«Inson qadri bu – gaz, «svet», suv va asfalt yo‘l bo‘lishi» – prezident faoliyatiga oid navbatdagi ko‘rsatuv efirga uzatildi

O‘zbekiston 23:15 / 22.01.2022 37116

Hokimlar tadbirkorlikka qarshilik qilmasligi kerak

Ko‘rsatuv davomida Shavkat Mirziyoyevning videoselektor yig‘ilishida hokimlarga qarata aytgan gaplari ko‘rsatildi. Unda prezident 3 oydan ortiq bo‘sh turgan ijaraga berilishi yoki sotuvga qo‘yilishi kerakligini ta’kidladi. Prezidentning aytishicha, bunday ishga qarshilik qilgan hokimlar tadbirkorlikka xalaqit bergan bo‘ladi.

Inson qadri bu...

Prezident saylovoldi dasturidagi asosiy shior bo‘lgan inson qadri haqida yana gapirdi. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, kommunal sharoitlarning yaxshilanishi inson qadri demak: «Inson qadri bu – gaz, «svet», suv, asfalt yo‘l bo‘lishi. Bu narsalar bo‘lsa, odamlar rozi bo‘lishini ham ko‘rdik-ku», dedi davlat yetakchisi.

To‘qayev e’tirofi va Kun.uz ko‘targan muammo

Ko‘rsatuv davomida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning O‘zbekiston haqida aytgan gaplari ham keltirildi. «Biz eplab 3-4 ta neft-kimyo zavodi qura olmadik. Masalan, qo‘shni O‘zbekiston noldan 2-3 ta zavod qurdi», degan To‘qayevning so‘zlari qo‘shni davlat rahbarining e’tirofi o‘laroq tilga olindi.

Muallif Xayrulla Nuriddinov Kun.uz e’lon qilgan tanqidiy materialni ham «Menimcha» ko‘rsatuviga olib chiqdi. 15 yanvar kuni kechasi Andijon viloyat perinatal markazi hududidagi 12 tup noyob qarag‘ay kesib tashlangani ilk marta Kun.uz’da e’lon qilingandi. Muallif bu muammo haqida gapirar ekan «farosatli va insofli ijrochiga» ko‘p narsa bog‘liq ekanini aytdi.

Mashinada yurmaydigan boyvachchalar

Ko‘rsatuv davomida prezident transport vaziri Ilhom Mahkamovning jamoat transporti haqidagi taqdimotini tanqid qilgani aks etgan video ham ko‘rsatildi. «Menga umumiy gap emas, aniq reja kerak. Ko‘rsatgan taqdimotingda birorta raqam yo‘q, faqat taklif, tavsiya. Bunaqa bo‘lmaydi axir, sen mening vakilimsan.

400 ta elektro avtobuslar olib kelamiz deyildi, qachon keladi? Ko‘proq mahalliydan olish kerak. Kimda qanday taklif bor [beringlar]. Birortasi shaharni bilmaydi, hammasining mashinasi bor, boyvachchalar. Men ham avtobusga chiqay, xodimlarimning dunyoqarashi o‘sibdi, dey.

Har bir tuman bo‘yicha ishlash kerak. Chunki O‘zbekiston faqat Toshkentdan iborat emas. Kuchingiz yetmasa, o‘zim tuman hokimlarini chaqirib ishlay», dedi prezident vazirga qarata.

Davlat telekanalida davlat mulozimi tanqid qilindi

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev OAV vakillari ishtirokidagi matbuot anjumanida jurnalist qizni xalq nomidan gapirishga haqqi yo‘q deb jyerkib tashlagani uchun uni tanqid qilmagan odam qolmadi. Buning qarangki, davlat odami bo‘lmish Qudbiyevni davlat telekanalida ham tanqid qilishdi. Xayrulla Nuriddinov Soliq qo‘mitasi raisi anjumanda «qovun tushirganini» aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: