Madlen Olbrayt vafot etdi 

Jahon 09:11 / 24.03.2022 19087

Davlat departamenti vakili jurnalistlarga Olbrayt xonim saratondan vafot etganini ma’lum qilgan.

«Uning bu binoga ta’siri har kuni seziladi. U davlat kotibi lavozimida ishlagan ilk ayol bo‘lgandi va tom ma’noda xodimlarimizning katta qismi uchun eshiklarni ochib bergandi», degan Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

Madlen Olbrayt marosiga hurmat bildirganlar qatorida NATOning hozirgi bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham bor, u Olbrayt erkinlik uchun kurashda harakatlantiruvchi kuch va NATOning katta tarafdori bo‘lganini e’tirof etgan.

O‘z navbatida AQShning sobiq prezidentlaridan biri kichik Jorj Bush Olbrayt bugungi dunyoda jamoat erkinliklari qanday muhim rol o‘ynashini o‘z tajribasidan bilganini qayd etgan.

«Biz insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilishiga jim qarab tura olmaymiz»

Madlen Olbrayt 1937 yilda Chexoslovakiyada diplomat oilasida dunyoga kelgan, tug‘ilganida unga Mariya Yana Korbelova deb ism qo‘yilgan. U 11 yoshida, Ikkinchi jahon urushidan biroz keyinroq, 1949 yilda uning oilasi AQShdan siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgan, 1957 yilda esa Madlen Amerika fuqaroligini olgan.

Madlen Olbrayt siyosiy faoliyatini Demokratik partiya faoli sifatida boshlagan. 1978 yilda u Oq uyda, prezident Jimmi Karter ma’muriyatida ishlay boshlagan, uning boshchiligidagi Milliy xavfsizlik kengashiga a’zo bo‘lgan. Keyinroq bir necha prezidentlikka va vitse-prezidentlikka nomzodlarning xalqaro siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlagan.

1993 yilda Bill Klintonning inauguratsiyasidan keyin Olbrayt AQShning BMTdagi doimiy vakili sifatida o‘zining ilk diplomatik mansabini qo‘lga kiritgan.

Keyinroq u BMT bosh kotibi, Ruandadagi mash’um genotsid bo‘yicha qaroridan qaytgan Butros Butros-Galini keskin tanqid qilishi bilan tilga tushgan.

1997 yilda Oq uydagi raqiblarining keskin qarshilik ko‘rsatishiga qaramay Olbrayt AQSh Davlat kotibi lavozimiga tayinlanadi.

Olbrayt qattiq tashqi siyosiy kursga amal qilgan, xususan, 1990-yillarning oxiridagi Bolqon inqirozini hal qilish uchun kuch ishlatish zarur deb hisoblagan.

Foto: REUTERS

U Klinton ma’muriyati Kosovadagi qurolli nizoga aralashishi va Slobodan Miloshevich tomonidan o‘tkazilayotgan etnik tozalashlarni to‘xtatishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi.

Ko‘plar NATO aviatsiyasi Serbiyani bombardimon qilishida shaxsan aybdor deb hisoblaydi va hatto buni norasmiy ravishda «Olbrayt urushi» deb atashadi.

«Men [Bolqondagi harbiy operatsiya uchun] barcha mas’uliyatni zimmamga olaman. Chunki biz Miloshevich qilishni rejalashtirgan ishlar amalga oshirilishiga qo‘l qovushtirib qarab tura olmasdik. Biz insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilayotganiga jim qarab tura olmasdik», degandi u.

2001 yilda xizmatni tark etgach, Olbrayt Xalqaro munosabatlar milliy demokratik instituti direktorlar kengashi rahbari sifatida ishlagan.

2012 yilda Barak Obama sobiq davlat kotibini Bolqonda tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlari uchun Amerika fuqarolariga beriladigan eng yuksak mukofot, Prezident Ozodlik medali bilan taqdirlaydi.

2015 yilda Olbrayt BBC bilan suhbatda siyosiy hokimiyatda ayollarning bo‘lishi jamiyatdagi barqarorlikka olib kelishi borasidagi fikrlarini aytib o‘tgandi.

Yaqinda, fevral oyida, Ukrainadagi urush boshlanishidan oldinroq, Madlen Olbrayt New York Times gazetasida Vladimir Putinni qattiq tanqid qilib chiqib, o‘zi haqida yana bir bor eslatgandi. U Rossiya rahbari bilan u endigina hokimiyatga kelgan 2000 yilda ilk bor uchrashgandi.

«Ukraina qo‘shnisi kim ekanidan qat’i nazar suverenitetga haqli. Bizning davrimizda buni barcha katta davlatlar tan olgan, shunday ekan, siz, janob Putin, buni tan olishingiz kerak», deya yozgandi o‘shanda u.

Ko‘proq yangiliklar: