Orol dengizining suvi qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etiladi

O‘zbekiston 07:38 / 22.01.2022 11120

Vazirlar Mahkamasining “Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” - himoya o‘rmonzorlarini barpo etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan (prezidentning PQ-4850-son qarori).

Quyidagilar tasdiqlandi: 2022-2026 yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” - himoya o‘rmonzorlarini barpo etish hajmlari; 2022-2026 yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish uchun cho‘l o‘simliklari urug‘larini tayyorlash hajmlari.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari hokimliklariga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda DSQ huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida o‘rmonzorlar barpo etiladigan maydonlarni xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Bunda har yili 10 dekabrga qadar “yashil qoplamalar” barpo etiladigan maydonlar ilmiy jihatdan asoslangan takliflarga muvofiq hududlar bo‘yicha aniqlanadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi “yashil qoplamalar” o‘z muddatida barpo etilishi bo‘yicha doimiy monitoring yuritadi. Orol dengizining qurigan tubidagi tuproq tarkibini inobatga olib cho‘l va sho‘r tuproqqa moslashgan o‘simlik turlari, shu jumladan, qumli yerlarda cherkez hamda sho‘r hududlarda tamariks va atripleks (lebeda) o‘simliklari ekiladi.

Quyidagilar “yashil qoplamalar” barpo etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi: Qoraqalpog‘iston respublika budjetining, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari mahalliy budjetlarining prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismi hisobiga ajratiladigan mablag‘lar; yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari; qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Ko‘proq yangiliklar: