ICT4Girls – IT sohasini tanlagan qizlar uchun katta imkoniyat

Jamiyat 16:59 / 20.04.2022 14181

Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK “Qizlarning IT ko‘nikmalarini rivojlantirish” (“Digital Empowerment of Girls” / ICT4Girls) loyihasini amalga oshirmoqda.

Ushbu loyiha O‘zbekistonda o‘quvchi qizlarni AKT sohasiga ko‘proq jalb etish, raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida  Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan.

ICT4Girls loyihasi 15 va undan katta yoshdagi maktab, kasb-hunar maktabi, kollejlar, texnikum va akademik litseylar o‘quvchi qizlari uchun mo‘ljallangan. Loyiha doirasidagi barcha dasturlar mutlaqo bepul.

ICT4Girls: qizlarning IT yo‘nalishida ishlashi oddiy holga aylanadi

Markaz qizlarning IT sohasida o‘qishi yoki ishlashi yaqin kelajakda hayratlanarli hol bo‘lmasligi uchun ularga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu yo‘lda mazkur loyiha doirasida quyidagilar amalga oshirilmoqda:

Mentorlik dasturi – IT sohasida ma’lum bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan 10 nafar qiz saralab olinib, soha mutaxassislari orasidan tanlangan mentorlarga biriktirilgan. Mentorlar joriy yilning yanvar oyidan boshlab qizlarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishlari uchun maslahatlar berib bormoqda. Qizlar dastur davomida ma’lum ijtimoiy muammoga yechim beruvchi IT-mahsulot yaratishlari lozim, dastur yakunida ular orasidan 3 ta eng yaxshisiga loyihani amalga oshirish uchun grant taqdim etiladi.

Onlayn kurslar – talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar haqida onlayn ma’lumot beruvchi kurslar. Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi tomonidan UNICEF va UNESCO bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan prof.maktab.uz platformasi ICT4Girls loyihasi doirasida yaratilayotgan yangi kurslar bilan to‘ldirilmoqda.

Targ‘ibot dasturi – qizlar va ularning ota-onalari IT sohasiga qiziqishini oshirish va xayoliy to‘siqlarini bartaraf qilish maqsadida ishlab chiqilgan maxsus videoroliklar OAVlari, ommabop sayt va bloglarda namoyish etilmoqda. Ushbu roliklarda IT kelajak kasbi ekani va qizlarning IT bilan shug‘ullanishi oddiy holga aylanishi targ‘ib qilingan:

IT-oromgohda IT-spikerlar bilan jonli muloqot

IT sohasida ma’lum bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan 100 nafar qiz 2022 yil 23-26 mart kunlari ICT4Girls Digital Camp nomli IT-oromgohda ishtirok etdi. Oromgoh Toshkent viloyatida Women Techmakers Tashkent Community bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Dastur ishtirokchilar uchun foydali va qiziqarli onlarga boy bo‘ldi. Oromgohda o‘tkazilgan tadbirda xalqaro miqyosdagi spikerlar ishtirok etib, o‘z bilim va tajribasi bilan bo‘lishdi:

  1. Kamil Uordrop Alleyn – NASA tashkiloti vakili, amerikalik aerokosmik injyener;
  2. Sandra Jyeykobs – AQSh elchixonasi vakili;
  3. Sadoqat Kaziyeva – Apple kompaniyasida 3 yildan ortiq faoliyat yuritgan, hozirda O‘zbekistonda UI/UX dizayner bo‘lib ishlamoqda, Womenandtech.uz asoschisi;
  4. Darxonbek Mamataliyev – xalqaro Uber kompaniyasida iOS Engineer (iOS dasturchi-muhandisi);
  5. Nigora Akilova – O‘zbekistonda ko‘zga ko‘ringan PR-mutaxassis, tadbirkor, IT-loyihalar menejyeri;
  6. IT Queens jamoasi – maktab yoshidagi o‘zbekistonlik qizlardan tashkil topgan jamoa, 2021 yil AI Journey nomli xalqaro konferensiyada ishtirok etib, Data Lady nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan;
  7. Navro‘za Tulkunova – fermerlarni iste’molchilar bilan bog‘lash imkonini beruvchi Fermopolis asoschisi va bosh direktori;

Ishtirokchilar uchun dasturchi bo‘lish mashaqqatlari va rivojlanish bosqichlari, qizlar uchun dasturchilikda muvaffaqiyatga erishish omillari haqida gapirib berishdi.

Shuningdek, oromgohda dasturchi qizlar uchun soha mutaxassislari ishtirokida 5 ta yo‘nalish – veb-dasturlash, veb-dizayn, mobil dasturlash, raqamli marketing va STEM bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi:

  • Humoyun Inoyatov – xalqaro EPAM kompaniyasida dasturchi-muhandis (Software Engineer)
  • Azizbek Matchanov – xalqaro Super Dispatch kompaniyasida IT- mahsulotlar dizayneri (Product Designer)
  • Azamat Majidov – yetakchi Android dasturchisi (Senior Android Developer) Google Developer Groups Tashkent tashkilotchilaridan biri
  • Lazizbek Xamidov – Tasnif Group asoschisi va ijodiy direktori
  • Umidxuja Rixsixujayev – Xalqaro Vestminster universiteti hamda Prezident maktabi robototexnika ustozi, Senior Hardware Developer.

Dasturda ishtirok etgan barcha qizlar orasidan 5 nafarining bilim va intilishlari yuqori baholanib, ular noutbuk bilan taqdirlandi.

Forum – keng imkoniyatlar maydoni

ICT4Girls loyihasi doirasida joriy yilning may oyida o‘zbek qizlarining IT-ko‘nikmalarini rivojlantirish ishlarini tizimlashtirishga bag‘ishlangan forum tashkil etiladi. Forum ishtirokchilari sohada mavjud muammolarni tahlil qilib, yechim va takliflar ishlab chiqadi. Forumda, shuningdek, ayni damda qizlar uchun IT-ta’lim va mehnat bozorida mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berish maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etiladi.

Yurtimizda xotin-qizlar o‘rtasida innovatsion texnologiyalar va ilm-fan yo‘nalishida yangi qiyofalar yaratishga davlat darajasida e’tibor berilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2022 yildan boshlab har yili maktab va kollej bitiruvchilaridan 20 ming nafar qizni davlat buyurtmasi asosida IT sohasida o‘qitish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Bu esa qizlar ta’limida IT sohasi ulushini keskin oshirishga alohida e’tibor qaratilishidan dalolatdir.

Bugungi kunda Markaz jamoasi ham ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini kengaytirish maqsadida loyiha doirasida o‘tkazilayotgan so‘rovnomada sohani o‘rganishda qizlar duch kelayotgan muammolarni aniqlab, loyihani rivojlantirish uchun berilgan takliflar ustida muntazam ish olib bormoqda. Unda IT-ta’limga befarq bo‘lmagan barcha faol qizlar ishtirok etishi mumkin.

ICT4Girls – dasturchilikni orzu qilgan qizlar uchun munosib yo‘l. Bu yo‘lda Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi o‘zbekistonlik qizlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda “Dasturchilik – qizlar uchun emas” degan stereotiplarni parchalashga chaqiradi. 

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: