“Uydagi oxirgi molni sotib, kompyuter olib bergan dadamga mashina sovg‘a qildim”

Jamiyat 20:35 / 11.04.2022 65063

Nilufar Omonova – 20 yoshda, Samarqand shahrida IT'ga ixtisoslashgan o‘quv markazi ochgan, parallel ravishda SamDU talabasi. Hali juda yosh bo‘lishiga qaramay allaqachon biznes boshlab, daromad ko‘rayotgan tadbirkor qiz o‘zining ta’limiga rag‘bat bergan ota-onasi uchun yaxshi sharoitlar qilib beryapti. Dadasiga mashina sovg‘a qilgan, Jomboy tumanida qishloq sharoitida yashayotgan oilasini shahardan uy olib, ko‘chirib kelmoqchi.

“Mikrofon – qizlarda” ruknining bu sonida Nilufar Omonovaning dasturlashni o‘rganishi va bu yo‘nalishda o‘z biznesini boshlashigacha bo‘lgan hikoyasini taqdim etamiz.

“Qo‘y-mol boqib katta bo‘lganman, o‘shanda birinchi marta pul topganman”

Oilada 3 farzandmiz: men to‘ng‘ichiman. Maktab vaqtlari darsdan so‘ng oilamga yordam bo‘lishi uchun mol boqishga chiqardim. Parallel universitetga kirish uchun mol boqish jarayonida kitob ham o‘qirdim. Bir-ikki marta mollarim dalaga tushib ketganida, men bilan birga mol boqadiganlar “O‘qib kim ham bo‘larding”, deb ustimdan kulishgan. O‘shanda xafa bo‘lib, dadamga boshqa mol boqmayman, deb aytganman.

Dadam esa menga “Agar mollarni boqsang, sut-qatig‘ini sotgan puling o‘zingga bo‘ladi”, degandi. Shundan so‘ng qiziqib, mollarimni daladan to‘ydirib keladigan bo‘ldim. Oldinlari molning sut, qatiq, suzmasini yaqindagi do‘kon, oshxonalarga sotib kelib, pulini onamga berardim. Endi esa o‘zimda qoladigan bo‘ldi. O‘shanda 8-9-sinflarda o‘qirdim, birinchi marta 50 ming so‘mcha birinchi mablag‘imni ishlab topganman. Maktabda eng boy o‘quvchilardan edim. Biror kitob kerak bo‘lsa, qo‘shimcha darslarga o‘zimning pulim bo‘lardi.

Vaqt o‘tib bu yo‘nalishda ham raqobat paydo bo‘ldi. Men sut-qatiq, suzmani sotayotganimni ko‘rgan mahalla qizlari ham men olib boradigan do‘kon, oshxonalarga mahsulotlarini olib bora boshladi. O‘shanda xaridorlarda tanlov yuzaga kelib, menikini olmay qo‘ygan paytlar ham bo‘ldi.

O‘shanda men qanday qilib mahsulotimni sota olishim haqida internetdan ma’lumotlar izlay boshladim. Va hammadan farqli – olib boradigan suzmamni sellofan paket bilan o‘raydigan bo‘ldim va bu foyda berdi. Bu mening marketing bo‘yicha egallagan birinchi bilimim edi.

“Talabalikda do‘konda ishladim”

O‘qishga kirguncha shu tarzda o‘qib uydagilarga yordam berdim va maktabni bitirib, O‘zbekiston Milliy universitetiga kontrakt asosida o‘qishga kirdim. O‘shanda birinchi marta Toshkentga keldim. Dastlab, moslashishim qiyin bo‘lgan: katta shahar, uydan uzoqlashmaganman.

Lekin yana harakat qilishim kerakligini bilib, dasturlashni o‘rganishga qaror qilganman. Biroq oilaviy sharoit tufayli uydagilardan kurs uchun pul so‘ray olmas edim. Shuning uchun o‘qishga pulni do‘konda sotuvchilik qilib to‘pladim va onlayn tarzda dasturlashni o‘rgandim.

Dasturlashdan topilgan ilk daromad va sigir puliga olingan kompyuter

Dasturlash yo‘nalishidagi ilk daromadimni – 2 mln so‘mni 17 yoshda topganman. Lekin kompyuterim oddiylik qilgani uchun men ishlatadigan dasturlarni ko‘tara olmay qoldi. Shunda dadamga vaziyatni tushuntirib, kompyuter kerakligini aytganman. Oradan biroz vaqt o‘tib, pochta orqali uydan xuddi men xohlagan rusumli kompyuter keldi. Juda xursand bo‘lib ketganman.

Biroq keyinroq uyga, Samarqandga borib, dadam uydagi oxirgi sigirni menga kompyuter olib berish uchun sotganini bilib qoldim. O‘shanda ko‘zimga yosh kelgan va zo‘r dasturchi bo‘lib, ko‘p pul topaman, ota-onam boshqa qiyinchilik ko‘rmaydi, deb maqsad qildim.

Covid-markazdagi ish

2020 yil bahorida talaba paytim pandemiya boshlanib qoldi. Men ishlayotgan kompaniya ham yopildi, uyga ham kasallik yuqtirib olgan bo‘lsam-chi, deb qaytmadim. O‘sha orada Uzekspomarkazdagi Covid-markaziga farrosh olinishi haqidagi e’lonni o‘qib qoldim.

O‘shanda garchi bu yer xavfli bo‘lsa-da, ish topganimdan xursand edim. Koronavirus markazida 14 kun ishlab 10 mln so‘m maosh olgandim. Biroq o‘sha yerda ishlagan, tanish bo‘lib qolgan bir ayol pulga muhtojligini aytganda 6,5 mln so‘mni qarz berdim. Lekin qaytarib ololmadim. Qo‘limda esa 3,5 mln so‘m qolgandi.

“Somsaxonadan so‘ng yaxshi ish topdim”

Hamma joy karantinga yopilgani uchun ish topa olmay qiynalganman. Oxiri o‘zim ijarada turgan uy yaqinidagi somsaxonada somsa sotishga majbur bo‘lgandim. To‘g‘risi, bu men uchun og‘riqli xotira. 2-3 haftacha ishlaganimdan so‘ng bir kishi somsa sotib olishga keldi va hisob-kitobga ustaligimni ko‘rib o‘z kompaniyasiga ishga taklif qildi.

Bu avtosalon edi, u yerdagi ishim davomida ko‘plab biznesmenlarni ko‘rdim va bu mening o‘z biznesimni boshlashim uchun g‘oyalar olishimga yordam berdi.

O‘quv markazining ochilishi

Bu orada karantin yumshatildi va men bir o‘quv markazining bitta xonasini ijaraga olib, dasturlash bo‘yicha dars berishni boshladim.

Boshida juda qiyin bo‘lgan, ish boshlaganim uchun e’lon berishga ham pulim yo‘q edi. O‘shanda Telegram-kanali bor bir yigit “Qiz bola ekansiz, qiz bola dasturchilar kam”, deb reklamamni bepul chiqarib bergan. Shundan so‘ng o‘quvchilar to‘plandi va dars o‘tishni boshladim.

Dastlab, 4 mln so‘m, so‘ng 10 mln, 14 mln so‘mgacha daromad topdim.

Samarqandga qaytish

Lekin bu orada Samarqandga, o‘z viloyatimga qaytdim. O‘qishimni Samarqand davlat universitetida davom ettiryapman. O‘tgan yilidan boshlab Samarqandda o‘quv markazi ochish uchun harakat qildim va hozir 2 ta filialga ega o‘quv markazi egasiman. Xodimlarimiz 10 mln so‘mgacha maosh olishyapti.

Investitsiya va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda biznes loyiham g‘olib bo‘lib, 100 ming dollarlik investitsiyaga ega bo‘ldim, hozir bu mablag‘ bilan biznesimni kengaytirish haqida rejalashtiryapman.

Menga uydagi oxirgi sigirni sotib kompyuter olib bergan dadamning holati doim esimda turadi. Dadamga o‘zi xohlaganday avtomobil sovg‘a qildim, endi oilamni Samarqand shahriga ko‘chirib kelish harakatidaman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Agar siz intiluvchan qizlarni tanisangiz yoki siz ham shundaylardan biri bo‘lsangiz, Telegram'da @Mikrofonqizlarda_bot orqali biz bilan bog‘laning. Dasturchi, sotuvchi, hunarmand, bukbloger, talaba – xullas, qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bo‘lishidan qat’i nazar, mikrofonni qizlarga berishga tayyormiz.

Ko‘proq yangiliklar: