Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasi oshiriladi

O‘zbekiston 07:51 / 21.01.2022 1882

Ma’muriy reglamentga ko‘ra, malaka oshirishga talabgor bo‘lgan veterinariya xizmati mutaxassislari davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.

Qabul qilingan arizalar ko‘rib chiqish uchun Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga darhol yuboriladi.

Malaka oshirish markazi ariza belgilangan talablarga mosligini 3 kun muddatda ko‘rib chiqadi va malaka oshirishga qabul qilish uchun shartnoma tuzish yoki rad etish to‘g‘risida talabgorga SMS xabar yuboradi.

Shundan so‘ng 3 kun muddatda malaka oshirish markazi bilan shartnoma imzolanadi. Shartnoma imzolangach, 5 kun muddatda belgilangan to‘lov talabgorlar tomonidan amalga oshirilishi lozim. To‘lov amalga oshirilmagan taqdirda, ular malaka oshirish kurslariga qabul qilinmaydi.

To‘lovni amalga oshirgan talabgorlar sonidan kelib chiqib, o‘quv kurslari kontingenti shakllantiriladi va o‘qish boshlanadigan muddat to‘g‘risida 1 kun ichida talabgorlar xabardor qilinadi. 

Davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun BHMning 20 foizi (54 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. YaIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu miqdor 48 600 so‘mni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: