Shvetsiya ham Finlandiya ortidan NATOga kirishga qaror qildi. Turkiyaning pozitsiyasi muammo hisoblanmayapti

Jahon 13:02 / 16.05.2022 15453
Finlandiya bosh vaziri Sanna Marin va mamlakat prezidenti Sauli Niinistyo Helsinkidagi prezidentlik saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risida rasman murojaat qilganini e’lon qildi.
HEIKKI SAUKKOMAA/ GETTY IMAGES

Hammasi shvedlarning sotsial-demokratlariga bog‘liq bo‘lib turgandi: ularning qo‘llab-quvvatlovisiz parlamentda NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun yetarlicha ovoz to‘plab bo‘lmasdi - ammo aynan sotsial-demokratlar ko‘p vaqtdan buyon bunga qarshi edi va Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin ham bu pozitsiya o‘zgarmay kelayotgandi.

200 yil mobaynida Shvetsiya qat’iylik bilan biror harbiy ittifoqqa a’zo bo‘lmaslik prinsipiga amal qilib kelgan.

Mamlakat bosh vaziri Magdalena Andersson NATOga kirmaslik Shvetsiyani zaif ahvolga solib qo‘yishini aytgan. «Rossiyaning Ukrainaga sababsiz bostirib kirishi nafaqat noqonuniy va asossiz, balki Shvetsiya o‘z xavfsizligini ta’minlayotgan Yevropa xavfsizligi tartibini ham buzmoqda», — deydi Andersson xonim.

Amalda ikki davlat uchun ko‘p narsa o‘zgarmaydi: Shvetsiya ham, Finlandiya ham 1994 yilda NATOning rasmiy hamkorlariga aylangan, alyans armiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinadi, uning barcha texnik va institutsional talablariga javob beradi. Asosiy o‘zgarish - Shimoliy Atlantika kelishuvining beshinchi moddasi bilan bog‘liq, unga ko‘ra alyansning biror davlatiga hujum barchaga hujum sifatida qabul qilinadi.

Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson 8 mart kuni, urush boshlangan ilk haftalarda mamlakatning NATOga kirishiga qarshi edi. 15 mayga kelib uning pozitsiyasi o‘zgardi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin shved jamiyatida NATOga a’zo bo‘lib kirish g‘oyasi tarafdorlari keskin o‘sdi.

Shu bilan birga, NATOga a’zo bo‘lib kirish Rossiya tomonidan harbiy tajovuz ehtimolini kamaytiradi, deyish qiyin. Ba’zilar esa Shvetsiya bu orqali uzoq vaqtlardan buyon yirik mojarolardan chetda turuvchi, betaraf va tinchliksevar mamlakat maqomini yo‘qotayotganidan qayg‘uda.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Finlandiya va Shvetsiyaning a’zo bo‘lib kirishi NATO eshiklari ochiqligi va «tajovuzkorlik o‘z samarasini bermasligi»ni namoyish etadigan tarixiy voqeaga aylanadi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ishtirokchi davlatlarning tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida videoaloqa orqali ishtirok etdi. Sahnada - Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok. Foto: HANNIBAL HANSCHKE/GETTY IMAGES

NATO bosh kotibi alyans «Rossiya qilayotgan ishlarni diqqat bilan kuzatib borayotgani va agar Rossiya o‘z a’zolaridan biriga hujum qilishga urinsa, harakatga kelishga tayyor ekani»ni ma’lum qilgan.

U shuningdek Vladimir Putin Ukraina mag‘lub etilishi, Yevropa va Shimoliy Amerika esa bo‘linishini istashini, ammo ular birdamligi, Ukraina esa bu urushda g‘alaba qozonishi mumkinligini aytgan.

Shvetsiya va Finlandiya NATO a’zolari tomonidan quchoq ochib kutilishi haqidagi taassurotni Turkiyaning munosabati biroz buzdi: prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bunga ijobiy munosabatda emasligi, «Skandinaviya davlatlari terrorchilik tashkilotlari uchun mehmon uyiga o‘xshashi»ni aytgandi. Turkiya ko‘plab turk muhojirlari yashaydigan Shvetsiyani ekstremistik kurd guruhlari, shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyadagi isyon tashkilotchisi deb e’lon qilgan Fathulloh Gulen tarafdorlariga boshpana berganlikda ayblab keladi.

Rossiya bilan chegara yaqinida yashovchi finnlar (chegara bu uydan taxminan 200 metr masofadan o‘tgan) mamlakat NATOga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi qarordan yengil tin olishdi.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo Turkiyaning e’tirozidan hayron qolganini aytgan, uning so‘zlariga ko‘ra, bir yil oldin Erdo‘g‘an unga Finlandiya NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. Lekin o‘shandan buyon Erdo‘g‘an bir necha bor pozitsiyasini o‘zgartirgan, shuning uchun ham aniqlik kiritishga zarurat bor: «Menimcha, hozirda aniq javob juda zarur. Men prezident Erdo‘g‘an bilan u ko‘targan masalalar yuzasidan yangi muloqotga tayyorman», deya qayd etgan Niinistyo.

Stoltenberg alyans a’zolari Turkiyaning Shvetsiya va Finlandiya a’zoligiga doir e’tirozlarini bartaraf eta olishiga ishonchi komil ekanini qayd etgan.

Ko‘proq yangiliklar: