Takror ekspress-test: maqsad nima?

O‘zbekiston 14:13 / 21.01.2022 15839

Koronavirusning “omikron” shtammi O‘zbekistonda aniqlanganidan keyin Respublika maxsus komissiyasi 15 yanvardan mamlakatga kirish cheklovlarini kuchaytirdi.

Yo‘lovchilar O‘zbekistonga kirishidan kamida 48 soat oldin (avval 72 soat edi) topshirilgan PZR testining manfiy natijasidan tashqari, virusni aniqlash uchun ekspress-test ham topshirishlari majburiy bo‘ldi. Test narxi qonunga zid ravishda xorij valutasida – 5 dollar deb belgilandi.

Natijada mamlakatdagi xalqaro aeroportlarda tiqilinchlar va noroziliklar yuzaga keldi, ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. 5 dollar narxni kim, qaysi asos bilan belgilagani haqida lom-mim deyilgani yo‘q.

Dunyoda koronavirusni aniqlashning oltin usuli deb e’tirof etilayotgan PZR testdan o‘tgan yo‘lovchi takror test topshirishiga ehtiyoj bormi?

PZR va ekspress-testning farqi

Takroran test topshirtirishni xavfsizlik yuzasidan deb atayotgan Maxsus komissiya, PZR testi natijasiga ishonmaydimi yoki virus PZR test topshirilgandan keyin yuqishi mumkin deb taxmin qilyaptimi?

Xalqaro tadqiqot va nashrlarda PZRga yuqori samaradorlikda koronavirusni aniqlaydi deya ta’rif berilgan. PZR testi teskari transkripsiyali polimeraz zanjir reaksiyasi yo‘li orqali burun va burun-halqum bo‘shlig‘idan olingan namunadan koronavirusni aniqlaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu testni laboratoriya sharoitida koronavirus tekshiriladigan eng aniq va ishonchli yo‘l deb e’lon qilgan.

Ekspress-testlar koronavirus yuzasida maxsus oqsillarni aniqlaydi. Bu testlar natijasi 15–45 daqiqada aniq bo‘ladi, biroq tibbiy hamjamiyatda umum tan olingan fakt shuki, ekspress-testlar aniqligi bo‘yicha PZR-testga tenglasha olmaydi.

“Tezkor testlar PZR-ekspress ham deb yuritiladi. Ularning natijasi 15 minutda chiqadi. Testlarning ichida eng aniq natija ko‘rsatadigani PZR hisoblanadi. PZR-ekspress tez aniqlab bergani uchun ham, natijasi PZR kabi aniq bo‘lmasligi mumkin”, – dedi Kun.uz bilan suhbatda vrach-laborant Lola To‘rayeva.

PZR eng ishonchlisi bo‘lsa, nega O‘zbekistonga kirishda ekspress-test topshirish kerak?

SSVning izohlashicha, barcha chegara punktlari orqali O‘zbekistonga 15 yanvar kuni 15041 nafar fuqaro o‘tgan. Ulardan 151 nafarida koronavirusda musbat natija aniqlangan.

“Qo‘lida kasallikdan forig‘ligi haqida ma’lumoti bo‘lgan fuqarolar “nega yana qayta ekspress-test topshirishim kerak?” deb o‘ylashlari tabiiy. Lekin ko‘rib turganingizdek, PZR test topshirgan insonlarda ham virus aniqlanmoqda. Bu esa kasallik yanada “ayyorlashib”, yashirin ko‘rinishga kirib borayotganidan dalolat.

Bunday holatda yurtimizga kirib keluvchi har bir fuqaroni koronavirusga ekspress-antigen test topshirtirib qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir”, – deyilgan vazirlik xabarida.

Ammo biz o‘rgangan xorijiy tadqiqotlarda ekspress-testlarning aynan “omikron”ni aniqlash xususiyati shubhali ekani qayd etilgan.

The New York Times'da e’lon qilingan tadqiqotda aytilishicha, AQSh Oziq-ovqat va dori-darmon agentligi tekshiruviga ko‘ra, tezkor testlar omikronni aniqlay oladi, ammo uni sezmay qolish ehtimoli ham bor. Ekspress antigen testlari koronavirus yuzasida oqsillarni aniqlash uchun mo‘ljallangan. Agar virusdagi mutatsiyalar bu oqsillarning tuzilishini o‘zgartirsa, antigen testlari mutatsiya variantni aniqlay olmasligi mumkin.

Omikronning hozirgacha qariyb 50ta mutatsiyaga uchragan varianti aniqlangan. Tezkor testlar kamroq mutatsiyaga uchragan variantlarni aniqlay olishi mumkin. Bu ma’lumot Harvard tibbiyot maktabi saytida ham tasdiqlangan.

Maxsus komissiya yo‘lovchilar yo‘lda virus yuqtirishidan xavfsirayaptimi?

Yo‘lovchilar yo‘lda virus yuqtirish ehtimolini o‘ylab qayta ekspress-test topshirishni majburiy qilishganmi, degan savol har qanday ehtiyotkor odamda paydo bo‘lishi mumkin. Aynan shuning uchun yana xalqaro tadqiqotlarga murojaat qilib, virus yuqqanidan necha kun o‘tib musbat natija ko‘rsatishini o‘rgandik.

Harvard Medical School'ga ko‘ra, agar bemor virus yuqtirgan kuni hatto PZR topshirganida ham, natija deyarli manfiy chiqadi. Chunki burun va tupukda hali yetarli virus zarralari to‘planmagan bo‘ladi. Kovidga musbat natija chiqishi uchun odam virus yuqtirganiga bir necha kun bo‘lishi kerak.

Qolaversa, dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, antigen testlar “omikron”ni o‘tkazib yuborish ehtimoli ko‘pligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, Tennessi shtatidagi Vanderbilt universiteti tibbiyot fakulteti yuqumli kasalliklar bo‘limining tibbiyot professori Shaffner “omikron” tanaga kirgandan keyin 3 kun o‘tmaguncha, test topshirib uni bilishning iloji yo‘q degan fikrni ilgari surgan.

“Omikron” yuqtirgan odam bilan aloqada bo‘lgan kishi kamida 3 kundan keyin test topshirishi kerak. Chunki virus testda o‘zini oshkor qilishi uchun oradan 72 soat vaqt o‘tishi kerak. Omikronda inkubatsion davr virusning oldingi turlaridan biroz qisqa davom etadi”, – degan olim.

PZR manfiy natijasi bilan O‘zbekistonga kirgan bemorlarning 151 nafarida nega virus aniqlandi?

Nega ba’zan ekspress-testda tanada virus bo‘lmasa ham musbat natija chiqishi haqida yaqinda Kanadada kichik tadqiqot o‘tkazildi. Torontodagi Rotmant boshqaruv universiteti olimlari Kanadadagi 537 ta ish joyida ishlaydigan 900 ming odamdan yanvar–oktyabr oylarida olingan ekspress-test natijalarini o‘rganishgan. Shundan musbat natija chiqargan ekspress-testning 462tasi yoki 0,05 foizi xato-ijobiy natija ko‘rsatgan. Bunga qisman ekspress-testning noto‘g‘ri sharoitda olingani va ishlab chiqarishdagi xatolik sabab bo‘lgan.

Yoki virusdan tuzalgan ayrim odamlarda tahlillar musbat natija berishi mumkin. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, tibbiyot fanlari doktori Ra’no Qosimovaga ko‘ra, bunga sabab insonda virusning qoldiqlari juda kam miqdorda qolgan bo‘ladi. Ya’ni bu paytda bemorning burni va halqumida koronavirus kam miqdorda bo‘lib, odamlarga yuqmaydi.

Ya’ni SSV aytayotgan 151 kishining hammasida ham kovidga pozitiv natija to‘g‘ri va xavfli bo‘lmasligi mumkin.

AQShga kirishda to‘liq emlanish va testning manfiy natijasi bo‘lishi kifoya

Pandemiya davrida xorij fuqarolarni mamlakatga kiritish tartibi bo‘yicha AQSh tajribasini ham ko‘zdan kechirishni lozim topdik. Bayden ma’muriyati e’lon qilgan xalqaro parvoz siyosatiga ko‘ra, 2021 yilning 8 noyabridan AQShga uchib keladigan sayohatchilar to‘liq emlangan bo‘lishi va samolyotga chiqishdan oldin vaksina olgani haqidagi hujjatni ko‘rsatishi shart qilib qo‘yilgan. 6 dekabrdan boshlab, AQSh reysiga chiqishdan oldin, fuqaroligi yoki emlash holatidan qat’i nazar, ikki yoshdan oshgan samolyot yo‘lovchilari 1 kalendar kunida kovidga testning salbiy natijasini tasdiqlovchi hujjatlarni aviakompaniyaga ko‘rsatishlari kerak.

Agar sayohatchi AQShga jo‘nashidan oldin 90 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda koviddan tuzalib chiqqan bo‘lsa, kovidga davolangani haqidagi hujjatning o‘zi yetadi.

AQSh Sayohat departamenti mamlakatga kirish bo‘yicha AQSh Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi (CDC) ko‘rsatmalaridan foydalanadi. Tashkilot sahifasida AQShga kelgandan keyin 3-5 kun ichida virusga test topshirish tavsiya qilingan. AQSh Sayohat departamenti sahifasida esa AQShga qo‘ngandan keyin, aeroportda test topshirish bo‘yicha bandni uchratmaysiz.

Yevropa hududiga kirishda qanday talablar qo‘yilyapti?

Buyuk Britaniyaga kirishda to‘liq emlanganlar va 18 yoshgacha bo‘lganlarning 2 kun oldin test topshirishlari bekor qilingan. Ammo mamlakatga kirgandan keyin 48 soat ichida 5 va undan katta yoshlilar virusga test topshirishi shart. Agar ularda tezkor test musbat natija chiqqan bo‘lsa, o‘zini izolyatsiya qilib, PZR ham topshirishi kerak.

Vaksina olmaganlar Buyuk Britaniyaga kelishidan oldin 48 soat ichida manfiy natijali test natijasi bilan kirishi kerak. To‘liq vaksinalanmaganlar Britaniyaga kelgandan keyin 10 kun karantinda o‘tirishi va karantinning 2- va 8-kunlarida PZR topshirishi talab qilinadi.

Germaniyaga kirishda ham vaksina guvohnomasi va kovidga manfiy test talab qilinadi. Faqat 10 kun ichida xavfli hududlardan Germaniyaga kiruvchi sayohatchilardan ham PZR-testning manfiy natijasi, ham Germaniya aeroportiga kelganidan keyin qo‘shimcha PZR-test topshirish kerak.

To‘rtta xulosa

Birinchidan, PZR – hech qanday bahssiz mutlaq tan olingan usul, ilmiy tadqiqotlar ekspress-test “omikron” shtammini sezmay qolishi ehtimoli ko‘proqligini ko‘rsatmoqda.

Ikkinchidan, qo‘lida 48 soatlik PZR manfiy natijasi bor yo‘lovchi, shu 48 soat oralig‘ida virus yuqtirgan bo‘lsa ham, undan hatto PZR topshirganda ham kovidga musbat natija chiqishi qiyin. Chunki virus bunchalik qisqa vaqtda o‘zini oshkor qilmaydi.

Uchinchidan, SSV aytganidek yo‘lovchilarning 1 foizida koronavirus aniqlangani bu ularni kasal deb hisoblashga asos bo‘la olmaydi, chunki hech qaysi test 100 foiz aniq natija bermaydi. Testlarda bir necha foizgacha xato natija chiqishi norma hisoblanadi.

To‘rtinchidan, hatto kuniga millionlab odamda koronavirus aniqlanayotgan AQShda ham va boshqa ko‘plab rivojlangan davlatlarda bunaqa talab yo‘q, ya’ni bu tartibni “jahon tajribasi shunaqa” deb izohlash – bahsli masala.

Qolaversa, Kun.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili prezident rahbarligidagi yig‘ilishlardan birida mutaxassislar ekspress-test koronavirusni aniqlashda samarasiz degan to‘xtamga kelgani aytilgan, shu bois bosh vazir – Maxsus komissiya raisi Abdulla Aripov ekspress-test olishga barham berish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Shunday ekan, nega chegarada pul va vaqtni isrof qilib, yo‘lovchilar takror test topshirishga majburlanyapti? Afsuski, yuqoridagi asoslar ko‘pchilikdagi xunuk gumonlarni tasdiqlab turgandek.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: