NKMK va OKMKning davlat budjeti daromadlaridagi ulushi 31 foizga yetishi kutilmoqda

Iqtisodiyot 22:26 / 05.05.2022 21154

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilda Davlat budjeti daromadlarining salkam uchdan bir qismi OKMK va NKMK hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Mazkur ikki kombinatning budjet shakllanishidagi o‘rni 31,33 foizga yetishi prognoz qilingan.

2022 yilda Davlat budjeti daromadlari 200,0 trln so‘m, xarajatlari 214,8 trln bo‘lishi mumkin. Biroq qayd etish lozim, bu Ukrainadagi urushdan avvalgi hisob-kitoblardir.

Daromadlar qismida qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq asosiy o‘rin tutadi. Xarajatlarning 49 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Budjet daromadlarning o‘sishi umumiy soliq yukining sezilarsiz (1,4 foiz) o‘sishi fonida prognoz qilinmoqda.

2020-2021 yillarda COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish sharoitida hukumat budjet xarajatlarini tasdiqlangan parametrlarga nisbatan oshirgan. Natijada, 2021 yil yakuni bo‘yicha konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 5,8 foizni tashkil etgan.

2022 yilda Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 25,5 trln so‘m miqdorida prognoz qilingan (YaIMga nisbatan 3,0 foiz). Biroq eslatib o‘tamiz, mazkur hisob-kitoblar Ukrainadagi urushdan avvalgi raqamlardir.

Qabul qilingan qonunga muvofiq, 2023 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan budjetining taqchilligi YaIM yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 3 foizdan oshmasligi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: