«Gazprom» bir necha davlatni «gazdan uzdi». Ular yonilg‘isiz, Rossiya pulsiz yashay oladimi?

Iqtisodiyot 18:28 / 28.04.2022 68229

27 aprel kuni ertalab Rossiya Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi, asosiy sabab sifatida to‘lovlarning rublda amalga oshirilmaganligi keltirilgan.

Ziddiyat nimada?

«Gaz uchun rubl» – bu sxemaning mohiyati shundan iboratki, «nodo‘st davlatlar» (xususan, butun Yevropa ittifoqi) gaz uchun to‘lovlarni shartnomalarda ko‘rsatilganidek, xorijiy valutada emas, balki «Gazprombank»da hisobraqam ochgan holda Rossiya milliy valutasida amalga oshirishi kerak.

Bloomberg nashrining yozishicha, Yevropaning Rossiyadan gaz sotib oluvchi 10 ta davlati to‘lovni rublda amalga oshirish uchun «Gazprombank»da hisobraqam ochgan, ulardan biri Italiya bo‘lishi mumkin. Hozircha Yevropa ittifoqi mamlakatlaridan faqatgina Vengriya Rossiya shartlariga rasman rozi bo‘lgan.

Ushbu sxemada xaridorlardan valutada to‘lovlarni qabul qilgan «Gazprombank» mablag‘larni rublga aylantirishi va «Gazprom» hisobiga o‘tkazishi kerak. Bu yerda xaridor rublda to‘lovlarni amalga oshirmaydi, balki «Gazprom» to‘lovni rublda qabul qiladi. Kompaniya hisobiga rubl tushgandagina to‘lov majburiyati bajarilgan deb hisoblanadi.

Yevropa komissiyasi ushbu holatda Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar buzilishi mumkin, deb hisoblamoqda. Bu yerda konvertatsiya jarayoni to‘liq Rossiya rasmiylari qo‘lida, ya’ni Markaziy bank (sanksiyalarga ko‘ra, valuta operatsiyalaridan uzilishi kerak) jarayonda qatnashish huquqiga ega bo‘lmoqda.

Shuningdek, «gaz uchun rubl» to‘g‘risidagi qonunda «Gazprombank» valutani o‘zgartirishi kerak bo‘lgan aniq muddat belgilanmagan, bu esa jarayon uzoq davom etishi mumkinligini ham inkor etmaydi. Bundan tashqari, to‘lov Rossiyadagi yuridik shaxs hisobiga Yevropadan qarz shaklida amalga oshirilishi kerak, bu ham sanksiyalar bilan taqiqlangan.

«Shubhasiz, sanksiyalar nuqtai nazaridan eng «toza» variant – hamma narsani eski usulda qilish: Rossiya shartnomada belgilangan valuta miqdori «Gazprom» hisobiga «tushgan» paytdan e’tiboran to‘lov amalga oshirilgan deb hisoblashi kerak (hisobraqamning qayerda ochilgani muhim emas)», – deya tushuntiradi Yevrokomissiya.

Tashkilot rahbari Ursula fon der Lyayyen «Gazprom»ning Polsha va Bolgariyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatishini navbatdagi provokatsiya deb atadi. «Kremlning energiya manbalaridan shantaj qilish uchun foydalanayotgani ajablanarli holat emas», degan u.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu holatni tahlil qilishdan bosh tortgan va buni «zaxira aktivlarining katta qismi» muzlatib qo‘yilganiga javoban tabiiy qadam, deb atagan.

Polsha va Bolgariyani nima kutmoqda

Avvaliga barcha Yevropa davlatlari kabi Polsha va Bolgariya uchun ham oson bo‘lmaydi. YeI mamlakatlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gazning 40 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi – shuning uchun undan voz kechish neft va ko‘mirdan ko‘ra qiyinroq.

Shu bilan birga, Bolgariya va Polshaning holati qo‘shnilariga qaraganda birmuncha yaxshi.

«Birinchidan, ularning «Gazprom» bilan ko‘p yillik shartnomalari joriy yil oxirida tugaydi. Ikkinchidan, ularda Rossiya gaziga aniq muqobillar bor», – deydi Energetika va moliya instituti prezidenti Marsel Salixov.

Kelgusi isitish mavsumi boshlanishidan oldin, joriy yilning oktabr oyiga qadar Norvegiya «Baltic Pipe» deb nomlanuvchi yangi gaz quvurini ishga tushirishi reja qilingan. Bu Polsha uchun eng muqobil variant sifatida ko‘rilmoqda.

«Norvegiya gazi Rossiya gazidan biroz qimmatroq bo‘ladi, ammo farq unchalik katta emas», – deya munosabat bildirgan Arikapital Management Company’ning investitsiyaviy masalalar bo‘yicha strategi Sergey Suverov.

Polsha Rossiya gazidan voz kechishga to‘liq tayyor, deya ishontirmoqda, mamlakatning energetika infratuzilmasi bo‘yicha vakolatli vakili Pyotr Naimskiy.

U Polsha Boltiqbo‘yi quvuri orqali yiliga 10 milliard kub metr gaz olishiga umid qilmoqda. 2020 yildagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyadan ham deyarli shu miqdorga yaqin, 9,67 milliard kub metr gaz import qilingan.

Bolgariya bilan yuzaga kelgan holat esa birmuncha murakkabroq. Bir tomondan, mamlakatning Rossiya gaziga bog‘liqlik darajasi 90 foizni tashkil etadi. Boshqa tomondan, Ozarboyjondan ham gaz import qiladi. Salixovning ta’kidlashicha, Bolgariya avvalroq ham Rossiya gazidan voz kechmoqchi bo‘lgan, ammo bu siyosiy sabablar bilan izohlanmaydi, Ozarboyjon gazi nisbatan arzonroq.

Shuningdek, Gretsiya-Bolgariya interkonnektori (qo‘shimcha quvur liniyasi) ishga tushirilish arafasida turibdi, bu esa Gretsiyadan yetkazib berishni sezilarli darajada oshirishi mumkin. Ushbu omillar Bolgariyaga Rossiya gazining yo‘qotilishini umuman his qilmaslikka kafolat bermaydi, lekin ba’zi muqobil tanlovlar va infratuzilma mavjudligini anglatadi.

Salixovning fikricha, Polsha va Bolgariya boshqa davlatlar vositachiligida Rossiya gazini xarid qilishda davom etishi ham mumkin.

«Yevropada yagona gaz bozori mavjud, shuning uchun siyosiy qiyinchiliklarni inobatga olmasa, boshqa hech qanday katta muammolar bo‘lmaydi. Kompaniyalar o‘rtasida bunday sxemalarni tashkil qilish imkonsiz emas», – deya tushuntiradi u.

«Laxta-sentr» minorasining ko‘rinishi, bu yerda «Gazprom» kompaniyasi shtab-kvartirasi joylashgan. Sankt-Peterburg, 2022 yil, 27 aprel
Dmitriy Lovetskiy / AP / Scanpix / LETA

Boshqa «bosh tortuvchilar» ham paydo bo‘ladimi?

Yevropa ittifoqi o‘tgan yildayoq bosqichma-bosqich tarzda 2050 yilgacha Rossiya gazidan voz kechish rejasini ishlab chiqqan edi. Ammo o‘shanda asosiy sabab sifatida global isish ko‘rsatilgan. Urush esa hamma narsani o‘zgartirib yubordi.

8 mart kuni e’lon qilingan yangi rejaga ko‘ra, Rossiya gazidan voz kechish 2030 yilgacha amalga oshirilishi kerak. Shuningdek, YeI davlatlari gaz omborlarini har yili 1 oktyabrgacha kamida 90 foizga to‘ldirishlari shart (odatda isitish mavsumi boshlanishiga qadar omborlar 20-30 foizga to‘ldirib kelingan).

Bundan tashqari, boshqa yetkazib beruvchilar: xususan Norvegiya (hozirgi kunda YeIga yetkazib berilayotgan gazning 23 foizi), Jazoir (12 foiz), Qatar (5 foiz), AQSh (6 foiz), Ozarboyjon va boshqa mamlakatlardan yetkazib berish hajmini oshirish ko‘zda tutilgan.

Rejaning oxirgi nuqtasi – qayta tiklanadigan energiya manbalariga jadallik bilan o‘tishdir. Shu maqsad yo‘lida Yevropa ittifoqi rasmiylari ushbu sohadagi barcha loyihalarni tezlashtirishni istaydi va yevropaliklarni o‘z uylarining tomiga quyosh panellarini o‘rnatishga undamoqda.

«Eng yirik gaz iste’molchilari – Germaniya, Italiya va Fransiya  buni amalga oshirishi juda qiyin bo‘ladi», – deydi Salixov.

Bu Rossiyaga qanday ta’sir qiladi?

«Gazprom» uchun Polsha va Bolgariya bozorlari yo‘qotilishi daromad pasayishi, investitsiyalar qisqarishi va Rossiya budjeti uchun soliqlar kamayishiga olib keladi», – deya ogohlantiradi Suverov.

Rossiyadan Yevropaga eksport qilinadigan gazning taxminan 8-9 foizi Polsha va Bolgariya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu miqdor taxminan 600 milliard rublga teng («Gazprom»ning 2021 yildagi sof foydasi hajmidan kelib chiqqan holda hisoblangan). Bu sezilarli ko‘rsatkich, ammo tanqidiy darajada emas.

Taqqoslash uchun, «Gazprom» umumiy eksportining 45 foizi Germaniya va Fransiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatlarning yo‘qotilishi ancha og‘riqli bo‘ladi va trillionlab rubl zarar keltiradi.

Ta’kidlash kerakki, Yevropa ittifoqi neftdan ko‘ra Rossiya gaziga ko‘proq bog‘langan. Undan voz kechish ancha qiyin: bir guruh nufuzli iqtisodchilar ochiq xatda yozganlaridek, ta’minotni tezda boshqa muqobil variantlarga almashtirishning imkoni yo‘q.

Polshaga gaz yetkazib berishni to‘xtatishning texnik jihatdan imkoni bormi?

Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishni uchta yo‘nalish orqali amalga oshiradi: «Shimoliy oqim» va «Yamal-Yevropa» gaz o‘tkazgichi, Ukraina orqali tranzit, shuningdek, Turkiya orqali Yevropaning janubiy mamlakatlariga boradigan «Turk oqimi». Polsha hududi orqali «Yamal – Yevropa» gaz quvurlari o‘tadi. Gaz Rossiya-Belarus-Polsha-Germaniya yo‘nalishi bo‘ylab boradi. Shu jihatdan Germaniyaga yetkazib berishni cheklamasdan turib, Polshaga bunday amaliyotni qo‘llab bo‘lmaydi, texnik jihatdan imkoni yo‘q, deya ta’kidlagan Energetika va moliya instituti direktori Marsel Salixov «Meduza»ga bergan intervyusida.

Salixov Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari to‘xtasa va ayrim sanksiyalar yumshatilsa, kelajakda Yevropa mamlakatlari Rossiya gazidan avvalgiday foydalanishda davom etadimi, degan savolga quyidagicha javob bergan:

«Menimcha, hozirda biror taxmin bildirish imkonsiz. Ehtimol, muzokaralar o‘tkazilar. Ayni vaziyatda Yevropa mamlakatlarining strategiyasi rad etishdir. Agar yevropalik siyosatchilarning bayonotlariga nazar tashlasangiz, ular quyidagi mazmunga ega: neft va gaz daromadlari Rossiya budjetining salmoqli qismini tashkil etadi, budjetdan esa armiya va harbiy harakatlarga pul ajratiladi. Agar biz xomashyo importidan voz kechsak, demak, Rossiyaning mudofaa qobiliyatini pasaytiramiz. Shuning uchun bu ishni qilishimiz kerak».

Ko‘proq yangiliklar: