Yangi stipendiya, olimpiada va imtiyoz - Prezident “Zakovat”ga oid qaror imzoladi

O‘zbekiston 00:10 / 21.01.2022 8817

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi.

Qarorga asosan, 2022/23 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasi joriy etiladi.

2022 yildan boshlab, bosqichma-bosqich maktablar, Prezident ta’lim muassasalari, kollej, litsey, texnikum va oliygohlarda “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Hududlardagi Yoshlar markazlarida intellektual o‘yinlar jamoalari uchun alohida xonalar tashkil etiladi.

Shu yildan e’tiboran har yili talabalar o‘rtasida Intellektual olimpiada tashkil qilinadi. Unda umumjamoa hisobida dastlabki 3ta o‘rinni qo‘lga kiritgan OTMga prezident sovg‘asi topshiriladi.

Intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari, OTM talabalari ta’limning keyingi bosqichiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

Ta’lim muassasalaridagi “Zakovat” klublarining koordinatori bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama to‘lanadi.

2022/23 o‘quv yilidan boshlab har yili aprel oyida Intellektual haftalik o‘tkaziladi.

Yoshlarga motivatsiya berish maqsadida mashhur olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar tashkil etib boriladi.

“Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarining hududiy va respublika bosqichi g‘oliblarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar zaxirasiga olish va rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida mavsumiy ishlaydigan “Intellektual maktab” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududda “Zakovat” klubi uchun alohida bino hamda Intellektual o‘yinlar shaharchasi barpo etiladi. Bu binolar Yoshlar ishlari agentligi balansida bo‘ladi.

Intellektual turnirlar tashkil qilish, bilimdon yoshlarni rag‘batlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil o‘yinlarni yaratgan dasturchilarga grant va subsidiyalar ajratiladi. Buning uchun 2022 yilda 50 mlrd so‘m miqdorida, keyingi yillarda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: