«Radiosiz mashinalar 100 foiz texnik soz hisoblanadi» – «UzAuto Motors» Kun.uz'da chiqqan «Cobalt» haqidagi maqolaga munosabat bildirdi

O‘zbekiston 16:45 / 21.01.2022 28625

Kun.uz'da ushbu holat haqida Shuhrat Shokirjonov muallifligidagi «UzAuto Motors»ga savol: Avtomagnitolasiz «Cobalt»ni texnik soz deb atash mumkinmi?» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Kompaniya ushbu maqolaga munosabat bildirdi. Munosabatda maqolada ilgari surilgan savollarga javob berilgan. Shuningdek, «UzAuto Motors» Kun.uz kompaniya faoliyatiga befarq bo‘lmagani va muallif «Cobalt» mashinasi ishqibozi ekanini ham e’tirof etgan.

«Kompaniya tomonidan qilingan murojaatdan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda «Chevrolet Cobalt» va «Lacetti» avtomobillarining avtomagnitolasiz yetkazib berilishi yuzasidan turli tushunmovchiliklar kuzatilmoqda. Shunday murojaatlardan biri Kun.uz saytida «UzAuto Motors»ga savol: Avtomagnitolasiz «Cobalt»ni texnik soz deb atash mumkinmi?» sarlavhasi ostida e’lon qilindi.

Hurmatli Kun.uz jamoasi, avvalo kompaniyaga bo‘lgan e’tiboringiz uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Muallif Shuhrat Shokirjonov «UzAuto Motors» tomonidan ishlab chiqariladigan «Cobalt» avtomobilining ishqibozi ekanligidan xursandmiz. Shundan ham ushbu avtomobil modeli haqida barcha ma’lumotlarni yaxshi bilishini tushunish mumkin.

Murojaat muallifi o‘zining maqolasida bir nechta savollarni qo‘ygan. Xabar e’lon qilingan kunning o‘zidayoq kompaniya tegishli mutaxassislari tomonidan izohlar tayyorlandi.

1) «Cobalt» magnitolasiz qanday ishlatiladi? Avtomagnitolasiz mashinalarda burilish va avariyaviy chiroqlarning ovozini salonga nima chiqarib beradi? Yoki silent rejimga ko‘nikishi kerakmi sho‘rlik haydovchilar? Bundan tashqari, avtomagnitola zimmasiga yuklangan, mashinaning ko‘plab sozlamalarini boshqarish funksiyasi nima bo‘ladi?

Javob: Magnitolasiz modifikatsiyalarda radio orqali boshqariladigan va axborot beruvchi qurilmalar hisobga olingan. Ya’ni harorat va soat ma’lumotlari tezlik pribor panelida, mashina avariya holatidagi yoki burilish chiroqlarining ovozlari haydovchiga alohida ovoz karnaylari orqali yetkazib beriladi. Avtomobillarda ogohlantiruvchi ovozlar va magnitola ovozi alohida-alohida mustaqil tizim qilib ishlab chiqarilgan. Avtomobil pulti avtomagnitolasiz avtomobilda ham to‘liq ishlaydi. Agar qo‘shimcha masofadan boshqariladigan funksiyaga ega bo‘lgan pultlar o‘rnatilsa, hech qanday muammosiz integratsiya qilinib, to‘liq ishlash imkoniyatiga ega.

«UzAuto Motors» ogohlantiruvchi va burilish chiroqlari ovozlari «Tex. Reglament»ning majburiy talablari ekanligini hisobga olib, uni talabga zid ravishda ishlab chiqarmaydi. Barcha majburiy ovozli signallar to‘liq ishlaydi.

2) Axir, bozordan sotib olinadigan boshqa avtomagnitola bu vazifani bajara olmasligi kundek ravshan. Surishtirdim, «Cobalt»ga boshqa avtomagnitola yoki monitor o‘rnatganlarni aynan shu muammo qiynamoqda. Yoki o‘sha 2013-yillarda avtomagnitolasiz avtomashinalarda qo‘llangan texnik yechimlar yana qo‘llanadimi? Ya’ni chiroq ovozi pribor panelga ko‘chiriladimi? Yoki o‘sha Rossiyaga eksport qilingan «Yevro-1 prostoy» «Cobalt»larda ishlatilgan pribor panellar yana qo‘llanadimi? 

Javob: «UzAuto Motors» taklif etayotgan avtomagnitolasiz avtomobilda xaridorlar tomonidan boshqa avtomagnitola o‘rnatilishi inobatga olinib, boshqa magnitola o‘rnatilgan taqdirda ham majburiy funksiyalarning ishlashi saqlanib qolinadi. Avtomobilning ko‘plab sozlamalari majburiy emasligini hisobga olib, tashqi temperatura, soat va ogohlantiruvchi chiroqlar ishlagandagi ovozlarining ishlashi va sozlash funksiyalari avtomobilning priborlar panelida saqlanib qoladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, radiodagi majburiy funksiyalar tezlik pribor paneliga ko‘chirilib ishlab chiqariladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, hozirda ichki bozor uchun ishlab chiqariladigan avtomagnitolasiz «Cobalt» tashqi bozor uchun mo‘ljallangan avtomobillar bilan bir xil funksiyaga ega bo‘ladi.

3)  Magnitolasiz avtomobillarga magnitola o‘rnatish-chi, kafolatni saqlab qoladimi?

Javob: Xabar berilganidek, bozordan o‘zingizga yoqqan xohlagan turdagi avtomagnitolani «UzAuto Motors» rasmiy dilerlarida o‘rnatish bilan avtomobilga berilgan kafolatni yo‘qotmaysiz. Yodda tuting, rasmiy dilerda magnitolani o‘rnatgandan so‘ng, avtomobil servis kitobchasiga muhrlatishni unutmang.

4) Xo‘p, hech qanday chora ko‘rilmasdan mashinalar sotuvga chiqarilar ekan, bunday avtomobillarni texnik soz deb bo‘ladimi?!

Javob: Tahlilchi kompaniyalar fikriga ko‘ra, mikrochiplar va logistika bilan bog‘liq muammolar 2023 yilgacha davom etishi, hattoki vaziyat yanada murakkablashishi mumkin. «UzAuto Motors» AJ esa dunyoda sodir bo‘layotgan global muammolar yechimiga yoki uni yengillashtirish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega emas. Ushbu jarayonlarda GM ko‘magida vaziyatni barqarorlashtirish uchun choralar ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, boshqa alternativ ta’minotchilar ham o‘rganib chiqilmoqda. Avtomobillarning yetkazib berish muddati uzayishi, konveyerlarning to‘xtab qolishi hamda ishchi o‘rinlar soni qisqarishining oldini olish uchun xaridorlarning roziligiga ko‘ra avtomobilni keyinchalik qayta jihozlash bilan yoki boshqa magnitolani kompaniya rasmiy dilerlarida o‘rnatish bilan magnitolasiz olishni taklif qildi.

Avtomobillarda radio qurilma asosiy funksional butlovchi qism turiga kirmaganligi uchun radiosiz turi 100 foiz texnik soz deb hisoblanadi. Burilish chiroqlari va ogohlantiruvchi signallar to‘liq ishlashiga «UzAuto Motors» kafolat beradi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, «UzAuto Motors» tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 apreldagi №237-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Transport vositalari xavfsizligi to‘g‘risida»gi umumiy Texnik reglament talablariga to‘liq javob beradi hamda ushbu texnik reglamentga doimiy muvofiqlikni ta’minlashni kafolatlaydi. Uzstandart agentligi xamda xalqaro sertifikatlashtirish organlari (IDIADA, RDW) tomonidan doimiy tekshiruvlardan o‘tib boradi.

Shuningdek, iste’molchilarga tushunarli bo‘lgan yo‘riqnoma videorolik tarzida kompaniya rasmiy sahifalarida taqdim etiladi», deyilgan kompaniya bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: