Yoz yana ham isimasligiga hali umid bor. Saralanmagan chiqindining iqlimga ta’siri

Jamiyat 13:53 / 20.04.2022 61787

Metan – karbonat angidriddan ham kuchliroq is gazi

Har kuni dunyo bo‘ylab 15 milliondan ortiq restoran va kafe, yuz millionlab xonadonlarda ovqat tayyorlanadi. Meva-sabzavotlardan chiqadigan po‘choqlar, likopchada qoldirilgan ovqatning yarmi, oxirigacha yeyilmagan non organik chiqindilar deyiladi va ularning ko‘pi boshqa chiqindilar bilan qo‘shilib, poligonlarga yo‘l oladi.

Turli chiqindilar bilan aralashib ketgan organik chiqindilar sekin chiriydi va o‘zidan metan gazi ajrata boshlaydi. Metan – karbonat angidriddan ham kuchliroq issiqxona gazidir. Qolaversa, organik chiqindilar kalamush, pashsha, chivinlarning ko‘payishi va ular orqali kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘ladi.

Bir odamga yiliga 100 kilo organik chiqindi

Umuman, insoniyat bir kunda meva-sabzavotlarning 1,3 milliard tonnasini chiqitga chiqarib yuboradi. Bu – yerdan dasturxonga kelguncha meva-sabzavotning 1/3 qismi nobud bo‘ladi degani. Agar inson buning oldini ololsa, issiqxona gazining iqlimga ta’sirini 6-8 foizga kamaytira oladi.

Har bir odamga yiliga o‘rtacha 100 kilogrammga yaqin organik chiqindi to‘g‘ri keladi. Rivojlangan davlatlarda organik chiqindilar ma’lum miqdorda qayta ishlanadi, ammo ko‘p emas. Masalan, AQShda ham ularning atigi 30 foizi, Buyuk Britaniya esa 14 foizi qayta ishlanadi.

“Maxsustrans” 2024 yilgacha chiqindilarni to‘liq saralash amaliyotiga o‘tmoqchi

Organik chiqindilarni saralash amaliyoti O‘zbekistonda endi yo‘lga qo‘yilyapti.

Toshkent misolida chiqindilarni saralash ko‘nikmasini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, poytaxtdagi 71 foiz chiqindilarni tashish “Maxsustrans” korxonasi zimmasida. Korxona 2021 yil iyunida chiqindilarni saralash bo‘yicha 3 bosqichli loyiha taqdim qilgandi. Unga ko‘ra, birinchi bosqich 2021 yildan boshlanib, Toshkent shahridagi ayrim mahallalar hududida chiqindilarni qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydigan toifalarga ajratgan holda yig‘ish yo‘lga qo‘yilgani aytilgandi. Bu amaliyotning 2-bosqichida korxona xizmat ko‘rsatadigan barcha hududlarda tashkil qilinishi rejalangan.

2023 yilga mo‘ljallangan 3-bosqichda esa barcha tumanlarda chiqindilarni to‘rtta turga – qayta ishlanadigan, qayta ishlanmaydigan, organik, xavfli maishiy chiqindilar kabi toifalarga ajratgan holda yig‘ish boshlanishi aytilgandi. Xo‘sh, korxona buni uddalay olyaptimi?

Korxona boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Sa’dullayevning aytishicha, hozircha chiqindilarni toifalarga ajratib yig‘iladigan chiqindi maydonlaridan Olmazor tumanida 10ta qurilgan. Ularda qayta ishlanadigan, ishlanmaydigan, xavfli va organik chiqindilar ajratiladi. Bu yerda ishlaydigan xodimlarning o‘zi chiqindilarni ajratadi. Odamlar ham sekin-asta chiqindini ajratib olib kelishni boshlagan. 2023-2024 yilgacha poytaxt bo‘ylab “Maxsustrans”ning barcha chiqindixonalari saralanadigan chiqindixonalarga aylantiriladi.

Korxona vakili chiqindi saralashni yaxshiroq yo‘lga qo‘yish uchun 12ta tumanda 24ta mahalla tanlab olinib, qayta ishlanadigan va qayta ishlanmaydigan chiqindilar uchun 120 kiloli konteynerlar tarqatib chiqilgani haqida gapirdi. Bu konteynerlardan xaftaning bir kunida qayta ishlanadigan, boshqa kunida qayta ishlanmaydigan chiqindilar olib ketiladi.

“Lekin aholining hammasi ham demayman, ayrimlari konteynerlarni uyiga olib kirib qo‘ygan. Bu ko‘chada turishi kerak. Biz hammasini tekinga berganmiz. Ichiga qurilish chiqindilarini ham to‘ldirib qo‘yishadi. Lekin biz mahallalarga borib, konteynerlarning maishiy chiqindilar uchunligini tushuntirganmiz. Hammasi ham to‘g‘ri munosabatda bo‘lmayapti”, – deydi u.

Organik chiqindilar bilan chuvalchanglar boqiladi

Mutasaddining aytishicha, korxonaga 30 gektarli yangi chiqindi poligoni berilib, 17 million dollar ajratilgan. U yerda chiqindi saralash va qayta ishlash zavodi ham quriladi va bunga hammasi bo‘lib 55 million dollar ajratilgan.

“Organik chiqindilar yerga tushsa, o‘zidan gaz chiqaradi. Shuning uchun poligonda 2 gektar yerda chuvalchang ko‘paytirilib, ularni organik chiqindilar bilan boqib, mahalliy o‘g‘it ko‘paytiriladi”, – deydi u.

 Toshkentda 1000dan ortiq chiqindixonalar bo‘lib, uning 650tasi “Maxsustarans”ga qaraydi. Mutasaddining aytishicha, ulardan har kuni 2-3 kilo non mahsuloti chiqadi. Va bu bir kunda poytaxtdan 2 tonna non isrof qilinadi, degan gap.

“Albatta, – deydi Sa’dullayev, – iste’molga yaroqsiz nonlar parrandalarga, chorvaga berish uchun aholi tomonidan olib ketiladi”.

Ismoil Sa’dullayev aholining chiqindini saralab olib kelishini rag‘batlantirish yo‘llari ham rejada borligi haqida gapirdi. Unga ko‘ra, chiqindini saralab olib kelgan fuqarolarga chiqindi to‘lovidan chegirmalar berilishi mumkin.

Odamlar chiqindini saralashga hafsala qiladimi?

O‘zbekistonda odamlar organik chiqindini saralashga qanday e’tibor ko‘rsatishini bilish maqsadida Toshkent shahri aholisi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Unga ko‘ra, aholining asosan katta yoshli qismi meva-sabzavot chiqindilarini boshqa chiqindilardan ajratadi. Yoshlar esa ko‘pincha chiqindilardan faqat nonni ajratib, qolganini aralash holda chiqindixonaga olib boradi.

“Po‘choq, nonlarni alohida qilamiz, ularni chorvaga berishsa yaxshi bo‘ladi. Aralashtirib tashlansa, isrofgarchilikka boradi, agar ularni kimdir yig‘ib olib ketsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi”, – deydi Yangihayot tumanida yashovchi Farida Abdurahmonova.

Organik chiqindilarni uyma-uy yig‘ish amaliyoti

Mutasaddilar javobidan ko‘rinib turibdiki, organik chiqindilar masalasi poytaxtda yaqin yillarda qisman hal qilinishiga umid bor. Buni vaqt ko‘rsatadi. Shuningdek, organik chiqindilarni uyma-uy yig‘ish, rag‘batlantirish maqsadida aholidan organik chiqindilarni sotib olish yoki boshqacharoq rag‘bat yo‘llarini yo‘lga qo‘yish ham foyda berishi mumkin.

Deylik, 20ta ko‘p qavatli uyda, taxminan 1000ga yaqin xonadon bor. Ularning har biri kuniga o‘rtacha 100-200 gramm organik chiqindi chiqaradi. Bu degani har 20ta ko‘p qavatli uydan 100 kilogramm po‘choq chiqadi degani. Bu ma’lum miqdordagi chorvani boqishga yetishi mumkin.

Chorvador Saidazim Ostonovning aytishicha, organik chiqindilarning kaloriyasi yemnikidek bo‘lmasa ham, ularni chorvaga berish mumkin.

“Bir bosh qoramol bir kunda beda, arpa, makka, omuxta yem – hammasi bo‘lib 60-70 kilogacha ozuqa yeydi. Qo‘y-echki 12-16 kilogacha ozuqa yeydi. Po‘choq, yeyishga yaroqsiz sabzavotlarning kaloriyasi yemnikichalik bo‘lmaydi. Lekin ularni ham chorvaga bersa bo‘ladi. Aholi po‘choqlarini bizga chiqarib turadi. Lekin juda kam, 10 kiloga ham bormaydi. Balki ko‘p chiqarib turilsa, chorva ozuqasining ma’lum qismini qoplashi mumkin”, – deydi chorvador.

Sizda tabiatga mehr bo‘lsa, buni isbotlashning yo‘li bor. Hozirgacha chiqindilarni saralashga e’tibor bermagan bo‘lsangiz, bugundan po‘choqlarni alohida idishga yig‘ishni boshlang. Ularni chiqindixonaga olib borganda ham ajratib qo‘ying.

Bir so‘z bilan aytganda, yoz yana ham isib ketmasligiga hali umid bor. Tabiat bizniki, demak uning muhofazasiga ham o‘zimiz javobgarmiz.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov

Montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov

Ko‘proq yangiliklar: