“Mas’ullar bu yilgi soliq siyosatiga tuzatishlar kiritishga va’da berdi” - Yuliy Yusupov

O‘zbekiston 16:23 / 21.01.2022 10987

Savdo-sanoat palatasida Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi mutasaddilari hamda biznes vakillari va tadbirkorlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Facebook'dagi sahifasida ma’lum qilgan iqtisodchi Yuliy Yusupovga ko‘ra, uchrashuvda mas’ullar soliq siyosatiga tuzatishlar kiritilishi mumkinligini aytgan.

“Hozirgina Savdo-sanoat palatasida Moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi vakillari, tadbirkorlar, ekspertlar ishtirokida soliq ma’murchiligi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv hayratlanarli darajada konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.

Moliya tizimidagi amaldorlar ba’zi da’volarga rozi bo‘lishdi, ba’zilarini o‘ylab ko‘rishga va’da berishdi va ba’zilariga tushuntirish berishdi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov kelgusi haftada (hatto dushanba kuni) bu yilgi soliq siyosatiga tuzatishlar kiritishga va’da berdi. Biz buni intiqlik bilan kutamiz. Ushbu tadbirni tashkil qilgan SSP va uning raisi Adham Ilhomovichga katta rahmat”, – deb yozdi iqtisodchi.

Kun.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, bugun, 21 yanvar kuni Savdo-sanoat palatasida yuridik shaxslarni soliqqa tortish tartibiga, soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarni tushuntirish to‘g‘risida seminar tashkil etilgan.

Unda palata raisi Adham Ikromov, DSQ va MV mutasaddilari, tadbirkorlar va ekspertlar ishtirok etgan.

Seminarda mol-mulk solig‘iga kiritilgan o‘zgartirishlar (1 kv.m. uchun belgilangan minimal qiymatlar), E-Aktiv avtomatlashtirilgan axborot tizimi (E-Ombor, virtual ombor), mahsulot va xizmatlarning identifikatsiya kodi (MXIK), “Tahlil-tahlika” dasturida kompaniya xavf chizig‘iga tushib qolishi, ofisning mavjudligi va hajmiga qo‘yiladigan talablar, xodimlarning maksimal soni, soliq huquqbuzarliklari xavfini tahlil qilish tizimi va uni QQS to‘lovchi guvohnomasini ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilish yoki rad etish uchun qo‘llash amaliyoti kabi mavzular muhokama qilingan.

Avvalroq, soliq ma’murchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan DSQ raisi Sherzod Qudbiyev OAV bilan uchrashgan edi.

Matbuot anjumani yuzasidan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga intervyu berib, “hammasi ham Qudbiyev aytgandek emas”ligini ta’kidladi, uchrashuvda bildirilgan fikrlarga o‘z e’tirozlarini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: