Savdo-sanoat palatasida QQSni qaytarish bo‘yicha muammolar va konstruktiv yechimlar muhokama qilinmoqda

Iqtisodiyot 13:19 / 14.05.2022 23871

Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston biznes vakillari bilan bir qator biznes nonushta tashkil etmoqda. 2022 yil 14 may kuni Palata tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi, unda Savdo-sanoat palatasining yangi missiyasi – ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va SSP a’zolarining raqobatbardoshligini oshirish orqali O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish missiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, SSP tadbirkorlarga QQSni qaytarishning asosiy muammolari va istiqbollarini muhokama qilish platforma vazifasini o‘tadi.

International Hotel mehmonxonasida Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan biznes nonushta barcha hududlardan yurtimizning yetakchi mutaxassislari hamda turli tadbirkorlik sohalari vakillarini jamladi. Uchrashuvning muhim maqsadlaridan biri -tadbirkorlarga QQSni qaytarish bo‘yicha muammolar va konstruktiv yechimlarni ochiq muhokama qilish uchun maydon yaratishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi vakillari QQSni qaytarish bo‘yicha mavjud muammolar va yechimlar haqida ma’ruza qildi.

Shuningdek, tadbirkorlarning takliflari tinglanib, yig‘ib olindi. Yig‘ilish davomida vakolatli organlarga tahliliy ma’lumot tayyorlash uchun QQSni qaytarish bo‘yicha yechimlar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov belgilangan vazifalar bilan bir qatorda SSPning yangi missiyasi – ham ichki, ham tashqi bozorda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va palata a’zolari raqobatbardoshligini oshirish orqali O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish missiyasi bilan tanishtirdi.

Ta’kidlash joiz, yangilanishlarni muhokama qilishning o‘ziga xos interaktiv formati o‘z natijasini bermoqda. Avval o‘tkazilgan biznes nonushtada SSP mamlakatning 100 ta eng yirik eksportyorlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan edi. Respondentlar 90 foizining ko‘pchiligi QQS qaytarilmasligi biznes va umuman iqtisodiyotning faol rivojlanishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi, deb hisoblaydi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, respublika tadbirkorlarining xorijiy hamkorlar bilan biznes aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish, mahalliy tovar va xizmatlarni tashqi bozorlarga faol olib chiqish, tayyor raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida mavjud ishlab chiqarish korxonalarini texnik qayta jihozlash va modernizatsiya qilish uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish maqsadida tashkil etilgan.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: