O‘zbekiston XVJ va Jahon banki yig‘ilishida 575 mln dollarlik bitimlar imzoladi: pullar nimalarga yo‘naltiriladi?

Iqtisodiyot 16:14 / 24.04.2022 32010

Bitimlar O‘zbekiston delegatsiyasining Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining bahorgi yig‘ilishlaridagi ishtiroki davomida imzolandi deya xabar bermoqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar 5ta sohaga yo‘naltiriladi va loyihalar tegishli davlat idoralari tomonidan amalga oshiriladi.

Birinchidan, Jahon banki ishtirokidagi “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish (Faza-2)” loyihasi doirasida 200 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi qishloqlarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltiriladi.

Ikkinchidan, “O‘zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida 50 mln AQSh dollari statistika sohasida institutsional islohotlar va salohiyatni oshirish, statistika ma’lumotlarni shakllantirish va tarqatish jarayonlarini takomillashtirish, sohada uskuna va jihozlarni yangilashga yo‘naltiriladi.

Uchinchidan, “Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish” loyihasi doirasida 60 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar soliq idoralarining operatsion samaradorligi va natijadorligini oshirishga yo‘naltiriladi.

To‘rtinchidan, OPEC xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan “O‘zbekistonning o‘tish davridagi rivojlanish siyosatini jadallashtirish” loyihasi doirasida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasiga 100 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish bitimi imzolandi.

Beshinchidan, Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Yashil iqtisodiyotga o‘tish” loyihasi doirasida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasiga 150 mln yevro miqdoridagi mablag‘larni jalb qilish bitimi imzolandi.

Ma’lumot o‘rnida, Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining Bahorgi yig‘ilishlari 2022 yil 18–24 aprel kunlari Vashington shahrida (AQSh) o‘tkazilmoqda.

Mazkur yig‘ilishlarda dunyoning barcha mamlakatlari rasmiy delegatsiyalari safida moliya va iqtisodiy taraqqiyot vazirliklari, markaziy banklar, investitsiya banklari va reyting agentliklari, fuqarolik va ilmiy jamiyat vakillari tomonidan global iqtisodiyotdagi joriy holat va istiqbollar, kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiy taraqqiyot, samarali o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov bahorgi yig‘ilishlar doirasida David Malpass (Jahon banki prezidenti), Anna Berde (Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti), Maxtar Diop (Xalqaro moliya korporatsiyasi boshqaruvchi direktori) Kristalina Georgiyeva (Xalqaro valuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori) bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Avvalroq, O‘zbekistonning tashqi qarzi 26 mlrd dollardan oshgani ma’lum qilingandi. 2021 yil davomida O‘zbekistonning davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga oshib, YaIMga nisbatan 38 foizni tashkil etdi.

Ko‘proq yangiliklar: