 million yevro)
  • Kay Havers (Bayyer – Chelsi: 80 million yevro)

Jyek Grilish uchun ilk yil o‘tish mavsumi bo‘ldi va bemalol ayta olamizki, Gvardiola bir futbolchi uchun bejiz bu qadar katta summani sarflamaydi. Demak, Grilishning «Siti» tizimiga adaptatsiyasi davom etadi va ayniqsa, Holand kelgach, angliyalik yarimhimoyachining o‘yin uslubi va krosslari yanada samarali bo‘lishi mumkin.

Sancho shunday paytda keldiki, nafaqat APL, hatto «Yunayted»ga moslashib ulgurgan futbolchilar ham o‘z darajalarida o‘ynay olishmadi. Ularning fonida Jyeydonning ilk mavsumiga chidasa bo‘ladi. Erik Ten Hag hammasini oq qog‘ozdan boshlashini inobatga olsak, shundoq ham saviyali ijrochilarga ehtiyoj sezilayotgan paytda Sanchoning bo‘lishi murabbiy uchun ham bonus.

«Chelsi» yarimhimoyachisi esa, ayniqsa, Tuxel kelganidan keyin «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasida foydaliroq bo‘la boshladi, hatto Romelu Lukakuni asosiy tarkibdan chiqarib yubordi. Havers hamon «Chelsi»ning almashtirib bo‘lmas a’zosidek taassurot uyg‘otmayapti, to‘g‘ri, lekin yangi pozitsiyadagi o‘sish hamda Chempionlar Ligasi finalidagi g‘alaba goli unga yana vaqt berish lozimligini anglatadi.

OQLANMAGAN

Foto: OLI SCARFF/GETTY IMAGES
  • Romelu Lukaku (Inter – Chelsi: 113 million yevro)
  • Pol Pogba (Yuventus – Manchester Yunayted: 105 million yevro)
  • Harri Maguayr (Lester – Manchester Yunayted: 87 million yevro)
  • Nikolya Pepe (Lill – Arsenal: 80 million yevro)
  • Kepa Arrisabalaga (Atletik – Chelsi: 80 million yevro)
  • Anxel Di Mariya (Real – Manchester Yunayted: 75 million yevro)
  • Alvaro Morata (Real – Chelsi: 66 million yevro)
  • Kristian Pulishich (Borussiya D – Chelsi: 64 million yevro)

Eng qiziq bo‘limga yetib keldik. Tolstoy baxtli oilalar o‘xshash, baxtsizlar farqli bo‘ladi, deganidek, bu ro‘yxatdagilarning har birida alohida hikoya bor.

Romelu Lukaku yomon futbolchi emas, lekin tan olish kerak, «Chelsi» usiz yaxshiroq harakat qilyapti. Belgiyalik hujumchi esa, xarakter jihatidan Jiru yoki Jyezus singari zaxira varianti bo‘lishni istamaydi. Oqibatda uning tarkibda bo‘lishi doim muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Kristian Pulishich ba’zi o‘yinlarda foydali harakat qilayotgan bo‘lsa-da, unga berilgan status transfer paytidagidan ko‘ra ancha pasayganini tan olish lozim. «Chelsi»dagi hujumkor yarimhimoyachilarni qisqartirish ishlari amalga oshiriladigan bo‘lsa, aynan Pulishich va Ziyosh dastlabki nomzodlar bo‘ladi. Oltmish milliondan ko‘proq pul to‘langan futbolchi uchun bu qoniqarli pozitsiya emas, albatta.

«Manchester Yunayted»ning omadsiz transferlari-ku, umuman komediya. Pol Pogba so‘nggi 10 yillikdagi «MYu» menejmentining eng sharmandali keysi rolini o‘ynab beradi. Dastlab Fergyuson u bilan shartnoma imzolamadi, tekinga «Yuventus» a’zosiga aylangan yosh futbolchi yulduzlardek o‘ynay boshlagach, hamma «Yunayted» ustidan kuldi. Keyin «MYu» bir paytlar tekinga ketgan tarbiyalanuvchisini dunyo rekordi narxida qaytarib sotib oldi va yana dunyo klub ustidan kuldi. Endi esa, besh yilda besh marta chinakamiga narxiga yarasha o‘yin ko‘rsatgan Pogba yana tekinga jamoani tark etmoqda. Yana kulgi.

Kulgi deganda, Harri Maguayrni ham eslamay iloji yo‘q. «Liverpul»ning Van Deyk bilan amalga oshirgan «tryuki»ni takrorlamoqchi bo‘lgan «MYu» Maguayr uchun himoyachilar uchun rekord narx to‘ladi va «Orzular teatri» «Armonlar sirki»ga aylanib ketdi.

Umuman oqlanmagan transferlar ro‘yxatida dunyodagi eng qimmatbaho himoyachi va eng qimmatbaho darvozabon (Kepa) bo‘lishi chindan ham qiziq holat.

Kepa Arrisabalaga. News Images/Sipa USA

Alvaro Moratani «Chelsi» Antonio Kontega Lukaku transferi amalga oshmay qolgach, yupatish uchun olib bergandi. Tabiiyki, yaxshigina pul to‘langan bo‘lsa-da, ispaniyalik hujumchidan ko‘p narsa kutilmagan.

Nikolya Pepe esa, umuman «Arsenal»ning rekord transferi, ammo hozirda klub tarbiyalanuvchilariga raqobatda boy bermoqda.

Anxel Di Mariya yo Lui van Haalga yoki APLga mos kelmadi. Maydon tashqarisidagi voqealar, masalan, uning uyiga bosqinchilar kirgani ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi, albatta. To‘langan transfer narxidan sezilarli qismi «PSJ»dan chiqarib olingan bo‘lsa-da, odatda «Old Trafford»da o‘yini chiqmagan futbolchilarni ham keyinchalik, qarsak bilan kutib oladigan muxlislar hali ham Di Mariyaga hushtak chalishini inobatga olsak, transferni faqat salbiy baholay olamiz, xolos.

Albatta, yuqorida berilgan baholar ertaga o‘zgarib ketishi ham mumkin. Chunki sanab o‘tilgan 23 futbolchidan 18 nafari uchun ushbu transfer yakuniga yetmagan va ular o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Ularga bu yo‘lda omad tilagan holda, faqat birgina xulosa bilan yakunlash mumkin. E’tibor bergan bo‘lsangiz, omadsiz transferlar asosan so‘nggi yillarda beqaror va murabbiylarni almashtirayotgan «Chelsi» va «Manchester Yunayted» tomonidan amalga oshirilgan. Aksincha, kuchli tizim va muvaffaqiyatli davrni boshidan kechirayotgan «Manchester Siti» va «Liverpul»da har qanday transfer o‘zini oqlagan.

Yoki teskarisimi? Transferlar o‘zini oqlagani uchun ba’zi klublar barqaror, o‘xshamay qolgani uchun boshqalari omadsizmi? Bu xuddi tovuq oldin paydo bo‘lganmi yoki tuxummi, deyilganidek, biz javob topishga biroz qiynaladigan masalalar.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: