O‘tgan 3 oyda xorijdan O‘zbekistonga qancha pul yuborilgani ma’lum qilindi

Iqtisodiyot 17:47 / 18.04.2022 30250

2022 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga chet eldan 1,47 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari yuborilgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 3 foizga ko‘p.

Shuningdek, yanvar-mart oylarida tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan 2,11 mlrd dollar miqdorida yoki 2021 yilning mos davriga nisbatan 38 foiz (585 mln dollar) ko‘p xorijiy valuta sotib olingan. O‘z navbatida, ushbu muddat davomida tijorat banklari tomonidan 1,73 mlrd dollar (o‘sish 69 foiz) miqdoridagi chet el valutasi sotilgan.

«Bugungi kunda tijorat banklarida Zolotaya Korona, Western Union, Contact, MoneyGram, Migom, Unistream, RIA Money Transfer, Aziya-Ekspress, Intel Express, UPT kabi xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari ishlab turibdi», deyiladi Markaziy bank xabarida.

Jismoniy shaxslarda xorijdan kelib tushgan pul mablag‘larini o‘z xohishlariga ko‘ra chet el valutasida yoki milliy valutada olish imkoniyatlari mavjud.

Malumot uchun, 2021 yilda xalqaro pul o‘tkazmalari orqali tushumlar hajmi 8,1 milliard dollarni tashkil etgan, bu ko‘rsatkich 2020 va 2019 yillar bilan solishtirilsa, 34 foizga ko‘p. 

Avvalroq, Jahon bankining prognozlarida Rossiyada iqtisodiy faollikning pasayishi sabab O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 21 foizga qisqarishi mumkinligi ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: