Aholi suv iste’moli me’yorlari soddalashtirildi

O‘zbekiston 15:18 / 21.01.2022 9024

Hozirgi kunga qadar iste’molchilar ichimlik va oqova suv xizmatlaridan foydalanishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qariyb 200 turdan ortiq tasdiqlangan iste’mol me’yorlari mavjud edi.

Iste’molchilar ichimlik va oqova suv xizmatlaridan foydalanishda soddalashtirilgan va shaffof hisoblash tizimini joriy etish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 yanvar kuni qarori qabul qilinib, unga asosan, mavjud qoidalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, me’yorlar to‘liq optimallashtirilishi ta’minlandi.

Qarorga binoan, aholi tomonidan avtotransport vositalari, yirik qoramol, ot, qo‘y-echki va parrandalar uchun avval hisoblanayotgan iste’mol me’yorlari to‘liq hisobdan chiqarib tashlandi.

Natijada, joriy yilning 1 fevral kunidan boshlab respublika barcha hududlarida suv hisoblagichsiz ichimlik suvidan foydalanuvchi aholi iste’molchilariga 4 turdagi quyidagi iste’mol me’yorlari qo‘llanadi.

Xususan:

  • ichimlik suvini ko‘cha kolonkasidan tashib ichuvchilar uchun kishi boshiga kunlik 50 litr;
  • ichimlik suv tarmog‘iga ulangan, suv berish jadvali asosida suv beriladigan xonadonlar uchun kishi boshiga kunlik 200 litr;
  • ichimlik suvi tarmog‘iga ulangan xonadonlar uchun kishi boshiga kunlik – 350 litr;
  • suv sepish va sug‘orish maydonining har 1 metr kvadrati uchun kunlik 15 litr etib belgilandi.

Shuningdek, suv hisoblagichsiz ichimlik suvidan foydalanuvchi iste’molchilarda hovuz (basseyn), mikroiqlim yoki favvora mavjud bo‘lganda, ichimlik suv iste’moli hajmi ichimlik suv quvurining suv o‘tkazish quvvati bo‘yicha hisoblanishi ma’lum qilinmoqda.

“Bu kabi holatlarda iste’molchilarga ichimlik suvidan hisoblagichlar orqali foydalanish tavsiya etiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, suv hisoblagichidan foydalanish ichimlik suvi xarajatlarini kamida 2 barobardan 20 barobargacha qisqartirishi mumkin”, deyiladi “O‘zsuvta’minot” xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: