“Har bir tadbirkorni tinglash kerak” - Savdo-sanoat palatasining yangi rahbari bilan suhbat

Iqtisodiyot 18:06 / 11.05.2022 24893

Savdo-sanoat palatasi – tadbirkorlarni birlashtiruvchi va ularga ko‘plab sohalarda ko‘maklashuvchi, ko‘ngillilik asosida tuziladigan nodavlat notijorat tashkilot.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda savdo-sanoat palatalari mavjud bo‘lib, a’zolariga huquqiy, tashkiliy va boshqa yordam ko‘rsatishadi. Bu tashkilotlar sog‘lom iqtisodiy jarayonlarning ajralmas qismiga aylangan.

O‘zbekistonda ham savdo-sanoat palatasi bor va endilikda uning faoliyatini yangi darajaga chiqarish ko‘zda tutilgan. Yaqinda bu tashkilotga «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasida faoliyat ko‘rsatib, uyushma a’zolari bilan ishlashni yangi bosqichga chiqarolgan tadbirkor Davron Vahobov rahbar bo‘ldi. Kun.uz u bilan suhbat qildi.

— Savdo-sanoat palatasining keyingi faoliyatiga doir rejalaringiz?

Savdo-sanoat palatasi tomonidan oxirgi besh yil ichida oldinga qo‘yilgan yirik rejalar to‘liq amalga oshirildi. Palataning yuridik tizimi shakllandi. SSPning respublikamizning barcha viloyatlari bo‘yicha shtatlari belgilangan, har bir viloyat bo‘yicha 20taga yaqin mutaxassislar va ularga boshliqlar tayinlangan bo‘lib, ular tomonidan viloyatlar kesimida tadbirkorlarning muammolari o‘rganilib, viloyat darajasida, zarurat bo‘lganda respublika darajasiga olib chiqib hal etish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

Hozirgi kunda tadbirkor oldida turgan qiyinchiliklarni tezkor ravishda hal etish muhim vazifa hisoblanadi. Ya’ni muammoning tezkorlik bilan hal etilishi korxonaning ishlab chiqarish quvvati tushib ketmasligi va kerakli bozorga olib borilishiga olib keladi. Tadbirkorlarda mavjud muammolar tegishli vazirlik va idoralar tomonidan o‘z vaqtida o‘rganilishi to‘siqlarning kamayishiga olib keladi.

Hozirgi kundagi palata oldida turgan eng muhim vazifa bu – barcha tadbirkorlik sub’yektlari, yirik, o‘rta va kichik tadbirkorlik sub’yektlari bilan birgalikda hamohang ishlash, ularning masala va muammolarini tinglab yechim topishdir.

— Aniq instrumentlar haqida gapirsangiz?

Bugungi kunga kelib hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarning ko‘plab muammolari o‘rganilib, ularning yechimi yuzasidan hurmatli prezidentimiz tomonidan ko‘plab aniq qarorlar qabul qilinmoqda. Ushbu qarorlarni tadbirkorlarga yetkazib berish, ulardan foydalanish yuzasidan ma’lumot berish, ular bilan ishlashni o‘rganish va shu orqali natijadorlikni oshirishimiz lozim. SSPning birinchi o‘rindagi vazifasi hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarni pastki tizimga, tadbirkorlarimizga yetkazib berishdir.

— Qarorlar ijrosining tadbirkorlarga yetib borishida to‘siqlar bormi?

To‘siqlar mavjud emas, ammo mavjud sharoit va imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot bermaslik muammosi bor.

Bugungi kundagi tadbirkorlarning dolzarb muammolari hisoblanmish yer, kredit masalalari bo‘yicha ko‘plab yechimlar bor. Masalan, yer muammosi yuzasidan ish olib borayotgan auksion bor, ushbu masala bo‘yicha murojaat qilinadigan idora mavjud. Tadbirkor tomonidan murojaat bo‘lganda kerakli idora tomonidan javob berilishi masalasini kuchaytirish kerak.

Yana bir masala, tadbirkor ishlab chiqarayotgan mahsulotiga bozor topa olmasligi natijasida loyihasiga kiritilgan investitsiyalarni oqlay olmasligidir.

Bugungi kunda respublikamiz tomonidan yarim xomashyo mahsulotlari chet el mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Eksport qilingan mahsulotlar qo‘shimcha qiymat bilan qayta ishlab chiqarilib, yana bir boshqa davlatga eksport qilinmoqda. Ushbu yo‘nalishda chet el davlatlariga tayyor mahsulot yetkazib berish maqsadida chet el davlatlarida O‘zbekiston vakillarini tayinlash rejalashtirilgan. Mas’ul vakillar eksport qilinadigan bozor monitoringini olib borishi kutilmoqda. SSP vakili tayinlanishi bozor bilan bog‘liq masalalarning aniqlanishiga olib keladi.

Masalan, Ispaniyada ishchi kuchi qimmatligi bois davlat tomonidan ko‘plab mahsulotlar import qilinadi. Asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, charm va to‘qimachilik mahsulotlari import qilinadi. So‘nggi bor Ispaniyaga amalga oshirilgan safar chog‘ida Ispaniya tomonidan vodiy va Buxoro viloyatlarida rivojlangan zardo‘zlikka bo‘lgan qiziqish bildirildi. Ya’ni Ispaniyada chizilgan dizaynning O‘zbekiston zardo‘zlari tomonidan tikib berilishiga qiziqish bildirilgan. Bu ham bo‘lsa bir bozor.

Shu o‘rinda, SSP oldidagi ikkinchi vazifa bu barcha tadbirkorlarga tashqi davlatlarda bozor topib berishda ko‘maklashishdir.

SSPning oldida turgan uchinchi vazifasi tadbirkorlarning rejalashtirgan biznes loyihalarini amalga oshirishdagi har bir bosqichda har tomonlama ko‘maklashishdir. Misol uchun, turizm sohasini oladigan bo‘lsak, ushbu sohada xizmat ko‘rsatishga doir biznes loyihalarini amalga oshirishda tadbirkorlarga zarur maslahat va yo‘nalishlar berish, ularning qo‘rquvlarini bartaraf etishdir.

— SSPning samaradorligini men shunday baholardim: masalan, men tadbirkor bo‘lsam va biror muammoga duch kelsam, SSPga bemalol murojaat qilishim, u muammomni hal etishda yordamlashishiga ishonishim – palata ishi samaradorligining belgisidir.

Avvalo, tadbirkorni eshitish zarur. Hozirgi kunda bu borada mavjud tizimni sanoat kesimida yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

— Palataga murojaat etish qay darajada oson?

Barcha murojaatlar bo‘yicha 1094 raqami ishlab kelmoqda. Bundan tashqari, SSP saytida murojaatlarni qisqa ravishda qabul qilish tizimi ham ishlab kelmoqda. Murojaatchilar o‘z muammolarining qisqacha mazmuni va ularning yechimi yuzasidan o‘z takliflarini qoldirishlari mumkin. Tadbirkorlarning muammo va masalalarini o‘rganish bo‘yicha palataning Telegram-kanallari orqali savolnomalar olib borilmoqda.

Tadbirkorlarning murojaat etishlarini elektron tizimga o‘tkazish orqali, ushbu jarayonni oson va qulay qilish, bildirilgan muammolarning hal etilishida zarur choralar ko‘rish, o‘z vaqtida vazirlik va idoralar darajasiga olib chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Shaxsan o‘zim palata raisi sifatida onlayn va oflayn tarzda har bir murojaatni o‘rganib chiqish, ularning yechimi yuzasidan takliflarni kerak bo‘lganda hukumat darajasiga olib chiqish zarur, deb hisoblayman. Bu palataga bo‘lgan ishonch oshishiga olib keladi.

— SSP qonunchilik hujjatlarining tadbirkorlar manfaatlariga to‘g‘ri kelishi yuzasidan jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazib boradi. SSP ko‘plab hujjatlar borasida xulosalar bergan. Kuzatishlarimiz ayrim hollarda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlarga SSP qarshi pozitsiya bildirishiga qaramay bu inobatga olinmasligini ko‘rsatdi. Masalan, yaqinda e’lon qilingan, “qizil”ga tushgan tadbirkorlarning birjada faoliyatini cheklashga oid loyiha. Buni SSP tadbirkorni bitta ish uchun qayta-qayta jazolash deb baholadi, biroq Davlat soliq qo‘mitasi bu xulosa borasida raddiya berib chiqdi. Shunday holat e-aktiv bilan ham kuzatildi. SSP qarshi pozitsiya bildirishiga qaramay, hujjat qabul qilindi. Bu borada pozitsiyangiz qanday? Tadbirkorlar manfaatlariga zid loyihalar e’tirozlarga qaramay qabul qilinganda qanday yo‘l tutasizlar, “men aytdim, qutuldim” qabilida yondashuv bo‘lmaydimi?

SSPda qarorlar bilan ishlaydigan yuristlar bor, SSP tomonidan bitta fikr bildirilgan bo‘lsa, o‘sha fikrda oxirigacha boriladi.

— Xalqaro tajribaga qiziqqan bo‘lsangiz, nimalarni kuzatdingiz?

Turkiyaga safar uyushtirildi. Turkiya SSPda har xil sohadagi assambleyalar bor, bizda bularni assotsiatsiyalar deymiz. Ushbu assambleyalarning barchasi palata bilan birga ekan. Turkiyada 62ta soha bo‘yicha qo‘mita mavjud, ekspert kengashlari deyiladi ularda. Bizda bular soha bo‘yicha uyushmalar deyiladi. Shu uyushmalar boshini SSP birlashtirishi kerak. Xalqaro tajribada shunday.

Tadbirkorlarning o‘z sohasidan kelib chiqqan holda uyushmasi bo‘lsa, o‘sha soha bo‘yicha takliflar bo‘ladi. Xuddi shunday har bir uyushmadan chiqqan takliflarni birlashtirish kerak. Bu borada muvofiqlashtirish ishlari olib borilsa, mahalliylashtirish rivojlanadi.

Turkiya tajribasida xizmat ko‘rsatish sohasida 6ta uyushma mavjud. Ularning barchasi tadbirkorlarning o‘zlari tomonidan tuzilgan. Ushbu tizimni biz ham rivojlantirishimiz kerak. Tadbirkorlar tomonidan tuzilsa va ulardan uyushma yetakchisi tayinlansa, sohaga oid muammolar ko‘tariladi.

Xalqaro tajribada SSP tadbirkorlikka oid takliflarni vazirlik va idoralarga yetkazib beruvchi tashkilot hisoblanadi. Va sanoat kesimidagi nodavlat uyushmalar tomonidan SSPga ishonch juda yuqori. Ushbu tajribani O‘zbekistonda tatbiq etish maqsad qilingan. Bu tadbirkorlikning yanada rivojlanishi, ko‘shimcha bozorlar paydo bo‘lishi va ishlab chiqarish quvvatlari ko‘payishiga olib keladi.

— Sohaga oid nodavlat uyushmalarning ko‘payishi SSP vazifalari yengillashishiga olib keladi, shundaymi?

Bu muammolarni aniqlashning tezlashishiga olib keladi. Soha bo‘yicha muammolar alohida olib chiqilsa, bu muammolar yechimini osonlashtiradi va tezlashtiradi. Soha bo‘yicha uyushmalarning ochilishini SSP qo‘llab-quvvatlaydi va bu sohaga oid muammolarning yechim topishini osonlashtiradi.

— Dehqon va fermerlar faoliyatiga ko‘maklashishda nimalar nazarda tutilyapti?

Birinchi o‘rinda ularning yerga bo‘lgan qiziqishini oshirish, boshqa davlatlarda yerdan qanday foydalanilyapti va o‘sha berilgan yerdan qanday samarali foydalanishni ko‘rsatib berishdir. Asosiy vazifa shu. Bu sohada ham uyushmalar tashkil etish, kerak bo‘lsa viloyat kesimida uyushmalar tashkil etib sohaga oid tadbirkorlarni birlashtirishdir.

Dehqon va fermerlar tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlarning bozor rastalariga yetib borishi jarayonini osonlashtirish, bunda olibsotarlar sonini qisqartirish. Masalan, yaqinda bir chet ellik tadbirkordan taklif tushdi. Taklifga ko‘ra, O‘zbekistonda pomidor yetishtirish, bunda chet ellik tadbirkor urug‘ va unga kerakli o‘g‘itlarni o‘zi yetkazib beradi va yetishtirish jarayonini o‘zi monitoring qiladi. Yetishtirilgan mahsulotni o‘zi yaxshi narxda sotib oladi. Bu loyihada O‘zbekiston tomonidan dehqonlarni birlashtirib berish so‘ralgan. Bu ham biz uchun bir yangilik.

— Bu tizim ishlaydi, agarda bozor tamoyillariga zid keladigan to‘siqlar bo‘lmasa.

Albatta. Chet el tajribasini o‘rgangan holda fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan ish olib borishimiz kerak.

Hozirgi kunda palata oldida turgan vazifa bu bozor defitsiti va profitsitini aniqlab olishdir. Nima bizda yetarli emas va nima yetarli. Shundan kelib chiqqan holda, dehqon va fermerlarga yo‘nalish berish. Masalan, qanday mahsulot bizda yetarli emas va shu mahsulotni o‘zimizning ichki bozorda yetishtirsak, chet eldan import qilish shart emas. Yoki qanday mahsulot o‘zimizda ko‘p bo‘lsa, shu mahsulotga chet eldan bozor topib berish vazifasini o‘zimizga olishimiz kerak.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: