Ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi

O‘zbekiston 07:41 / 22.01.2022 2890

Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish ma’muriy reglamenti bilan to‘ldiriladi.

Ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ko‘p yillik dov-daraxtlarning turlari, soni va ular egallagan maydon to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga kiritish orqali amalga oshiriladi.

Ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu ko‘p yillik dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi.

Ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

  • xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining qarori yoxud Vazirlar Mahkamasining yer uchastkalarini ularda joylashgan ko‘p yillik dov-daraxtlar bilan birga jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori;
  • ko‘p yillik dov-daraxtlarni oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, ko‘p yillik dov-daraxtlarni renta to‘lash sharti bilan boshqa shaxsga o‘tishi nazarda tutilgan, notarial tasdiqlangan shartnomalar;
  • ko‘p yillik dov-daraxtlarni yo‘q qilish to‘g‘risida mulkdorning qarori;
  • ko‘p yillik dov-daraxtlarning tabiiy ofatlar natijasida barham topganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • sud qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud undiruvchi va qarzdor o‘rtasida ko‘p yillik dov-daraxtlarni berish to‘g‘risida davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma.
Ko‘proq yangiliklar: