Rasman: Talabalar ham onlayn o‘qiydi

O‘zbekiston 22:02 / 20.01.2022 92386

Xalq ta’limi vazirligi ortidan Oliy ta’lim vazirligi ham 24 yanvar kunidan ta’lim muassasalarida o‘qishlar masofadan olib borilishi haqida rasman ma’lum qildi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining taklifiga asosan koronavirus infeksiyasining yangi shtammi bolalar va yoshlar o‘rtasida tarqalishi yuqoriligini e’tiborga olgan holda barcha oliy (davlat, nodavlat, xususiy hamda xorijiy filiallar) va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylarda (barcha ta’lim shakllari va turlari bo‘yicha) joriy yilning 24 yanvaridan boshlab, bir oy muddat davomida ta’lim olish tizimi masofaviy (onlayn) shaklda olib boriladi.

Bunda tajribadan kelib chiqqan holda onlayn ta’lim jarayoni sifatli tarzda tashkil etilib, barcha zarur resurslar safarbar etiladi», deyiladi vazirlik xabarida. 

Qo‘shimcha qilinishicha, temir yo‘l chiptalari uchun 50 foiz chegirmalar saqlab qolinadi va 24 fevralga qadar avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda boshqa muddatga almashtirib beriladi.

Mazkur masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida vazirlikda Maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, 21 yanvar soat 9:30 dan barcha tashkiliy masalalar yuzasidan quyidagi ishonch telefonlariga (10-06, 71-246-97-45, 71-246-28-63) murojaat qilish mumkin.

«Shu o‘rinda bugungi murakkab vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘li bu vaksinatsiya, shu bois sizlardan o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini himoya qilish uchun vaksinatsiya jarayonlarida faol qatnashishingizni so‘rab qolamiz.

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, sizdan yo‘l chiptalarini almashtirishni bir oylik muddat davomida qaytish sanasi aniq bo‘lgandan keyin shoshmasdan amalga oshirishingizni so‘raymiz!» deya qayd etilgan xabarda.

Bundan oldinroq Xalq ta’limi vazirligi 24 yanvardan boshlab maktablar bir oy davomida onlayn shaklda faoliyat olib borishini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: