Chusovitina Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorlanishini ma’lum qildi

Sport 19:47 / 09.05.2022 22681

O‘zbekistonlik afsonaviy atlet Oksana Chusovitina sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ishtirok etib, tayanib sakrash dasturida g‘alaba qozongan holda ushbu yo‘nalishda ayni paytda mamlakatimizda tengi yo‘q ekanini isbotladi. 46 yoshli sportchi shohsupaga ko‘tarilgach, Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati bilan suhbatda Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorgarlik ko‘rishini ma’lum qildi.

– Osiyo o‘yinlarining qoldirilishi rejalaringizga qanday ta’sir o‘tkazdi? Agar 2023 yil ham faoliyatingizni davom ettirsangiz, Parij-2024 Olimpiadasi haqida o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi...
– Bu haqda yaxshilab o‘ylab ko‘rdim va Osiyo o‘yinlaridan so‘ng Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorlanishga qaror qildim! – deydi 46 yoshli afsonaviy sportchi.

Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 8 bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, gimnastika tarixi va «Ginnesning rekordlari» kitobiga kiritilgan edi. Agar u Parij-2024 Olimpiadasida ham ishtirok etadigan bo‘lsa, o‘z rekordini yaqin davr ichida hech kim yaqinlasha olmaydigan qilib yangilaydi. Yana ham hayratlanarlisi, o‘shanda u 49 yoshida bu ishni amalga oshirgan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Oksana Chusovitina Tokio-2020 Olimpiadasidan keyin faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi. Joriy yil boshidan buyon Misr poytaxti Qohirada o‘tkazilgan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon kubogida kumush medalni, mart oyida Qatar poytaxti Dohada o‘tgan jahon kubogi va aprel oyida Ozarboyjonda o‘tgan jahon kubogida oltin medalni qo‘lga kiritgach, Parij-2024 yo‘llanmasi uchun ham kurashishga qaror qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: